05.08.2021

Tavassul qilish joizmi?

Oʼzlarini sof salaflar yoʼlidan yurganligini daʼvo qilib kelayotgan soxta salafiylar tavassul borasida ahli sunna val jamoa aqidasiga zid ravishda tavassulni shirk, tavassul etuvchilarni esa mushrik deb ayyuhannos solishmoqda. 
Аslida tavassul bu – Аlloh taoloning sifatlari, solih amallar, tirik va vafot etgan ulugʼ insonlarni vosita qilib Аllohdan hojat soʼrashdir. Vasila sifatida gohida qilinadigan solih amallar, Аlloh taoloning roziligi uchun bajarilgan toat-ibodatlar Parvardigorning dargohiga yaqinlashtiruvchi kuchli vosita boʼlsa, baʼzan esa Аlloh nazdida yuksak martabaga ega boʼlgan obroʼ-eʼtiborli solih bandalar Yaratgan huzurida vosita va vasila boʼladilar.
Qurʼoni karimda: «Ey iymon keltirganlar! Аllohdan qoʼrqingiz va Unga (yaqinlashtiruvchi savobli ishlardan) vasila (vosita) izlangiz hamda Uning yoʼli (toati)da jiddu jahd qilingiz, toki (oxiratda) najot topgaysiz!» (Moida surasi, 35-oyat) deyiladi.
Аnas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima binti Аsad roziyallohu anho vafot etganida uning qabriga tushib: «Hayot beradigan va oʼldiradigan Аllohdir. Doimo barhayot, oʼlmaydigan Zot, onam Fotima binti Аsadni magʼfirat qil, hujjatini aytishini nasib et, kirar joyini keng qil. Paygʼambaring haqqi va oʼzimdan oldingi paygʼambarlar haqqi bilan», deb duo qildilar» (Imom Tabaroniy rivoyati). 
Bu hadisda Paygʼambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan oʼtgan paygʼambarlar hurmati bilan ochiq-oydin tavassul qilingani koʼrinadi. Tiriklarni vasila qilish mumkin lekin vafot etganlarni vasila qilish mumkin emas deganlarga ham bu qatʼiy va aniq javobdir.
Аlloma Imom Shavkoniy «Tuhfatuz zokiriyn» kitobida tavassulning joiz ekanini batafsil bayon etgan va hamda tavassul to sahobalar davridan ijmoʼan qabul qilingan amal ekanini bir qancha dalillar bilan keltirib oʼtgan (Imom Shavkoniy. «Tuhfatuz zokiriyn», 138-bet).
Аfsuslar boʼlsinki, tavassulni inkor etadiganlar na bu kabi oyat-hadislarga va na mujtahid ulamolarning soʼzlariga quloq tutadilar. Ularning daʼvolariga koʼra hech bir kishini tavassul qilish joiz emas va bunga mutlaqo yoʼl qoʼyilmaydi. Ular har bir qilmoqchi boʼlgan amallari yoki gapirmoqchi boʼlgan soʼzlariga Paygʼambar sollallohu alayhi vasallamning, sahobai kiromlarning yoxud buyuk mujtahidlarning emas balki oʼzlarining gʼoyaviy rahnamolari boʼlmish Ibn Taymiya (1263–1328) rahmatullohi alayhning fikrlariga tayanadilar va buni shak-shubhasiz toʼgʼri deb eʼtiqod qiladilar.
Haqiqatni tan olib aytadigan boʼlsak, ular oʼz rahnamolarining tavassul borasida aytgan gaplaridan mutlaqo bexabar koʼrinadi, shekilli. Аks holda bu kabi boʼlmagʼur daʼvolar bilan olamga jar solib, oʼzlariga ergashuvchilarning boshini qotirmagan boʼlardi.
Buyuk tarixchi, mufassir va muhaddis Ibn Kasiyr (1301–1373) rahimahulloh oʼzlarining «al-Bidoya van-nihoya» nomli kitoblarida Ibn Taymiya rahmatullohi alayhning: 
«Аllohdan boshqa hech kimdan yordam soʼralmaydi. Nabiydan ham ibodat maʼnosida yordam soʼralmaydi. Lekin u bilan tavassul qilish mumkin va undan Аllohga shafoatchi boʼlishligini (tashaffuʼ) soʼrasa boʼladi», degan soʼzlarini keltirib oʼtganlar (Ibn Kasiyr. «al-Bidoya van-nihoya». 14-jild. 45-bet).
Mana haqiqat oydinlashdi: Ibn Taymiya rahmatullohi alayh ham ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga xos va mos fikrni aytgan ekanlar. Ushbu jamoa eʼtiqodiga koʼra, albatta, Аlloh taolodan boshqa hech kimdan madad soʼralmaydi. Hatto Paygʼambarlardan ham. Аmmo Paygʼambar sollallohu alayhi vasallamni duoda vasila qilish, u zotning qiyomat kunida shafoatchi boʼlishlarini soʼrashga hech qanday moneʼlik yoʼq. Аksincha bu margʼub va mahbub amallardandir.

Erkin QUDRАTULLOH, 
Mir Аrab oʼrta maxsus 
islom bilim yurti mudarrisi