18.10.2024

ISLOM EZGULIK VA TINCHLIK DINIDIR.

Alloh taolo islom dinini barcha dinlarning xotimasi, payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni eng oxirgi payg`ambar qilib yubordi. Islom dini qiyomatgacha insoniyatni haq yo`lga boshlovchi din bo`lib davom etadi. 
Insoniyat uchun eng mukammal va ularning saodati uchun eng go`zal ko`rsatmalarni o`zida mujassam qilgan bu ilohiy yo`l har bir ahkomida odamlar uchun eng foydali yo`llarni ko`rsatgani shubhasizdir. Bu muqaddas dinning vakillari bo`lmish musulmonlarga xitob qilib Alloh taolo nozil qilgan bir oyatni tafakkur qilib ko`rsak ham yuqorida aytilgan haqiqatlarga amin bo`lamiz. U zot shunday marhamat qiladi:
وَكَذلِكَ جَعَلْناكُمْ أُمَّةً وَسَطاً لِتَكُونُوا شُهَداءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيداً
“Shuningdek, sizlarni odamlar ustidan guvoh bo`lishingiz va Payg`ambar sizlarning ustingizdan guvoh bo`lishi uchun o`rta millat qildik”.  
O’rta millat – mo’tadil, yaxshi va adolatli millat ma’nosida. Chunki har bir ishning o’rtasi yaxshi.
Demak, biz ummatlar va xalqlar orasida eng yaxshisi va eng adolatlisi ekanmiz, tinchlik va xotirjamlik borasida ham eng to`g`ri qoidalarga ega bo`lishimiz kerak. Tinchlik va xotirjamlik insonning hayoti uchun eng muhim omillardan ekanini hisobga olsak, muqaddas Islom dinimizda albatta bu borada juda muhim ko`rsatmalar bor. Dinimizning tinchlik tarafdori ekani, tinch yashash bu muborak dinda eng muhim g`oyalardan biri ekani dinimizning “Islom” deb nomlanishidan ham ma’lum bo`ladi. 
Chunki “Islom” – “salomat qilish”, “tinch-totuv bo’lish va tinch qilish” degan ma’nolarni anglatadi. Qolaversa, Islom dini tinchlikka faqatgina bir tomonlama emas, balki, insonning hayotini qamrab oladigan butun va yaxlit tushuncha sifatida qaraydi. Alloh taolo Baqara surasida:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ
“Ey, iymon keltirganlar! Islomga to`lig`icha kiring. Va shaytonni izidan ergashmang” , - deb marhamat qiladi.
“Islomga to’lig’icha kiring” iborasini ba’zi ulamolarimiz “tinchlik va salomatlik yo’liga to’liq kiring deb tafsir qilishgan. Chunki oyatda bu ibora “silm” so’zi bilan ifodalangan. U esa, “tinchlik va salomatlik ma’nolarini ham beradi. Demak ma’no “Islom buyurgan tinchlikka kiring” desak yanada mukammal bo’ladi.
Bu tinchlik va xotirjamlik tushunchasi – boshqalar tushunadigan juz’iy tinchlikdan farq qiladi. Oyatda aytilgan haqiqiy salomatlik va tinchlikka erishish uchun inson bu jarayonni, avvalo jamiyatning va oilaning bir bo`lagi sifatida o`zidan boshlashi kerak. Ha, avvalo o`z vijdoni oldida pok bo`lishi kerak. Shundagina turli asabiylashishlardan, uning natijasida keladigan turli kasalliklardan salomat bo`ladi. Vijdoni va iymoni oldida pok inson boshqalar oldidagi o`z vazifasini qoyillatib bajaradi. Natijada esa ota-ona, oilasi va farzandlari undan mamnun bo`lishadi. O`z atrofidagilar undan rozi va xursand bo`lishlari insonga yanada tinchlik va xotirjamlik baxsh etadi va atrof muhitda ham tinchlik yoyilishiga sabab bo`ladi. Chunki musulmon inson Alloh taolo uning har bir ishini kuzatib turganini biladi. Shunga ko`ra birovning huquqini poymol qilmaydi, boshqalarga zulm qilmaydi, xiyonatu razolatdan uzoq bo`ladi. Unga biror yomonlik yetsa - garchi uning sababini o`rganib undan ibrat olishga harakat qilsa ham – Allohni eslaydi va U zotga tavakkal qilib o`z ishini davom ettiraveradi. 
Alloh taolo o`z kalomida: 
أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ
“Ayo, Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?”  deb marhamat qiladi.
O`zining shaxsiy hayotida shunday tinchlik va xotirjamlikka erishgan inson – jamiyatdagi boshqa insonlar bilan ham tinch-totuvlik asosida, xotirjamlik va do`stlik asosida muomala qilishi tabiiy hol. 
Tinchlik Payg`ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam jamiyatda haqiqiy xotirjamlik hukm surishining garovini insonlar ushbu Islom dinini, iymonni to`g`ri tushunishida ekaniga ishora qilib shunday deydilar:
" مثل المؤمنين في توادهم وتراحمهم وتعاطفهم كمثل الجسد، إذا اشتكى منه عضو تداعى له سائر الجسد بالسهر والحمى". 
Ya’ni: “Mo`minlar o`zaro mehr-muhabbat va bir birlariga mehribonliklarida huddi bir jasadga o`xshaydilar. Undan biror a’zo og`rib qolsa boshqa a’zolar bedorlik va isitma bilan unga hamdard bo`lishadi”.
Jamiyatdagi bunday o`zaro tinchlik va hurmat nafaqat musulmonlar orasida, balki o`sha jamiyatda yashovchi boshqa din vakillarini ham o`z ichiga oladi. Bunga yana Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlaridan bir misol keltiramiz: Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan hikoya qilib aytadilar: “Oldimizdan bir tobutni ko`tarib o`tdilar. Shunda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o`rinlaridan turdilar, biz ham turdik. Keyin biz: “Ey Rasululloh bu yahudiyning tobuti edi”, dedik. Shunda U zot: “Axir insonku! Janozani ko`rganda turinglar”, deb marhamat qildilar”. 
Bu haqiqatni U zot sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida ham yaqqol ko`rishimiz mumkin. Makkada 13yil musulmonlarga qattiq azob va aziyatlar bergan mushriklar bilan tinch yashashga harakat qildilar va sahobalarni sabrga targ`ib qildilar. Madinaga kelgach ilk bajargan ishlaridan biri u yerdagi yahudiylar bilan tinchlik shartnomasini tuzib o`zaro imzoladilar. 
Inson o`ta xotirjam holda “Islom dini haqiqiy tinchlikka chorlovchi, tinchlik va xotirjamlikni ta’minlovchi din” deb ayta oladi. 
Chunki, Islom dini “Salom” ya’ni “salomatlik va tinchlik ulashuvchi” sifati bo`lgan Alloh taologa iymon keltirishga chaqiradi. Musulmonlar bu imtihon dunyoda solih amallar qilib o`tgach kirishni orzu qiladigan jannatlarining bir nomi “Salom”. Alloh taolo: 
وَٱللَّهُ يَدْعُوٓا إِلَىٰ دَارِ ٱلسَّلَاٰمِ
Ya’ni: “Alloh salom ya’ni tinchlik diyoriga da’vat qilur” , deydi.
Musulmonlarning o`zaro muloqotlari “Assalomu alaykum” ya’ni “sizga tinchlik salomatlik bo`lsin”, “salomatlik tilayman” degan go`zal tilak bilan boshlanadi. Mo`min namoz o`qiganda o`tirib o`qiydigan “at-tahiyyot” nomli duoda salomlar bor. Namozdan chiqishda ikki tomonidagilarga salom berib ya’ni tinchlik va salomatlik tilab yakunlaydi. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir sahobiy “Islomdagi qaysi amal yaxshiroq?”, deb so`ralganda U zot sollallohu alayhi vasallam “Odamlarga taom bermog`ing, hamda, tanigan va tanimaganga salom bermog`ing”, deb marhamat qildilar. 
Bu bilan cheklanmasdan, Islom dini musulmonga behurmatlik qilgan odobsizlarga ham tinchlik va salomatlik tilashni tavsiya qiladi. Alloh taolo oyati karimada:
وَعِبَادُ الرَّحْمَنِ الَّذِينَ يَمْشُونَ عَلَى الْأَرْضِ هَوْنًا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ الْجَاهِلُونَ قَالُوا سَلَامًا
Ya’ni: “Rahmonning bandalari yer yuzida tavozu ila yuradigan va johillar xitob qilganda salom deydiganlardir”.  
Demak, “tinchlik” tushunchasi Islomda asosiy tushunchalardan bo`lib, musulmonlarning o`zaro munosabatlarida ham, boshqalar bilan bo`ladigan muomalalarida ham o`ta muhim ahamiyat kasb etgan. Hatto “tinchlik-totuvlik va salomatlik” Islom va musulmonlar shiorlaridan biriga aylangan desak mubolag`a bo`lmaydi.
Islom tarixida Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlari yoki undan keying davrlarda bo`lgan janglar esa vatanni, yerni, muqaddasotni dushmanlardan himoya qilish va odamlar orasida tinchlikni ta’minlash uchun bo`lgan. 
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, muqaddas dinimiz insonni avvalo shaxsiy tinchlikka, keyin esa boshqalar bilan tinch-totuv yashashga erishtiradigan buyuk din. Bu dinda tinchlik – asosiy qoida hisoblanib, zarurat hollardagina undan chiqiladi. Shunday bo`lishiga qaramasdan, dinimizga turli tuhmat toshlari yog`dirilishi achinarli hol. Bunga dinimizni haqiqiy ma’noda tushunmaganimiz ham sabab bo`layotgani hech kimga sir emas. Dinimizga amal qilib o`zimiz uchun ham jamiyatimiz uchun ham haqiqiy tinchlik va salomatlikni ravo ko`raylik…!

Ulug’bek domla Jiyanov,
Mir Arab madrasasi mudarrisi