17.10.2024

KISHILARNI KOFIRGA CHIQARISH MASALASI

Biror kishini kofirga chiqarish juda nozik va xatarli masaladir. Shunga qaramay, bugungi kunda musulmonlarni “osongina” kofirga chiqarayotganlar koʻpaymoqda. Eng achinarlisi, ular ushbu iddaolarini ijtimoiy tarmoqlarda ommaga eʼlon qilishmoqda, baʼzi razillari esa ulamolarni ham kufrda ayblay boshladi. Bu esa ularning diniy bilim saviyasi pastligi yoki xatoligini koʻrsatadi.

Bu masalada “Sharhi Aqiydatut Tahoviya” kiobida quyidagilar aytiladi:
“Ahli qiblalardan birortasini gunoh tufayli kofir qilmaymiz, modomiki buni halol hisoblamasa”. Bu yerdagi “ahli qibla”lardan murod, Muhammad sollallohu ʼalayhi vassal lam keltirgan barcha narsalarga iymon keltirib, dinning asosiy narsalaridan birortasini inkor qilmaganlar nazarda tutiladi. Demak yuqorida zikr qilingan kishilardan birortasini, gunohi kabira, yoki boshqa gunohlar tufayli “kofir” deb hukm chiqarmaymiz.

Gunoh sababdan kishilarni kofirga chiqarayotgan toifalar oyat va hadislardan dalil keltirishga urinishadi:

1. Nabiy alayhissalom: “Musulmonni soʻkmoqlik fisqdir, U bilan urush qilmoq kufrdir” deganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyati”
2. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vassallam: “Musulmon bilan kufrning oʻrtasida namozni tark qilish bordir”, deganlar 

Bu masalalada ahli sunna val jamoa aytadiki, kishi gunohi kabirani qilish bilan emas, balki uni halol sanash bilan dindan chiqadi. Yaʼni bir kishi aroqni halol deb eʼtiqod qilsa, kofir boʻladi, ammo aroqni ichsayu, uni halol deb eʼtiqod qilmasa, dindan chiqmaydi. Gunohi kabira qilgan moʻmin butunlay milllatdan chiqib ketadigan kofir boʻlmasligiga Ahli sunna val jamoa ittifoq qilganlar. Chunki, kufr ikkiga eʼtiqodiy va amaliy kufr, boshqacha qilib aytganda, Islomdan chiqaradigan kufr va majoziy kufrga boʻlinadi.

Baʼzi bir gunohlarning oyat va hadislarda “kufr” deb atalishi aynan “amaliy” – majoziy kufrdir. Agar gunohi kabira bilan dindan butunlay chiqadigan boʻlsa, gunohkor murtad boʻlib, uni oʻldirish vojib boʻlar edi. Uning haqida avf ham qabul qilinmas edi. Zino, oʻgʻrilik va boshqalarda hadd(sharʼiy jazo)lar ham joriy qilinmas edi. Shariat hukmida esa mazkur gunohlarni qilgan odamlar “murtad” deb emas, balki “jazoga loyiq jinoyatchi” deb topilgan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
“Rasululloh sollallohu alayhi vassallam: “Laa ilaaha illallohu”, degan kimsaga tegmaslik: gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqrmaymiz”, dedilar”. (Abu Dovud rivoyat qilgan)

Ammo bundan “gunohlarni qilaversa boʻlar ekan”, degan fikrga bormaslik kerak. Bu maʼnoda juda ehtiyot boʻlmoq lozim. “Gunohni qilaversa boʻlarkan”, deyishning oʻzi kufrga olib boradi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, biror kishini maʼsiyat, yoki xato ustida koʻradigan boʻlsak, uni darrov kofirga chiqarishdan saqlanishimiz lozim. Alloh taolo barchamizni oʻz dinida sobitqadam qilsin, “Laa ilaaha illalloh, Muhammadur Rosululloh” kalimasi ustida oʻziga yoʻliqishimizni nasib qilsin.

Foydalanilgan Adabiyotlar:
- Sunniy Aqidalar: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
- Tafsiri Hilo
- Sharhi Aqiydatut Tahoviya

Bahodir Rahmatov,
Mir Arab oʻrta maxsus
islom taʼlim muassasasi mudarrsi