Yangi qonunga munosabat
Barchamizga maʼlumki soʼnggi yillarda mamlakatimizda qator diniy islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan eʼtiqod erkinligiga kun sayin eʼtibor qaratilmoqda. Negaki, vijdon erkinligini taʼminlash har bir shaxs uchun har doim ustuvor vazifa boʼlib kelgan. Qaysi yurtda vijdon erkinligi toʼliq taʼminlansa, unga rioya etilsa, oʼsha mamlakat obod, xalqi esa faravon boʼladi.
Fikrimizning tasdigʼi oʼlaroq, yaqinda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʼgʼrisida”gi Qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bu bilan xalqimizning uzoq yillardan beri orzu qilib yurgan istaklari amalga oshdi. Darhaqiqat, buni hamma intiq holda kutib turgan edi. Chunki avvalgi Qonun moddalarida tuzumning taʼsiri sezilib turardi. Oʼrni kelsa, ayrim joylarida mubhamliklar mavjud edi. Yangi Qonunda bunday noqulayliklar bartaraf etildi, kerakli joylari tuzatildi, qoʼshimchalar kiritildi. Buni tuzishda jamoatchilikning fikri inobatga olingani quvonarli hol boʼldi. Shuningdek, Qonunni tayyorlashda koʼplab xalqaro meʼyor va talablar, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari boʼyicha qoʼmitasining umumiy tartibdagi sharhlari puxta oʼrganilib, ulardagi asosiy qoida va tamoyillar inobatga olingani hech kimga sir emas.
Yangi qabul qilingan Qonunda xalqimiz uchun koʼplab qulayliklar yaratilgani tahsinga loyiqdir. Buni koʼpchilik ijobiy fikrlari bilan taʼriflashmoqda.
Ushbu Qonunda diniy tashkilotlarni roʼyxatdan oʼtkazish va tugatish bilan bogʼliq tartib soddalashtirilib, bu borada muhim yengilliklar joriy etildi. Mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish boʼyicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam boʼlmasligi belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor boʼlishi haqidagi talab butunlay bekor qilindi. Diniy tashkilotni tuzish uchun shu paytgacha talab etib kelingan mahalla fuqarolar yigʼinlari roziligini olish tartibi hujjatlardan chiqarib tashlandi. Natijada, diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari ortiqcha xat-hujjatlarni yigʼishdan xalos boʼldilar. Qolaversa, elektron tartibda taqdim etishning oʼzi ham kifoyadir.
Shuningdek, diniy taʼlimning professional maqomi rasman eʼtirof etildi, Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga boʼlgan munosabatidan qatʼi nazar, dunyoviy taʼlim olish huquqi taʼminlanishi qayd etildi. Shu oʼrinda aytishimiz mumkinki, har qanday shaxsning “oʼzicha” diniy taʼlim berishi – noanʼanaviy aqidalarning tarqalishiga, diniy atamalarning notoʼgʼri talqin qilinishiga, mutaxassis boʼlmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar boʼyicha biryoqlama tushunchalar berilishiga, insonlar oʼrtasida ayrim tushunmovchilik va ziddiyatlarning paydo boʼlishiga olib keladi.
Yangi Qonun hujjatlarida “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy taʼrifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga qoʼyilgan taqiq Qonundan chiqarib tashlandi. Endi bu boradagi tushunmovchiliklarga butunlay barham berildi.
Qonun hujjatlarida turli yot qarashlarni targʼib qilib kelayotgan guruhlarning faoliyati va ular tomonidan tarqatilayotgan buzgʼunchi gʼoyalarning salbiy taʼsiridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilab qoʼyildi.
Bir soʼz bilan aytganda, Yangi tahrirdagi Qonun avvalgisidagi bir qancha mubham oʼrinlarni yoʼqqa chiqargani, keng ommaga moʼljallangani, zamonning bugungi holatidan kelib chiqib tuzilgani, ertangi kun savollariga javob berishi bilan ham eʼtiborlidir.
Erkin QUDRАTULLOH,
Mir Аrab oʼrta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi