Imom Termiziy hayoti va ilmiy me’rosi
Anontatsiya: Maqolada o’rta asrlarda ilm markazlariga aylangan Markaziy Osiyo shaharlaridan yetishib chiqib, ilm-fanning hadis sohasi rivojlanishiga hissa qo’shgan muhaddis ulamolar haqida so’z yurutiladi. Xususan, Imom Abu Iso Termiziyga alohida to’xtalib u kishining hayot yo’llari va bizga me’ros qilib qoldirgan asarlari ahamiyati yozilgan. Bundan tashqari, muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Imom Termiziy hadislaridagi mohiyatini biz yoshlar chuqur o’rganishlikda katta ahamiyat berish va u zotning tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to’g’risida gap boradi.
Аннотация: В статье говорится об учёных-мухадди, выросших в городах Средней Азии, ставших в Средние века центрами знаний, и внесших свой вклад в развитие хадисной области науки. В частности, написано о важности для нас образа жизни Имама Абу Исы Термизи и его наследия. Кроме того, говорится, что мы, молодые люди, должны придать большое значение глубокому изучению сущности нашего уважаемого президента Шавката Мирзиёева в хадисах Имама Термизи и широко отметить 1200-летие со дня его рождения.
Annotation: The article talks about muhaddi scholars who grew up in the cities of Central Asia, which became centers of knowledge in the Middle Ages, and contributed to the development of the hadith field of science. In particular, the importance of Imam Abu Isa Termizi's ways of life and his legacy to us is written. In addition, it is said that we young people should give great importance to the deep study of the essence of our honorable president Shavkat Mirziyoyev in the hadiths of Imam Termizi and widely celebrate the 1200th anniversary of his birth.
Kalit so’zlar: Imom Termiziy, hadis, hadisshunoslik, ilm.
Ключевые слова: Имам Термизи, хадисы, хадисоведение, наука.
Key words: Imam Termizi, hadith, hadith studies, knowledge.
Muqaddas zaminimiz azal-azaldan insoniyat tamadduni, ayniqsa, Islom dini va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo’shgan ulug’ mutaffakirlarga beshik bo’lgan. Xususan, hadisshunoslik ilmi VIII asr va XI asrlarda asosiy va zaruriy ilmlardan biriga aylangan. Bu davrda Sharqning turli mamlakatlaridan bo’lgan to’rt yuzdan ortiq muhaddislar shu ilm bilan shug’ullangan. Zamonamizning buyuk muhaddislari sanalmish Imom Buxoriy (810-870), Imom Muslim (817-875), Imom Dorimiy (789-869), Imom Abu Dovud (817-889) va Ahmad ibn Hanbal (780-855)dek zotlar aynan shu davrda o’zlarining din uchun, ayniqsa, hadis uchun buyuk xizmatlarini olib borgan edilar. Bu muhaddislar boshlab bergan xayrli ishlarni Imom Termiziy (824-892) ham chuqur mas’uliyat va katta idrok bilan davom ettirdi.
Buyuk vatandoshimiz muhaddis olim Imom Abu Iso Termiziy hijriy 209(824)-yili Termiz yaqinidagi Bug’ qishlog’ida tavallud topgan. Yoshlik chog’idanoq ilmga bo’lgan qiziqishi hamda idrokli va zakovatli bo’lganligi bois o’z tengqurlaridan ajralib turgan. Ilmga bu darajada muhabbat ortidan, yosh bo’lishiga qaramay Termiz, Samarqand, Marv, Buxoro va Movarounnahrning boshqa sharharlarida istiqomat qilib, u yerlardagi muhaddis va diniy ulamolardan fiqh, tafsir, hadis ilmlarida tahsil oligan. Minglab hadislarni yoddan bilgan buyuk muhaddis va hofiz, Islom huquqini qunt bilan o’rgangan – faqih va olim bo’lib o’zining buyuk xizmatlari bilan islom ravnaqi uchun hissa qo’shgan.
Islom ulamolari oʻrtasida ilk davrdan boshlab hadislarning toʻgʻriligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta eʼtibor berilgan. Chunonchi, oʻsha davrning oʻzidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islom ulamolari orasida ishonchli manbalar asosida toʻplangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar toʻplami (“Sihohi sitta”) mualliflari eng nufuzli va moʻtabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu e’tirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom Termiziy (rohmatullohi alayhi)dir.
Imom Termiziy o’z ijodiy faoliyati davomida o’ndan ortiq asarlar yaratdi. Uning ilmiy me’rosida, shubhasiz “Al-Jome’” katta ahamiyatga ega asarlardan biridir. Bu asar “Al-Jome’ as-sahih” (“Ishonchli to’plam”), “Al-Jome’ al-Kabiyr” (“Katta to’plam”), “Sunan at-Termiziy” nomalari bilan yuritiladi . Tarixchi Ibn Hajar al-Asqaloniy yozishicha, Imom Termiziy bu asarini 270-hijriy (milodiy 884) yilda, ya’ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga yetgandan so’ng yozgan .
Ushbu asar qo’lyozmalari dunyoning bir qancha shahalarida, shuningdek, O’zbekistonda ham saqlanmoqda. “Sunan Termiziy” asari muhim manba sifatida bir necha marta nashr qilingan. Bu kitob 1866(1283)-yili Mitohda, 1875(1292)-yili Qohirada va 1980-yili Bayrutda nashr qilingan. Imom Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan bo’lib, bulardan biri Ibn al-Arabiy (vafoti 543-hijriy, 1148-milodiy yili) nomi bilan mashhur bo’lgan imom hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh al-Ashbiliyning “Oridat al-Ahvaziy ala kitob at-Termiziy” nomli 13 juzdan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu sharh ilk bor 1931-yilda Misr poytaxti Qohirada nashr qilingan. Imom Hofiz Abu Ali Muhammad Abdurohman ibn Abdurahim al-Muborak (183-1353) qalamiga mansub yana bir sharh “Tuhfat ul-Axvaziy bi sharhi at-Termiziy” deb ataladi. Bu asar 4 juzdan iborat bo’lib, 1979-yili Bayrutda nashr qilingan.
Muallifning yirik asarlaridan yana biri “Ash-shamoil an-Nabaviyya” (“Payg’ambarimizning alohida fazilatlari”)dir. Bu asar ba’zi manbalarda “Ash shamoil Muhammadiyya”, “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vasallam” nomlari bilan ham ataladi. Asar Payg’ambarimiz alayhissalomning tashqi suratlari, shaxsiy hayotlari, u zotning siyratlari, fazilat va odatlariga oid to’rt yuz sakkiz hadisi sharifni jamlagan qimmatli asardir. Shu o’rinda bir manbani aytish kerakki, payg’ambarimiz alayhissalomning fazilat va odatlari, shaxsiy hayotlari haqidagi hadislarni to’plash bilan ko’plab olimlar, muhaddislar shug’ullangan edilar. Lekin Termiziyning bu asarida o’zgacha fazilat va himmat bilan yozilgan bo’lib, u zot Payg’ambarimiz alayhissalomning fazilatlari va odatlariga oid hadislarni muntazam ravishda to’plab, aniq bir tartibga keltirib, yaxlit kitob shaklida tasnif qilgan. “Ash-Shamoili al-Muhammadiya” asari avvaldan islomning ulug’ mutafakkir olimlar va tadqiqotchilar tomonidan turli sharh va tasniflar yozilgan. Ulardan Abdurauf al-Munoviy al-Misriyning “Sharh ush-Shamoil”, Ali ibn Sulton al-Haraviy al-Qorining “Jama’ul-vasoil fi sharhi ash-Shamoil”, Sulaymon ibn Umar Mansur al-Jumalning “Al-Mavohib al-Muhammadiya bi sharhi ash-Shamoil at-Termiziy” kabi sharhlarni ko’rsatish mumkin. Bu asarning uslubi aniq va soddaligi bilan ko’pchilik asarlardan juda farqlanib turadi. Bu asar muhim tarixiy manba sifatida turkiy va fors tillariga ham tarjima qilingan. Imom termiziyning ushbu asariga sharh yozgan mashhur olim al-Azharning shayxlaridan biri bo’lgan Ibrohim al-Bojuriy: “Imom Termiziyning “As-Shamoil al-Muhammadiya” kitoblari o’z bobida yakkayu yagona asardir. Tartibi va o’z ichiga olgan mavzulari jihatidan yagona bo’lib, nodir kitoblar jumlasidan hisoblanur. Uning ovozasi Mag’ribu Mashriqqa borib yetdi.” - deb ta’kidlagan edi. Asar mazmunan ikki qismga bo’lingan bo’lib, uning birinchi qismiga mansub hadislar Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tashqi qiyofalari (suvrat)ga bag’ishlangan. Unga ko’ra, Payg’ambarimiz novcha ham, past bo’ylik ham bo’lmay, balki o’rta bo’yli, peshonalari keng, har doim yuzlaridan nur yog’ilib turgandek bo’lgab, ko’zlari katta-katta zot bo’lganlar. Asarning ikkinchi qismida keltirilgan hadislarda esa Payg’ambarimiz alayhissalomning ichki dunyolariva axloqiy fazilatlari bayon qilingan bo’lib, ularda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning axloqiy jihatdan namunaviy, mukammal bir zot ekanliklari, muomalada u zotning hammaga bir xil bo’lishliklari va samimiy ekanliklarini bilamiz. Ushbu asar olim Said Mahmud Taroziy (vafoti 1992-milodiy yil) tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan bo’lib arab alifbosi va kirill yozuvida Toshkent shahrida bir necha marta nashr qilingan.
Shuningdek Imom Termiziyning “Kitob at-Tarix”, “Kitob al-Ilal” (mazkur asarning ikkita katta va kichik tahriri mavjud bo’lib, ular “Kitob al-Ilal al-Kabir” va “Kitob al-Ilal as-Sag’ir”), “Kitob uz-Zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob al-asmo val-kunna” (“Roviylarning ism va laqablari to’g’risida kitob”), “Al-Ilal fil-hadis” (“Hadislardagi illatlar yoki og’ishuvlar to’g’risida”), “Risola fil-xilof val-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “Asmo us-Sahoba” (“Payg’barimiz sahobalarining ismlari”) kabi bir qator asarlarni ham yozgan.
Mustaqillik davrida davlatimizning birinchi prezidenti Islom Karimov boshchiligida Imom Termiziy maqbarasi zamonaviy talablar asosida obod qilindi va katta ziyoratgohga aylantirildi. “Abu Iso Termiziy ilmiy merosini tadqiq qilish, asarlarini tarjima va nashr qilish” nomli loyiha doirasida “al-Jomeʼ as-Sunan” (“Sunnatlar toʻplami”), “Abu Iso Muhammad Termiziy asarlari ilmiy-izohli tarjimalarini tayyorlash va nashr qilish” loyihasi doirasida allomaning “Tasmiyatu asʼhobi Rasululloh” (“Rasululloh safdoshlari”) nomli kitoblari nashr qilindi. Hozirgi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan oldin zikr qilingan ishlarni davomi o’laroq Imom Termiziyning shaxsiyati, ilmiy me’rosini yoshlarimiz orasida ibrat namunasi o’laroq keng tatbiq etish davom ettirildi. Xususan, 2017-yil 14-fevral kuni “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarornining imzolanishi tarixiy voqeadir. Mazkur qarorning qabul qilinishi Abu Iso Termiziy va Termiziy allomalarning benazir me’rosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, muqaddas zaminimiz azal-azaldan ulugʻ allomalar, aziz-avliyolar vatani boʻlib kelganini xalqimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yoshlarimizni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash maqsad qilingan edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 15-avgustda “Muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olim, vatandoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsad qilib olingan” qarorni qabul qildilar. Xususan, Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng ko’lamda hamda xalqaro mohiyatda o’tazilishi nazarda tutilgan. Shu asosda auytgan so’zlarni “Islom dini rivojiga ulkan hissa qo’shgan buyuk alloma vatandoshimiz Abu Iso Termiziy va Termiziy allomalarning benazir me’rosini ilmiy asosda chuqur o’rganish va xalqqa yetkazish o’ta muhim ishdir” aytganlari ham bejizga emas. Zero bu so’zlar mohiyatida chuqur tafakkur mujassamdir.
Xulosa o’rnida shuni aytmog’imiz darkorki, Imom Termiziy bobomizning biz uchun katta ilmiy me’ros sifatida qoldirgan bu asarlarini o’rganmog’imiz hamda u orqali nafaqat diniy balki falsafa, tarix kabi fanlarni chuqur o’raganishimiz uchun katta poydevor sifatida ko’rilishini bilib olishimiz mumkin. Alloh u kishidan va boshqa oldin o’tgan diniy va dunyoviy bilimlar uchun o’z hissalarini qo’shgan buyuk olimu ulamolardan rozi bo’sin.
Ramazonjon Yunusov,
Mir Arab o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi 2-bosqich talabasi