Imom Termiziy rahmatullohi alayhning ilmiy doiralari
Imom Termiziy rahmatullohi alayhning «Jome’ul kabir» asarlarin o‘qigan odam bu zotning turli ilmlarni egallaganliklari va ilmiy doiralari kengligini bilib oladi.
Imom Termiziy rahmatullohi alayhning «Jome’ul kabir» kitoblarini birinchi bo‘lib sharhlagan olim Ibnul Arabiy rahmatullohi alayh «Orizatul ahvaziy» kitobining muqaddimasida Imom Termizyning ilmlari haqida shunday yozadi:
«Imom Termiziyning kitobichalik halovat baxsh qiladigan, o‘ziga tortadigan kitob yo‘q. Termiziyning «Jome’ul kabir» kitobida 14 ta ilm bor. Ular quyidagilar:
1. Mavzularni sinflarga ajratish
2. Sanad haqida gapirish
3. Hadisni sahihga chiqarish
4. Hadisni mashhurligini ko‘rsatib berish
5. Hadisning boshqa yo‘llarini sanab chiqish
6. Jarh va ta’dil qilish
7. Roviylarni nomini aniqlash
8. Roviylarni kunyasini aniqlash
9. Rivoyatni mavsulligini bayon qilish
10. Rivoyatni maqtu’ligini ko‘rsatish
11. Amal qilingan hadislarni bayon qilish
12. Amali tark qilingan hadislarni bayon qilish
13. Ulamolarning rivoyatlarni qabul yoki rad qilishdagi ixtiloflari
14. Hadisning ta’vilidagi ulamolarning turli qarashlarini yoritib berish
Imom Termiziy rahmatullohi alayhning «Jome’ul kabir» asarlaridagi bu ma’lumolarinng har biri alohida bir katta ilm hisoblanadi».
Ibnu Sayyidinnas rahmatullohi alayh «Nafhush shuziy» asarlarida Ibnul Arabiyning yuqorida sanab o‘tgan narsalariga qo‘shimcha qilgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Rushd rahmatullohi alayhning quyidagi so‘zlarini keltirgan:
«Ibnul Arabiy rahmatullohi alayh Imom Termiziyning kitoblaridagi barcha ilmni to‘liq sanab chiqmagan. Agar o‘sha ilmlarni to‘liq qiladigan bo‘lsak «Jome’ul kabir» kitobida yana quiydagi ilmlarni uchratish mumkin:
15. Hadisni hasanga chiqarish
16. Hadisni g‘aribga chiqarish
17. Roviylarni siqa qilishda kengroq ma’lumot berish
18. Marfu’ va mavqufni bayon qilish
19. Mavsul va mursalni bayon qilish
20. Tobeinlarning bir-biridan qilgan rivoyatini bayon qilish
21. Sanadi muttasil hadislarni bayon qilish
22. Bir hadisni yana boshqa sahobalar rivoyat qilganini bayon qilish
23. Roviynng sahobiy bo‘lgani va bo‘lmaganini bayon qilish
24. Kattalarning kichiklardan qilgan rivoyatini bayon qilish
25. Roviylarnin tarixini bayon qilish
Yuqorida sanab o‘tilgan ilmlarning har biri uchun alohida kitoblar yozilgan».
Boshqacha qilib aytganda «Jome’ul kabir» kitobi bir vaqtning o‘zida ham hadis, ham fiqh, ham mustalahul hadis, ham tarix kitobi desak aslo xato qilmagan bo‘lamiz.
Alloma Hofiz Hindiy rahmatullohi alayh «» kitobida Imom Termiziyning ilmiy doiralari kengiligini ta’kidlab u kishning asarlari boshqa hadis kitoblaridan ustunligini bayon qilib shunday yozadi:
«Termiziy rahmatullohi alayhning tasnif qilgan kitoblari juda ko‘p. O'sha tasnif qilgan kitoblariorasidagi eng yaxshisi «Jome’ul kabir» kitoblaridir. Hatto Imom Termiziyning ushbu asarlari boshqa barcha hadis kitoblaridan bir necha jihatdan ustun turadi. O'sha jihatlar quyidagilar:
1. Hadislarni go‘zal tartibda kelishi va qayta takrorlanmasligi
2. Bir masalada fuqaholarning mazhab va qarashlarini keltirib ularning har birining o‘z dalillari bo‘lsa dalillarini zikr qilish
3. Hadisning sahih, hasan, zaif, g‘aribligini bayon qilish
4. Hadisning sanadidagi illatni bayon qilish
5. Roviylarning ism, kunya, laqab va shunga o‘xshash ilmur rijalga tegishli bo‘lgan ilmlarni keltirishi
Ushbu asarda yana boshqa bir qancha foydali ilmlar bor. Shuning uchun olimlar «Jome’ul kabir» haqida: «Bu kitob mujtahid odamga kifoya qiluvchi va muqallid odamni boshqa kitoblarga qarashdan behojat qiluvchi kitobdir», deyishgan».
Xulosa qilib aytganda Imom Termiziy rahmatullohi alayh keng qamrovli bir necha fanni o‘zida jamlagan buyuk muhaddis bo‘lgan.
Adiz Usmonov,
Mir Arab o;rta maxsus islom ta'lim muassasasi mudarrisi