07.10.2024

Imom at-Termiziy


Movarounnahr hududidan, o'zining din yo'lidagi xizmatlari orqali insoniyatga dunyo hamda oxirat saodat yo'lini o'rgatgan, bu bilan cheklanmay, unda jonli namuna bo'la olgan buyuk ajdodlarimiz, xususan, Buxoriyu-Termiziylarga bisyor bir xalqmiz. Renessans-uyg'onish davrida ko'plab ulamolar yetishib chiqdi. Dunyo olim-ulamoga to'ldi. Ayni shu davrda,  bundan 1200 yil avval milodiy 824, hijriy 209-yilda Termizda o'z ismini tarixlarga muhrlagan bir zot dunyo yuzini ko'rdi. U Imom at-Termiziy edi..."Gap isboti bilan!" – deganlaridek, qisqa tanishuv ila u zotni tanish orqali buni anglaymiz...


Imom at-Termiziyning tarjimayi hollari


Buyuk Hofiz Imom at-Termiziyning mashhur nasablari quyidagicha: Muhammad ibn Iso ibn Savro ibn Muso ibn Dahhok. Lekin, ayrim manbalarda esa: Muhammad ibn Iso ibn Yazid ibn Savro ibn Sakan¹ yoki  Muhammad ibn Iso ibn Savro ibn Shaddod ibn Iso As-Sulamiy at-Termiziy² ko'rinishida uchratishimiz ham mumkin. Imom at-Termiziy rohimahullohning Termizning Bug' qishlog'idan ekanliklari, mutaqoddim ulamolar tomonidan Al-Bug'iy at-Termiziy nisbatlari orqali bildirib o'tilgan. Sam'oniy ham o'zlarining "Al-Ansob" kitoblarida: "al-Bug'iy" nisbatini keltirib,Termiziyning shu qishloqdan ekanliklari haqida yozadilar.³
U zotning ustozlari
Termiziy rohimahulloh ko'plab shayxlari tomonidan doimo e'zozda bo'lib, fazilatlari va ilmda imomliklari borasida ular tomonidan bir ovozdan tasdiqlanganlar. Ular orasida yaqqol ajralib turadigani bu – Imom Buxoriydir. Ibn Xalkon:  "Imom at-Termiziy Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning shogirdidir"– deya, o'z asarida qayd etganlar.⁴  Zabardast olim, hadis imomi, Imomu-Hofiz Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy rohimahulloh: "Imom Termiziyni faqatgina johil va nodonligi hammaga ma'lum kishilargina past sanaydi" – deya, ta'riflaydilar.  U zotning shayx-ustozlaridan bir nechalarini sanab o'tamiz: Qutayba ibn Said, Is'hoq ibn Rahuvyah(Rohuvayh), Muhammad bin Amr as-Savvoq al-Balxiy, Mahmud bin G'oylon, Ismoil bin Muso al-Fazariy, Ahmad ibn Muni, Abu Musab az-Zuhriy, Bishr bin Muoz al-Aqodiy, Hasan ibn Ahmad ibn Abu Shuayb,  Abu Ammor Husayn ibn Horis va Muammar Abdulloh ibn Muoviya Al-Jumahiy, Abduljabbor ibn Al-Alo, Abu Kurayb, Ali bin Hajar, Ali bin Said bin Masruq Al-Kindiy, Amr ibn Ali Al-Fallas, Imron ibn Muso Al-Qazzoz, Is'hoq ibn Muso Al-Xatmiy va Ibrohim ibn Abdulloh Al-Haraviy va boshqalar.⁵


Ulamolarning Imom Termiziy boralarida aytgan maqtovlari


Imom Abu Iso at-Termiziy rohimahulloh allomalar, ilm, aql, omonat va din ahli orasida katta mavqega ega bo‘lganlari hech kimga sir emas. Bunga misol sifatida u zotga ko'plab ulamolar tomonidan aytilgan tasannolarni keltirishimiz mumkin.
Ikki sahihayn( Imom Buxoriy va Imom Muslim) kitobida Mustadrok sohibi  Imom Hokim aytadilar: «Men Umar ibn Alakning bunday deganini eshitdim: «Al-Buxoriy vafot etgach Xurosonda ilm, hifz, taqvo va zuhd bo‘yicha Abu Iysoga teng hech kim qolmadi, u (taqvo tufayli)ko‘p yig'lar edi, hatto bir necha yil davomida ko'zi ojiz bo'lib qoldi.⁶
Ibn Hibbon aytadilar: “ Imom Termiziy hadislarni jamlab tasnif etgan, hifz etib unga sho'ng'ib ketgan edilar.”⁷
Abu Sa’d Idrisiy aytadilar: “Ko‘zlari ojiz, hofiz, hadis ilmida suyanib-ergashiladigan imomlardan biri Muhammad ibn Iso ibn Savro At-Termiziy "Al-Jomi”, “Tarix” va ”Ilal",  kitoblarini haqiqiy puxta olimlarga xos tarzda tasnif qildi. Termiziy hifzda zarbulmasal bo‘lar darajadagi yetuk hifz sohibidir.⁸

Ibn Xilkon Termiziy haqlarida shunday deydilar: “Hadis ilmida iqtido qilingan imomlardan bo'lmish, mashhur hofiz “Al-Jomi’ va “Ilol” kitoblarini puxta olimlarga xos tarzda tasnif qilgan, hifzda zarbulmasal bo‘ladigan yetuk hifz sohibidir. U Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning shogirdi bo'lish bilan bir qatorda ba'zi ustozlarda sherik hamdir, masalan: Qutayba ibn Said, Ali ibn Hajar, Ibn Bashor va boshqalar.⁹
Abu Yalo al-Xalil ibn Abdulloh al-Xalili al-Qazviniy aytadilar: Muhammad ibn Iso ibn Savro ibn Shaddod al-Hofiz roziyallohu anhuning sunan borasida va yana jarh va ta'dil borasida kitobi bor. U zotdan Abu Mahbub va Ajlo rivoyatlar qilishgan. Termiziy rohimahulloh o'zining omonatdorligi, (hadis ilmi: rivoya va diroya borasida)imomligi va yetuk ilmi bilan mashhurdir. ¹⁰
As-Som'oniy aytdilar: “Termiziy rohimahulloh — mubolag'asiz o'z asrining imomidir.”¹¹
Ibn al-Imod aytadilar: “U zot tengdoshlari orasida ajralib turuvchi, yod olish va mahoratda haqiqiy mo‘jiza edi.” ¹²
Ibn Kasir aytadilar: “U o‘z davrida hadis ilmining imomlaridan bo‘lib, uning mashhur asarlari, jumladan, “Al-Jomi’”, “Ash-Shamoil”, “Sahobalarning ismlari” va boshqa asarlari mavjud.¹³
Ibn al-Asir aytadi: “U hofiz imom edi, hamdesa ko'p yaxshi asarlarni tasnif etgan. Shu jumladan: "Al-Jomi' al-kabir fi al-hadis", bu Termiziy rohimahullohning kitoblarining eng yaxshisidir. ¹⁴
Termiziy rahimahulloh aytadilar: Muhammad ibn Ismoil Buxoriy menga aytdilar: “Men sendan, senga berganimdan ko'ra ko‘proq foyda ko‘rdim.”¹⁵
Aslida bunday maqtovlardan yana ko'plab keltirishimiz mumkin, "Oqilga ishora kifoya" – degalaridek, shu yerda to'xtalamiz. 
Kelgusi maqolalarda yana buyuk Imom Abu Iso at-Termiziy rohmatullohi alayh bilan tanishuv orqali, insoniy kamolotni-odamiylikni anglashda davom etamiz...
Xulosa o'rnida
Yurtimiz mustaqillikka erishgach, istiqlol ne'mati tufayli o'zligimizni anglash sari dadil-ildam harakatlar olib borilmoqda. Biz bunga birgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2024 yil 15 avgustdagi PQ-292sonli “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarorini yoki ayni shu yili tashkil qilingan Imom Termiziy nomidagi institutni ochilganini misol qilib cheklanamiz, zero islohatlar kundek ravshan. Bu iboralarni o'qir ekanmiz, tafakkur qilaylik...Biz o'zligimizni anglash sari intilib, buyuk bobolarimizdan o'rnak oluvchi, ularga yaxshilik bilan talpinuvchi, hayotlaridan saboq olib, uni bugungi hayotimiz bilan bog'lay oluvchi shaxslar bo'lib yetishishimiz kerak. Bu bizning Vatan oldidagi farz va qarzimizdir!
1-Siyaru a'lam an-Nubalo 13/270
2‐Al-Bidoya va an-Nihoya 11/77
3-Al-Ansob lis-Sam'oniy 2/361
4-Vafoyotul -A'yon 4/278
5-Siyaru a'lam an-Nubalo 13/271
6-Siyaru a'lam an-Nubalo 13/273
7-As-siqot 9/153
8-Tahziybul Kamol fi asmai ar-rijol (Mizziy)1/172
9-Vafoyotul -A'yon 4/278
10-Al-Bidoya va an-Nihoya 11/77
11-Al-Ansob lis-Sam'oniy 2/362
12-Shuzurot az-Zahab 3/327
13-Al-Bidoya va an-Nihoya 11/77
14-Al-Komil fi at-Tarix 6/474
15-Tahzib at-Tahzib Ibn Hajar 9/389
Ibn Said maqolasidan foydalanildi.

 Usmonxon Samixon o'g'li       
Mir Arab o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi