27.09.2024

Muhammad Abu Iso at-Termiziy


Muhammad Abu Iso at-Termiziy-buyuk muhaddis, katta olim, hadis ilmi rivojiga ulkan hissa qo’shgan buyuk allomadir. Termiziyning yoshlik yillari Termiz shahrida oʻtgan, dastlabki maʼlumotni ham shu yerda olgan. Termiziy Abu Isoning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagan, faqat tarixchilar uning: “Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u yerdan Termizga ko‘chib kelganlar”, – degan fikrini keltirish bilan chegaralanadilar. Bolaligidan oʻta ziyrakligi, xotirasining kuchliligi, noyob qobiliyati bilan oʻz tengqurlaridan ajralib turgan. Diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan oʻrgangan, bu boradagi bilimlarini yanada oshirish uchun koʻpgina Sharq mamlakatlariga borgan. Uzoq yillar Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Uzoq davom etgan safarlari chogʻida mashhur muhaddislardan ta’lim olgan. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Sayd, Ishoq ibn Muso, Maxmud ibn Gʻaylon va boshqa uning ustozlari edi.
Termiziy Imom Buxoriy bilan Nishopur shahrida uchrashgan va ikki alloma besh yil shu yerda yashagan. Imom Buxoriy oʻz shogirdini maqtab, kamtarinlik bilan: "Sen mendan bahra topganingdan koʻra men sendan koʻproq bahra topdim", degan. Bu Termiziyga berilgan juda katta baho edi.
Termiziy yoʻlda, safarda boʻlganda ham, yoki bir joyda muqim turganda ham ustozlaridan, uchratgan roviylardan eshitgan hadislarni yozib olar, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borardi. 868-yil xorij safaridan oʻz yurtiga qaytgan Termiziy ilmiy-ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashgʻul boʻldi va yirik muhaddis olim, imom sifatida shuhrat qozondi. Termiziyning shogirdlari uning ishlarini davom ettirdi. Ular ichida Makhul ibn alFadl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Hamod ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va boshqalarni koʻrsatish mumkin.
Termiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. "Al-jomeʼ as-sahih" ("Ishonarli toʻplam"), "ashShamoil annabaviya" yoki "AshShamoil annabiy sallolohu alayhi va sallam" ("Paygʻambar alayhissalomning shakl va sifatlari"), "alIlal filhadis" ("Hadislardagi illatlar"), "Risola filxilof valjadal" ("Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola"), "atTaʼrix" ("Tarix"), "Kitob uzzuhd" ("Zohidlik kitobi"), "Kitob ulasmo valkuno" ("Ismlar va kunyalar kitobi") va boshqa Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, "Al-jomeʼ as-sahih" boʻlib, 6 ta ishonchli hadislar toʻplamidan biridir. Ushbu asar ilmiy manbalarda "Jomeʼ at-Termiziy", "Sahihi Termiziy", "Sunani Termiziy" nomi bilan ham ataladi. Termiziyning muhim asarlaridan yana biri "ash-Shamoil an-nabaviya" Payg’ambar alayhi sallomning shaxsiy hayoti, u zotning suvrat va siyrati, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni oʻz ichiga qamragan manbadir. Bu kitob azaldan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini oʻziga tortib keladi. Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Uning tili ravon, uslubi gʻoyatda oddiy. Asar fors va turk tillariga tarjima qilingan.
"Ash-Shamoil an nabaviya" kitobining 16-asrga oid bir qoʻlyozmasi Toshkentda, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi. "Ash-Shamoil an-nabaviya" oʻzbek tiliga oʻgirilib, soʻnggi yillarda Toshkentda bir necha bor nashr etildi. 
Mustaqillik yillarida Termiziyning yodgorlik majmuasi 2016-2017 yillari qaytadan taʼmirlanib, qutlugʻ ziyoratgohga aylantirildi. 2024-yil avgust oyida «Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi. Tadbirni yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi:
Imom Termiziyning «Ash-Shamoil al-Muhammadiyya» va «Sunani Termiziy» asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish;
2024 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida «Islom – tinchlik va ezgulik dini» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda konferensiya doirasida Termiz shahrida «Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish.
2024 yil sentabr-oktyabr oylarida Termiz davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida «Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida «Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni» tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etildi.
Ushbu ulamolarimizning hayot yo’llari biz uchun o’rnak, namunadir. Ularning ilmiy meroslari misli ko’rilmagan xazinadir. Ularning ilmiy meroslarini o’rganish hamda yosh avlodga o’rgatish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

A. Najmiddinov
Mir Arab o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi
yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va
ma’rifat bo’limi boshlig’i