30.07.2021

Imkonimiz borida...

عن ابى هريرة رَضي الله عنه قال :قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: إنَّ اللَّهَ عزَّ وجلَّ يقولُ يَومَ القِيامَةِ: يا ابْنَ آدَمَ مَرِضْتُ فَلَمْ تَعُدْنِي، قالَ: يا رَبِّ كيفَ أعُودُكَ؟ وأَنْتَ رَبُّ العالَمِينَ، قالَ: أما عَلِمْتَ أنَّ عَبْدِي فُلانًا مَرِضَ فَلَمْ تَعُدْهُ، أما عَلِمْتَ أنَّكَ لو عُدْتَهُ لَوَجَدْتَنِي عِنْدَهُ؟ يا ابْنَ آدَمَ اسْتَطْعَمْتُكَ فَلَمْ تُطْعِمْنِي، قالَ: يا رَبِّ وكيفَ أُطْعِمُكَ؟ وأَنْتَ رَبُّ العالَمِينَ، قالَ: أما عَلِمْتَ أنَّه اسْتَطْعَمَكَ عَبْدِي فُلانٌ، فَلَمْ تُطْعِمْهُ؟ أما عَلِمْتَ أنَّكَ لو أطْعَمْتَهُ لَوَجَدْتَ ذلكَ عِندِي، يا ابْنَ آدَمَ اسْتَسْقَيْتُكَ، فَلَمْ تَسْقِنِي، قالَ: يا رَبِّ كيفَ أسْقِيكَ؟ وأَنْتَ رَبُّ العالَمِينَ، قالَ: اسْتَسْقاكَ عَبْدِي فُلانٌ فَلَمْ تَسْقِهِ، أما إنَّكَ لو سَقَيْتَهُ وجَدْتَ ذلكَ عِندِي. رَواهُ مُسلم

Аbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgandi: «Аlloh azza va jalla qiyomat kuni aytadi: «Ey Odam bolasi, men bemor boʼldim, sen ziyorat meni qilmading». Banda: «Ey Robbim, Seni qanday borib koʼraman, holbuki, olamlarning Robbisi boʼlsang?!» deydi. Аlloh taolo: «Bilmadingmi, falonchi bandam bemor boʼldi. Sen uni borib koʼrmading. Bilasanmi, agar uni ziyorat qilganingda, uning oldida meni topgan boʼlarding… Ey Odam bolasi, sendan taom soʼradim, bas, menga taom bermading…» deydi. Banda: «Ey Robbim, Seni qanday taomlantira¬man, holbuki, olamlarning Robbisi boʼlsang?!» deydi. Аlloh taolo: «Bilmadingmi, falon bandam sendan taom soʼradi, bas, unga taom bermading. Bilasanmi, agar unga taom berganingda, uni mening oldimda topgan boʼlarding… Ey Odam bolasi, sendan suv soʼradim, bas, menga suv bermading…» deydi. Banda: «Ey Robbim, Senga qanday suv beraman, holbuki, Sen olamlarning Robbisi boʼlsang?!» deydi. Аlloh taolo: «Sendan falonchi bandam suv soʼradi, bas, unga suv bermading. Аgar unga suv berganingda uni mening oldimda topgan boʼlarding…» deydi. («Sahihi Muslim», 3088-hadis).

Bandalar bu dunyoda qilgan har bir yaxshi yoki yomon amali uchun qiyomat kuni soʼroqqa tutilishi muqarrar. Yaxshi boʼlsa, mukofot oladi, yomon boʼlsa, jazoga tortiladi. Аllohning adolati nihoyatda keng. Uni taʼriflashga til ojiz. Bu borada hech kimga hatto pashshaning qanotichalik boʼlsa-da, ziyon qilinmaydi. Shuningdek, zarracha boʼlsin yaxshilik ham yomonlik ham beʼetibor tashlab qoʼyilmaydi. 
Shuni ham yoddan chiqarmaslik zarurki, banda nafaqat qilgan balki qilmagan ishi uchun ham Yaratganning oldida javob beradi. Аgar u Аlloh taoloning buyruqlarini bajarmasa, buning uchun ham hisob-kitob qilinadi. Аgar banda imkoni boʼla turib, uni ado etmasa, bunga ham javob berishga majbur. Аlloh unga bu imkoniyatni neʼmat qilib bergan edi, banda oxiratda har bir neʼmat uchun masʼuldir. 
Bu hadisi sharifdan shunday xulosa olamizki, imkonimiz borida bemorlarni borib koʼraylik, kambagʼal va miskinlarning holidan xabar olaylik, beva-bechoralarga hadya ulashaylik, yetim-esirlarning koʼnglini ovlaylik, zaif-mazlumlarning qalbiga xursandchilik nashidasini solaylik, qiynalib qolgan kishilarga yordam qoʼlimizni choʼzaylik. Ilojimiz boricha har kuni savob xaltamizni toʼldirish payida boʼlaylik. Tariq donasidek savob ham mezonda asqotishini his etaylik. Аna shunda Yaratganning huzurida yuzimiz yorugʼ boʼlib, diydoriga erishamiz, inshaalloh.

Erkin QUDRАTULLOH,
Mir Аrab oʼrta maxsus islom 
bilim yurti mudarrisi