18.05.2024

Hasiriy (Buxoro faqihlari)

Mahmud ibn Ahmad ibn Abdu Sayyid ibn Usmon ibn Nasr ibn Abdulmalik Buxoriy, Jamoliddin, Abul Mahomid. Hasiriy  nomi bilan mashhur olim, Buxoroda 1141-yil (hij. 536) jumodul avval oyida tavallud topgan. Otasi tojirlik bilan mashhur boʻlgan . Hasiriy koʻpgina buxorolik olimlardan taʼlim olib faqihlik darajasiga yetgan. Imom Hasan ibn Mansur Qozixon Oʻzjandiydan “Sahihi Muslim”ni eshitgan. Naysoburda (Nishopur) Mansur Furoviy va Muayyad Tusiylardan, Balxda Sharif Abu Hoshimdan taʼlim olgan. Shomga borib, Nuriyya madrasasida taʼlim beradi. Turli, mushkul masalalarda fatvo berib, hadislar rivoyat qilgan.  Aynan shu yerdan niyat qilib, haj safariga boradi . 
Malik Muazzam Iso, faqih alloma Mahmud ibn Obid Tamimiy Sarxadiy va Imom Yusuf Sibt ibn Javziy singari olimlar Hasiriy qoʻl ostida faqihlik darajasiga yetgan. 
Muhammad ibn Hasan Shayboniyning muallafotlarini rivoyat qilgani bilan alohida ajralib turadi. Imom Abu Hanifa asʼhoblarining rayosati allomada nihoyalangan. 
Koʻp sadaqa ulashuvchi, koʻp koʻz yosh toʻkuvchi, juda yaxshi fazilatli, husni xati chiroyli, obid zot boʻlgan. 1238-yil (hij. 636) 8-safar, dushanba kunida vafot etgan. Damashqdagi Sufiyya qabristonida dafn qilingan. 
Allomaga Hasiriy  deyilishi oʻzi istiqomat qilgan Buxorodagi boʻyra toqiladigan mahalla (Boʻyrobofon)ga nisbat berilgan. Mahmud ibn Ahmad Hasiriy ham Boʻyra toʻqib kun kechirgan. Hofiz Munziriy: “Damashqga borganimda oʻsha yerda ekanlar. U kishiga yetib boradigan ijozam boʻlsada oʻzidan taʼlim olish Nasib qilmagan ”, deb aytgan.
Mahmud ibn Ahmad Hasiriy bir nechta asarlar yozib qoldirgan. Jumladan: “Jomeʼ ul-kabir”ga ikkita sharh yozgan. Biri muxtasar boʻlsa keyingishi “Tahrir” deb nomlangan keng sharh hisoblanadi. Shogirdi Malik Muazzam Iso ham Mahmud ibn Ahmad Hasiriy qoʻl ostida “Jomeul Kabir”dan taʼlim olgan. Fanlar va ular borasidagi asarlar haqida “Xoyru matlub”  deb nomlangan asar ham yozgan. “Mabsut”ni oʻz xatida koʻchirgan. “Siyar”ni oʻziga ijoza bergan shayxlarni jamlagan holda sharhlagan. 

 
Abubakr Mustafoyev,
Mir Arab o‘rta maxsus islom 
ta’lim muassasasi mudarrisi

__________________________________________________________________________

Tazkirot ul-huffoz 4-tom 1425-raqam, Miraat uz-zaman 8-tom 820-821 betlar, Zayl ur-rovzotayn 121-raqam, Bidoya van nihoya 13-tom 152-bet, Tobaqot ul- fuqohaa(Tosh Kubrozoda) 107-bet , Nujum az-zohiro 6-tom 313-bet, Favaid ul-bahiyya 205-raqam, Iyzoh ul-maknuun 2-tom 33bet, Hadiyyat ul-orifiyn 2-tom 405-bet, Tojut-tarojim 69-raqam, Kataibu aʼlaamil axyaar  417-raqam, Tobaqot us-saniyya 2319-raqam, Kashf uz-zunun. 1-tom 563-betlarda keltirilgan.

Javahir ul-muziyya. Muhiddin Abulvafo Qurashiy. Daru hijr. 2007. 3-tom, 432-bet.

Oʻsha asar. 3-tom, 431-bet.

الحصر – arabchadan “boʻyra”. Hozirgi “boʻyrobofon” mahallasi.

Oʻsha asar. 3-tom, 432-bet.

Toʻliq nomi “Xoyru matlub fi ilmil margʻub”.

Javahir ul-muziyya. Muhiddin Abulvafo Qurashiy. Daru hijr. 2007. 3-tom, 433-bet.