BADGUMONLIK ZARARLARI
Moʻmin hamisha boshqalar haqida yaxshi fikrda boʻladi. Hech qachon birov haqida yomon xayollarga bormaydi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadisda shunday deganlar:
{ إيَّاكم والظَّن، فإنَّ الظَّنَّ أَكْذَبُ الْحَدِيثِ}
“Yomon gumon qilishdan saqlaninglar. Chunki yomon gumon qilish soʻzlarning eng yolgʻonidir”.
Aslida inson Allohning zikridan yiroq boʻlgach, uning qalbini yomon gumon qamrab oladi. Qalbni yomon gumon qamrab olgach, inson hamma haqida yomon fikrda boʻlaveradi. Alloh zikrning foydasi haqida gapirib shunday degan:
أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ [الرعد : 28]
“Bilib qoʻying. Allohning ziri ila qalb orom topur”.
Xotirjam qalb hech qachon yomon gumonga bormaydi. Inson namoz oʻqimasa, Allohni zikr qilmasa, uning qalbi shayton uchun tayyor oʻlja boʻladi.
Eng katta muammo:
Azizlar Qurʼonga amal qilsak, aslo bunday gunohga mubtalo boʻlmaymiz. Alloh bizga bir odam birov haqida maʼlumot keltirsa nima qilish kerakligini taʼlim berib shunday deydi:
{يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَإٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ}
“Ey, moʻminlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qoʻyib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon boʻlmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) koʻringiz!”.
Bizdagi katta muammo mana shu oyatga amal qilmaslik boʻlib turibdi. Bir odam birov haqida unday, bunday, desa darrov unga ishonib ketmaslik kerak.
Bugungi kunda birov haqida yomon gumon qilib, yuz koʻrmas boʻlib ketayotgan odamlarni tekshirsangiz, aksari mana shu oyatda aytilgan nasihatga amal qilmay, doʻsti yoki yaqin odami haqida aytilgan maʼlumotni tekshirmay, undan yomon gumon qilib arazlashib yurgan boʻlib chiqadi.
Alloh yomon gumonni qoralab Qurʼonda shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ [الحجرات : 12]
“Ey iymon keltirganlar koʻp gumon qilishdan saqlaning. Zero gumonlarning baʼzisi gunohdir”.
Bu hadisga eʼtibor bering:
Bir kuni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Kaʼbaga qarab:
مَا أَعْظَمَكِ وَأَعْظَمَ حُرْمَتَكِ
“Naqadar buyuksan! Naqadar hurmating baland!”, dedilar.
Haqiqatdan Kaʼbani Alloh qadrini buyuk qildi. Yer yuzidagi barcha musulmonlar unga talpinadi. Qadri baland muqaddas joy. Lekin hadisning davomini eshiting:
وَلَلْمُؤمِنُ أَعْظَمُ حُرْمَةً عِنْدَ اللهِ مِنْكِ، إنَّ اللهَ حَرَّمَ مِنْكِ وَاحِدَةً، وَحَرَّمَ مِنَ الْمُؤْمِنِ ثَلَاثًا: دَمَهُ، وَمَالَهُ، وَأَنْ يُظَنَّ بِهِ ظَنَّ السُّوءِ
Alloh sendan faqat bir narsani yaʼni seni poymol qilishni harom qilgan boʻlsa. Moʻmining uch narsasini yaʼni qonini molini va u haqida yomon gumon qilishni harom qildi», dedilar
Shayton insoning qon tomirida yuradi
Shuning uchun yomon gumon qilish harom. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahoblarga va bu orqali butun ummatlariga taʼlim boʻlishi uchun bir kuni shunday qildilar.
Bu voqeani Imom Buxoriy kioblarida keltirganlar:
Safiyya bint Huyay onamiz aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eʼtikofda oʻtirgan edilar. Kechasi u zotni ziyorat qilishga keldim va u zot bilan gaplashdim. Keyin turib, ortimga qaytdim. U zot meni kuzatib qoʻyish uchun men bilan birga turdilar. Shu payt ansorlardan ikki kishi oʻtib qoldi. Ular Nabiy sollallohu alayhi vasallamni koʻrib, tezlab ketishdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Shoshmanglar, axir bu Safiyya bint Huyay!» dedilar. Ular: “Subhanalloh, ey Allohning Rasuli! Siz haqingizda yomon xayolga borarmidik” deyishdi. U zot: “Shayton insonning qonyurar joyida yuradi. Men qalblaringizga shayton biror yomonlik solib qoʻyishidan qoʻrqdim”, dedilar».
SALAFLARNING SOʻZLARI
Umar roziyallohu anhu aytadilar:
“Mususulmon birodaring haqida kelgan xabarni yaxshilikkka yoyib husniz-zon qilishning imkoniyati boʻla turib, yomon gumonga borishing halol emas”.
Sayid ibn Musayyab aytadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan boʻlgan baʼzi birodarlarim menga : «Musulmon birodaringni ishi haqida keladigan xabarlarni eng yaxshi gumonga solgin», deb maktub yozishdi».
Abdulloh ibn Muqaffal rahmatullohi alayh aytadi:
التَمِسْ لِأَخِيكَ سَبْعِينَ عُذْرًا وَلَا تَسُؤْ بِهِ الظَّنَّ
“Birodaring haqida yomon xabar kelganda, yetmishda uzr istagin. U haqida yomon gumonga bormagin”.
BUGUNGI HOLATIMIZ:
Telfon boʻlib qolsa koʻtarolmasangiz, “Ha koʻtarmayapti. Qochib yuribdi. Koʻtargisi kelmayapti”, degan gumonga boramiz.
Aytilgan joyga borolmadik. Ha pisand qilmadi-da. Boshqalarnikiga boradi. Bizni mensimadi, deyishadi.
Ilgari yomon gumon qilish ayollarning orasida keng tarqalgan illat edi. Bugun bu borada erkaklar ayollardan oʻzib ketgan.
Yaxshi gumon qilishning foydalari:
Aslida yaxshi gumon qilishning bir necha foidalari bor. Lekin yaxshi gumon qiluvchi insoning qalbida boshqa musulmonlarga nisbatan gʻillu gʻash boʻlmasligining oʻzi sizu bizni yaxshi gumon qilishni oʻzimizga odat qilib olishimizga kifoya qilgan boʻlardi. Endi yaxshi gumon qilishning quyidagi foydalarini sanab oʻtamiz:
1. Iymon komilligining alomati
Chunki faqat mukammal iymonga ega boʻlgan kishigina yaxshi gumon qiladi.
2. Shaytoninng fitna va yomonlikni qoʻzgʻatishi mumkin boʻlgan eshikni yopib qoʻyasiz.
3. Jamiyatda mehr oqibat va birodarlik ruhi keng yoyiladi.
Tasavvur qilib koʻring hamma yaxshi gumon qiladigan boʻlsa, adovat koʻtariladi.
4. Yaxshilik xislatlari tarqalib yomonlik xislati barham topadi
Xulosa qilib aytganda haqiqiy moʻmin, moʻminlar haqida yaxshi gumonda boʻladi. Birov unga fisq xabarni yetkazganda darhol xulosa chiqarmaydi. Moʻmin husnuz-zon ila yomonlarni yaxshiga aylantiradi.
Adiz Usmon,
Mir Arab oʻrta maxsus islom
taʼlim muassasasi mudarrisi