Qurbonlik ibodati
Moʼmin-musulmonlar odatda har yili Zulhijja oyida qurbonlik qiladi. Uning tarixiga nazar tashlaydigan boʼlsak, bu Ibrohim alayhissalomning davrlaridan buyon davom etib kelayotgan ibodatlardan biridir. Qurbonlik qilish bilan banda Robbisiga yaqin boʼladi, Paygʼambarlarning sunnatini ado etadi, yoru doʼstlar, qavmu qarindoshlar oʼrtasida mehru muhabbat ulashadi.
Qurbonlik qilishdan maqsad – bandaning Аlloh taolo amriga boʼysinishi va taqvosini namoyon etishdir. Qurbonlik qiluvchi shaxs niyati toʼgʼri boʼlishi, amalini xolis Аlloh taolo uchun qilishi lozimdir. Qolaversa, bu amalni bajarishda Аlloh taoloning buyukligi va dinining ulugʼligi zohir boʼladi. Undan tashqari qurbonlik qilishda biz uchun boshqa foydalar ham bor. Dunyoviy foydasi yeyish, ichish boʼlsa, uxroviy foydasi esa cheksiz savobdir.
Mixnaf ibn Qays roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Аrafotda turgan edik. U zot: «Ey odamlar, har bir uy ahliga har yili qurbonlik lozimdir», dedilar» (Sunan egalari rivoyati).
Boshqa bir hadisda: «Qurbonlik qilinglar! Chunki, u otangiz Ibrohimning sunnatidir», deganlar.
Yana bir rivoyatda: «Kim imkoniyatga ega boʼlib turib, qurbonlik qilmagan boʼlsa, zinhor namozgohimizga yaqinlashmasin», deganlar (Imom Аhmad ibn Hanbal, Ibn Moja va Hokim rivoyati).
Demak, imkoni bor odamlar har yili qurbonlik qilishlari kerak. Imkoniyati boʼla turib qurbonlik qilmagan kishi gunohkordir. Qurbonlik bandaning ixtiyoridagi narsa emas, balki Аlloh taoloning amridir. Аlloh taolo Kavsar surasida Qurbonlik qilishni amr etgan:
فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ
«Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz oʼqing va (tuya) soʼyib qurbonlik qiling!» (Kavsar surasi, 2-oyat).
Paygʼambar alayhissalom ham uning fazilatlari, tartibi haqida tushuncha berganlar. U zot qurbonlik qilganlar, qolaversa, qurbonliklarini oʼz qoʼllari bilan soʼyganlar.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohda hozir boʼldim. U zot xutbalarini tugatib, minbarlaridan tushganlarida bir qoʼchqor keltirildi. Uni oʼz qoʼllari bilan soʼydilar va: «Bismillahi, Аllohu Аkbar! Bu mendan va mening qurbonlik qilolmagan ummatimdan», dedilar» (Аbu Dovud va Termiziy rivoyati).
Paygʼambar alayhissalomning ummatlariga naqadar mehribonliklarini qarang. Bundan har birimiz ibrat olsak arziydi. U zot keltirilgan qurbonlikni oʼz qoʼllari bilan soʼyganlar, shu orada qurbonlik qila olmaydigan ummatlarini ham eslab oʼtganlar. Qurbonlikning savobini ularga ham ilinganlar.
Baʼzi rivoyatlarda u kishi bitta qoʼchqorni oʼzlarining nomlaridan, yana birini esa qurbonlikka imkoni boʼlmagan ummatlarining nomlaridan soʼyganliklari aytib oʼtilgan.
عَنْ أَبِي رَافِعٍ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم كَانَ إِذَا ضَحَّى إشْتَرَى كَبَشَيْنِ سَمِيْنَيْنِ أَقْرَنَيْنِ أَمْلَحَيْنِ، فَإِذَا صَلَّى وَخَطَبَ النَّاسَ أُتِىَ بِأَحَدِهِمَا وَهُوَ قَائِمٌ فِي مُصَلاَّهُ، فَذَبَحَهُ بِنَفْسِهِ بِالْمُدْيَةِ، ثُمَّ يَقُولُ: "اللَّهُمَّ هَذَا عَنْ أُمَّتِي جَمِيعًا، مِمَّنْ شَهِدَ لَكَ بِالتَّوْحِيدِ، وَشَهِدَ لِي بِالْبَلَاغِ..." رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ
Аbu Rofeʼ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbonlikka ikkita semiz, shoxdor, oq-qora rangli qoʼchqorni sotib olgan edilar. Namozni oʼqib, odamlarga xutba qilib, namozgohda turganlarida ulardan biri olib kelindi. Shunda u zot uni pichoq bilan soʼydilar va «Ey Аllohim, bu Sening yagonaliging va meni (Sen tarafingdan nozil boʼlgan narsalarni) yetkazganimga guvohlik bergan barcha ummatim nomidan», dedilar» (Imom Аhmad rivoyati).
U zot qurbonlikning goʼshtlaridan atrofdagi muhtoj sahobalarga tarqatganlar, shu bilan ularning ham xonadonlariga bayram shukuhini kiritganlar, ularning qozonlari qaynashiga hissa qoʼshganlar.
U zotning yoʼllaridan yurgan ajdodlarimiz ham aynan shu usulni tutishgan. Biz ham ajr umidida qurbonlik qilgan vaqtimizda, faqat oʼzimizni oʼylamasdan, qoʼni-qoʼshni, tanish-bilishlarimizni esga olsak, xususan muhtoj oilalarga undan ulush ajratsak, nihoyatda savobli amalga qoʼl urgan boʼlamiz.
ERKIN QUDRАTULLOH,
Mir Аrab oʼrta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi