Uchinchi Renessans o’zi nima?
Darvoqe, “Yangi“ degan so‘zning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng ko‘hna bayramlarimizdan biri Navro‘z-Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bog‘liq qadriyat va an’analar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek, “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z!” degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi
Shavkat Mirziyoyev M.
Uchinchi Renessansda yuz bergan siyosiy o’zgarishlar va madaniy yangiliklar Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani haqida gapirdi. Prezident har bir xalq faqat erkin va ozod boʻlgan taqdirdagina, oʻz hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega boʻlishini taʼkidlagan. “Haq berilmas, haq olinur!” deb, millat ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi. Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʻlmaylik, mustaqillik gʻoyasi, istiqlol ruhi bizga doimo togʻdek tayanch boʻlmoqda.
Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni koʻra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib oʻtib kelmoqdamiz. Shu nuqtayi nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʻurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʻlib qoladi.
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir. Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas», dedi davlat rahbari. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlamoqda:
– Hech kim, hech qachon unutmasligi kerak, qanchalik qiyin boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyatlar talab etilmasin, Oʻzbekistonning bironta fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi – dedi davlatimiz rahbari.
Ma’lumki, G‘arb adabiyotlarida Yevropa mamlakatlarida keskin madaniy yuksalishga olib kelgan XV-XVII asrlarni Renessans – Uyg‘onish davri nomi bilan yuritadilar. Masalan, XIX asrda yashagan fransuz olimi Jozef Ernest Renanning fikricha, “Absolyut tizimlar zamoni o‘tdi. Ilgari har bir olim o‘z sistemasiga ega bo‘lib, uning uchun yashar va kerak bo‘lsa jonini berar edi. Endi biz ularning barchasini birin-ketin yoki bir varakayiga o‘rgana olamiz” 2 . Biroq ko‘pchilik mualliflar Sharqda shunday jarayon bo‘lganligidan ko‘z yumadilar. Holbuki, IX-XII asrlarda Markaziy Osiyoda Yevropadan bir necha asr ilgari madaniy yuksalish yuz berganligini hech kim inkor eta olmaydi. U Yevropadagidek yangi siyosiy-iqtisodiy jarayon, ya’ni burjua munosabatlarining vujudga kelishi bilan bog‘liq bo‘lmagan bo‘lsa-da, madaniyat tarixida so‘nmas iz qoldirdi va Yevropa Renessansining vujudga kelishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. SHuning uchun biz IX-XII asrlardagi Markaziy Osiyo madaniy yuksalishini Uyg‘onish davri, aniqrog‘i ilk Uyg‘onish davri madaniyati deb atashga to‘la asosimiz bor. Bu ilk Uyg‘onish davri madaniyati siyosiy-iqtisodiy jihatdan Yevropa mamlakatlaridan farqli o‘laroq mustaqillikka erishish va bu mintaqada mustaqil davlatlarning vujudga kelish jarayoni bilan uzviy bog‘liqdir.
Bu davrda yashagan mutafakkirlarning deyarli barchalariga quyidagi xususiyatlar xos edi: madaniyatning o‘tmishda erishgan yutuqlarini, xususan, qadimgi Yunon, Hind, Xitoy merosini chuqur o‘rganish va uni ijodiy rivojlantirish, tabiatni o‘rganishga qiziqishning ortishi va tabiiy fanlar taraqqiyoti (astronomiya, geografiya, riyoziyot (matematika), meditsina va hokazo); ratsionalizm, ya’ni aqlni haqiqatning mezoni sifatida tan olish va buning natijasida mantiqiy rivojlantirish,aqidaparastlikni rad etish va hurfikrlilikning rivojlanishi; insonparvarlikni ulug‘lash, insonning axloqiy, ma’naviy go‘zalligini, kamoloti Allohning yuksak in’omi sifatida talqin etilishi, so‘z san’atiga muhabbat, ilmiy asarning badiiy shakliga alohida e’tibor berilishi, qomusiy bilimlarga ega bo‘lishlik. Bu davrda yashagan mutafakkirlar fan va san’atning ko‘p sohalarini chuqur bilgan allomalar bo‘lganlar. Bu davrda Yaqin Sharqda Al-Ma’mun xalifalik qilgan davrda (813-833) davlat ilm-ma’rifatning o‘sishiga yordam berdi.Bag‘dodda, sungra Damashqda astronomik rasadxonalar qurildi.
Bag‘dodda “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”) tashkil etildi. Bu ilm dargohlarida O‘rta Osiyolik olimlar faol ishtirok etdilar. XI asrning boshlarida Xorazmda mashhur “Ma’mun akademiyasi” tashkil qilindi. Bu yerda Beruniy atrofiga o‘sha zamonning bir guruh olimlari, jumladan, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr ibn Iroq, shuningdek, faylasuf Abu Saxl Masihiy, tabib Abul Xayr Hammar va boshqa olimlar ko‘plab ilmiy izlanishlar olib bordilar. Bu davrda tabiiyot ilmi, panteistik falsafa bilan birga islom ilohiyoti ham keng rivojlandi. Muhaddis sifatida butun musulmon olamida mashhur Imom Buxoriy, Imom Iso at-Termiziy, kalom ta’limotining asoschilari Abu Mansur Moturidiy va Burhoniddin al-Marg‘inoniy hamda Abu Homid Muhammad al-G‘azzoliylar islom dini rivojiga katta hissa qo‘shdilar.Ikkinchi Renessans – Sohibqiron Amir Temur va temuriylar sulolasi hukmronlik qilgan (XV-XVI asrning birinchi yarmi) davrga to‘g‘ri keladi. Bu davrda yashab, ijod etgan olim va mutafakkirlar Sa’diddin Taftazoniy, Mir Sayyid Sharif Jurjoniy, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek, G‘iyosiddin Jamshid al-Koshiy, Alauddin Ali ibn Muhammad Qushchi, Abdurahmon Jomiy,
Nizomiddin Mir Alisher Navoiy, Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiy, mashhur tarixchilar Mirxojd va Xondamir, rassomlar Kamoliddin Behzod va shoh Muzaffarlarning nomlari dunyoga mashhur bo‘lgan. Bu davrda davlatni boshqarishda din va tasavvuf qoidalariga alohida e’tibor berildi. Ahmad YAssaviy va Bahouddin Naqshband ta’limotlari ma’naviyat rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ilm-fan rivojlantirildi, me’morchilik san’ati yuksak darajaga ko‘tarildi. Amir Temur Ko‘ksaroy masjidi, Shohizinda, Bibixonim madrasasini qurdirdi. Keshda (Shahrisabz) Oqsaroy barpo etildi. Mirzo Ulug‘bek davrida Registonda, keyinchalik Buxoro va G‘ijduvonda madrasalar, Bibixonim masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi, Ulug‘bekning falakiyot rasadxonasi qurildi. Ilm-fan, xususan, falsafa, mantiq ilmi rivojiga katta e’tibor berildi.
Buning natijasida XIVXV asrdan boshlab islom madrasalarida mantiq ilmini o‘qitish huquq va tilshunoslik fanlari bilan bog‘liq holda olib borildi. Buyuk falakiyotchi olim va davlat arbobi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek matematika, astronomiya, geometriya, tarix, kimyo va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Uning eng mashhur asari “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”da 1118 yulduzning o‘rni va holati aniqlab berilgan. Ulug‘bek Quyosh va Oy harakatlarini, ularning tutilish vaqtlarini to‘g‘ri hisoblab chiqqan. U atrofiga iqtidorli yoshlarni to‘plab, o‘zining ilmiy maktabini yaratdi. Sharq Renessansining ikkinchi davrida yaratilgan falsafiy, badiiy tafakkur rivojining yorqin namunasi Alisher Navoiy ijodida o‘z ifodasini topgan.
Sharq Renessansi haqida ko‘plab asarlar yozilgan. Ularda o‘sha davrlarda Sharqda Islom ilmlari bilan bir qatorda ijtimoiy, tabiiy fanlar ham rivojlangani qayd etilgan. Bu haqda shveysariyalik mashhur sharqshunos Adam Metsning “Musulmon Renessansi” asaridan ma’lumotlarni olish mumkin. Mazkur asar IX-X asrlarda musulmon sharqida yuz bergan madaniy rivojlanishning tarixiga bag‘ishlangan. Masalan, unda qayd etilishicha, “Keyingi o‘zgarishlarning sababi shunda ediki, huquqshunoslik ilohiyotdan ajralib chiqib, olimlar guruhi bir-biriga dushmanlik ruhida bo‘lgan ikki guruhga bo‘linib ketdi, ya’ni faqihlar (fuqiho) va olimlar (ulamo)”. Birinchi guruh atrofiga bir parcha non topish umidida bo‘lgan juda ko‘p talabalar to‘plandi, negaki, kimki huquq va urf-odatlarni o‘qib olsa, ular yordamida qozilik va voizlik joyini egallashi mumkin edi. Bu to‘g‘rida o‘zining yaxshi iboralari bilan mashhur bo‘lgan al-Johid shunday deydi: “Biz o‘z tajribamizdan shunga ishonamizki, kimki ellik yil davomida hadislarni o‘rgansa va Qur’onni sharhlashni bilsa ham u faqihlar jumlasidan hisoblanadi va qozilik lavozimiga erisha olmaydi. Bunga u shu vaqtdagina erisha oladiki, agar u Abu Hanifaning va unga o‘xshashlarning amaliy faqihlik iboralarini yoddan o‘rganib olsa va u bunga bir-ikki yilda erisha oladi. Ko‘p o‘tmay bunday odamni shahar yoki hatto viloyat qozisi etib tayinlashlari mumkin”.
Dunyoviy fanlarning bilimdoni ilohiyotchidan o‘zining kiyimi bilan ham farq qilar va “kotib” deb atalar edi. Ilohiyotchi taylason kiyimini kiyar ediki, u uzun bo‘lib to‘pig‘igacha tushar edi. Kotiblarning tayanchi dunyoviy ilmlar o‘lkasi bo‘lgan Fors bo‘lib, uning poytaxti SHerozda ilohiyotchilardan ko‘ra, ularga katta ehtirom ko‘rsatilar edi.Har bir nazarga ilinadigan masjid huzurida o‘zining kitobxonasi bo‘lar edi, negaki, shunday odat mavjud ediki, o‘lim oldidan o‘z kitoblarini masjid kutubxonasiga berishni vasiyat qilar edilar. Aytishlaricha, Marv shahridagi masjidning kutubxonasi asosini Yezdigerd III o‘zi bilan olib kelgan kitoblar tashkil etgan.
Shuningdek, amerikalik mashhur fan tarixchisi Jorj Sartonning “Fan tarixiga kirish” nomli fundamental ishi ham bu to‘g‘rida qimmatli ma’lumotlarni mujassam etgan. XIX asrning oxiri XX asrning boshida Turkiston madaniyati qator talantli olim, sayyox, shoir, pedagog, jurnalistlarni etishtirib chiqardi, ular xalqimizning umumiy madaniyati rivojlanishiga juda katta ta’sir ko‘rsatdilar. Yevropa madaniyati yangiliklari, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi o‘zgarishlar Turkiston madaniyatida yerli xalqning mustamlakachilik siyosati, kamsitilishiga qarshi ma’rifatchilik harakatini kuchaytirib yubordi. U asosan xalqni yangi madaniyat, ma’rifatga chaqirishga, millatni uyg‘otishga, yangilanayotgan ma’naviyatni egallashga yo‘naltirilgan edi. Asta-sekin ma’rifatchilikdan jadidchilik o‘sib chiqdi va u ma’lum darajada siyosiy masalalarni olg‘a sura boshladi. Yangi ta’lim-tarbiya, yangi maktab, yangi maorif, uni boshqarish, madaniy targ‘ibot, tashkilotchilik masalalari asosiy o‘ringa ko‘tarildi. Yangiliklarga asoslangan holda rus va eski feodal maorifdan farq qiluvchi fikr-g‘oyalar oldinga surildi, ular erli matbuot, turli kitoblar orqali keng targ‘ib etildi. Bu madaniyatdagi mustamlakachilikka qarshi mustaqillikka xalq ongini oshirish, o‘z ahvolini yaxshilashga intilishning ko‘rinishlaridan edi.
Ushbu Uchinchi Renessans davrida Ahmad Donish, Berdaq, Feruz, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Bayoniy, Avaz O‘tar kabi olim, shoirlar o‘z davrining muhim masalalarini ko‘tarib chiqdilar va xalqni ilm-fan, ma’rifatni egallashga undadilar. Behbudiy, Abdulla Avloniy, Fitrat, CHo‘lpon, S.Ayniy, Hamza kabi iste’dod egalari jadidchilik g‘oyalarini olg‘a surish va targ‘ib qilish sohasida bayroqdor bo‘lib tanildilar. Turkistonning o‘z rivojlanish yo‘lini targ‘ib etishda jonbozlik ko‘ratdilar. Mustaqilligimiz arafasida ularning izdoshlari bo‘lgan Rauf Parpi va Gulchehra Nurullaevalar jasorat ko‘rsatib, bu ishni davom ettirdilar. Masalan, 1989 yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi masalasi ko‘tarilganda Gulchehra Nurullaeva, “agar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilmas ekan, o‘zimni Qizil Maydonda yoqaman”, degan bayonot bilan chiqdi. U umrining oxirigacha haqiqiy mustaqillik uchun kurashdi.
Mustaqilligimiz tufayligina millatimiz va jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Sharq uyg‘onish davrini ilmiy, xolis o‘rganish, baholash imkoni ochildi.
Sayidov Toʻlqin Rasul oʻgʻli
Mir Arab o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 303-guruh talabasi