02.12.2023

MENING QARASHIM

Har taraqqiy aylagan millat eliga sol quloq,
Kecha-kunduz so'zlari afkor ilm, afkor ilm.
Ul haqiqat oyinig'a sayqal istarsan, Nihon,
 Ilm ista, ilm ista, istagil zinhor ilm.
                                   Hamza Hakimzoda Niyoziy


         Bundan qariyb 100 yillar muqaddam, sobiq sho'rolar davrida o'zlarining ayrim haq-huquqlarini talab qilgan xalqimizning 10000 nafari vahshiylarcha qirib tashlanadi. O'sha davrlarda bizning buyuk xalqimiz shundayin bir "uyg'onish"ga muxtoj ediki, mustamlakachilikni tag-tugi bilan yo'q qiladigan, jaholatni ketkazib ma'rifatni yuksaltiradigan, zulmni yengib adolatni qoim qiladigan, yot madaniyatni quvib milliyligimizni dunyoga tanitadigan, bir so'z bilan aytganda o'zligimizni anglatadigan O'zbekona "uyg'onishga" muxtoj edi.
         Mana shuni his qilgan, xalqning orasida o'sib ulg'aygan, ularning, azob uqubatlaridan xabardor bo'lgan, millatimizni "uyg'otish"ga astoydil bel bog'lagan 271 nafar (ehtimol undan ham ko'proq) ma'rifatparvar jadidchi bobolarimiz shu "uyg'onishlik" , shu Renessans yo'lida qatag'on qilinganlar.
        Allohga beadad hamdu sanolar bo'lsinki, biz, bugun shunday bir davrga yetib keldikki, endi bugun ularning amalga oshirmoqchi bo'lgan ishlarini butun bir davatimiz o'z oldiga ustuvor maqsad qilib qo'ygan. Shu maqsad yo'lida jonlarini fido qilgan 271 nafar buyuk insonlarning g'oyasi bugun butun davlatimiz, millionlab insonlarning bosh g'oyasiga aylandi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan yangidan yangi islohotlar esa buning yaqqol namunasidir. 
      Renessans o'zi nima? Renessans bu "qayta tug'ilish", Renessans bu "uyg'onishlik" , Renessans bu kelajakka intilish, Renessans bu istiqbol, Renessans bu ertangi kunimiz, bir so'z bilan aytganda esa, Renessans bu "Yangi O'zbekiston" demakdir. 
Har bir maqsadga olib boradigan yo'l bo'lgani kabi, bu maqsadlarga ham bizni boshlab boradigan yagona yo'l bu ilm-ma'rifat yo'lidir. Darhaqiqat, har qanday rivojlangan, buyuk davlat borki bugungi natijalarga erishishlarining negizi ilm- fan va ta'limga qaratilgan e'tiborning samarasi o'laroq desak yanglishmaymiz. 
Barchamiz bilgan jadidchi qahramonlarimizdan biri bo'lgan ma'rifatparvar adib, Hamza Hakimzoda Niyoziy bobomiz ham o'z she'rlaridan birida shunday deydilar:
Har taraqqiy aylagan millat eliga sol quloq,
Kecha-kunduz so'zlari afkor ilm, afkor ilm.
Ul haqiqat oyinig'a sayqal istarsan, Nihon,
 Ilm ista, ilm ista, istagil zinhor ilm.

        Adib aytmoqdaki har bir taraqqiy qilgan millatning tarixiga nazar solsak, taraqqiyotining sababi kechayu-kunduz ilm haqida tafakkur qilganligi, ilmdan boshqa fikru xayoli bo'lmaganidadir. Haqiqat oynasiga, hayotning haqiqatlariga jilo berishni, sayqallashni istasang faqat va faqat ilm izla, ilm talab qil Nihon deb o'ziga murojaat qilmoqda. Haqiqatdan ham har bir rivojlangan, yuksak malakali millat borki, shoir aytganiday barchasining zamirida xalqning, yoshlarning ilmga bo'lgan muhabbatlari, turli fanlardagi yuksalishlari va yutuqlari yotadi. Shu o'rinda ta'kidlash joizki, agarda mana shu har bir ilm fanning negiziga qaraydigan bo'lsak, deyarli barcha fanlarning rivojida, yuzaga chiqishida bizlarning buyuk bobokalonlarimizning xizmatlari yotganini ko'rishimiz mumkin. Ularning hayot yo'llariga nazar soladigan bo'lsak barchalari, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Farg'oniy, Marg'iloniy va yana boshqa yuzlab allomalarimizning hammalari, butun dunyo tan olgan buyuk mutafakkir, olimlar bo'lishgan. Bugungi kundagi deyarli barcha ilmlar, ularning qoldirib ketgan ilmlarining ustiga bunyod qilingandir. Ularning mana shunday ilmga bo'lgan muhabbatlarining sababidan bizning yurtimiz o'sha paytlarda ilm o'choqlaridan biri, madaniyat va ma'rifat yuksak ravnaq topgan, o'z davrining buyuk davlatlaridan biri bo'lgan. Bu haqda hattoki AQSH ning Chikago shtatida ikki yuz ming nusxada chop qilinadigan, ingliz tilidagi ikki jildlik "Jahon qomusiy lug'ati"da millatimiz o'tmishi haqida shunday so'zlar bitilgan: 
     " O'zbek - jahon xalqlari orasida birinchilardan bo'lib o'troqlashgan, madaniy turmush kechiruvchi, jahon sivilizatsiyasiga hissa qo'shgan millat". 
     Bundan ko'rinib turadiki bizning millat 9-12 asrlarda, hamda 14-15 asrlarda yuz bergan ikki buyuk islomiy Uyg'onish - Renessansda dunyo ilm - fani va madaniyati taraqqiyoti uchun behad katta hissa qo'shgani butun dunyoga ma'lumdir. Buning uchun eng asosiy birdan bir omil oliy ta'lim maskanlari, madrasalar va ularda to'plangan olimu - ulamolarning xizmatlaridir. Ammo, afsuslar bo'lsinki dushmanlar bosqini, mustamlakachiliklar sabab mamlakatda parchalanish, ilmsizlik, ma'rifatsizlik, ma'naviy va aqliy qoloqlik hukmron bo'la boshladi. Aynan mana shu illatlatlar sabab yurtimiz, xalqimiz tanazzulga yuz tutgandi. 
    Muhtaram yurtboshimiz ham ularning mana shu maqsadlarini his qilgan holda yurtimizning yangi yuksalish yo'li ham aynan ilm yo'lidan bo'lishini, ilmdan boshqa yo'l behuda ekanligini bot-bot takidlab, biz yoshlarni ham shu yo'lga davat qilib kelmoqdalar. Ulug' allomalarimizning ilmdagi erishgan yutuqlari tinimsiz izlanish bilan birga, Alloh rizoligi uchun o'rganilganligi sabab hali hanuzgacha butun insoniyatga xizmat qilib kelmoqda. Yurtimizda bugungi kunda olib borilayotgan diniy islohotlar ham aslida shu maqsadning, shu Renessansning bir qismi desak xato bo'lmaydi. Chunki yoshlarimiz qachonki Allohni, dinini, o'zligini bilgan, yurtimizning, musulmonlarning manfaatini o'ylagan holda ilm o'rgansalar ertaga bunday ma'rifatli yoshlardan chinakam olimlar, yurtimizning ravnaqiga hissa qo'shadigan chinakam yurt fidoyilari yetishib chiqadi. Ishonch bilan ayta olamizki bizning ona yurtimiz ham yanada yuksalib, taraqqiy topadi, avvallari bo'lgani kabi yana ilm- ma'rifat, madaniyat o'chog'iga aylanadi, barcha jabhalarda eng yuqori natijalarga yana erishadi. Faqat biz buning uchun o'zgarishlikni aynan bugundan boshlashimiz lozim bo'ladi. Zero, Alloh taolo ham kalomida buni ta'kidlab shunday marhamat qiladi:

إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ
ya'ni: “...Albatta, biror qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Alloh ularni o‘zgartirmas...” (Ra'd surasi, 11-oyat)
     Shunday ekan, ilm talab qilishlikni biz aynan bugundan, hozirdan boshlab o'zimizni va yurtimizni o'zgartirishlik uchun harakat qilishimiz lozim. 
     Qolaversa yana aytishimiz lozimki bugungi kunda dunyoda  g‘oyaviy,  mafkuraviy kurash  ya’ni, dunyoni  g‘oyaviy  jihatdan  bo‘lib  olishga  bo‘lgan  urinish  kuchayib bormoqda. Bunday sharoitda sog`lom e`tiqodli, ilmli, o‘z maqsadini aniq belgilab  olgan,  ehtiyoj  va  manfaatlarini  yaxshi  anglab  yеtgan kishigina kelajagini  saqlab  qoladi  va  istiqbolini  belgalaydi. Shunday ekan biz o'zimiz va yurtimiz kelajagi uchun ham aynan bugundan harakat qilmog'imiz lozim va buning uchun bugungi kunda barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Gapimiz isboti o'laroq aytamizki, 2018-yil 16-noyabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida, Nukus shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda, yurtimizning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etilishi toʻgʻrisida eʼlon qildi va 4 oydan soʻng „Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ qarorni imzoladi.
     2019-yilning iyun oyida „Prezident maktablari toʻgʻrisida nizom“ tasdiqlanib sentabr oyida „Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish toʻgʻrisida“ Prezident farmoni eʼlon qilindi. Yurtboshimizning 2021-yilda imzolagan qaroriga muvofiq, agentlik nomi „Prezident taʼlim muassasalari agentligi“ga oʻzgartirildi va ayni paytda yurtimiz viloyatlarining markazlarida va ayrim yirik shaharlarida jami 14ta prezident maktablari 500 nafar chet ellik mutaxassislar yordami asosida faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari yana 9 ta 
      Ijod maktablari, 3 ta Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablari, 1000 taga yaqin Ixtisoslashtirilgan maktablar, 337 ta kasb-hunar maktablari tashkil qilinganligining o'ziyoq ta'lim sohasida qanchalik keng ko'lamli islohotlar olib borilayotganligining va biz ta'kidlayotgan Renessansga yurtboshimiz boshchiligida butun davlatimiz qanchalik bel bog'laganining yaqqol namunasi bo'ladi.
      Bundan tashqari Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Faxriddin ar-Roziy madrasalari tashkil qilinishi diniy ta'lim sohasida ham ko'plab islohotlar olib borilayotganini ko'rsatib beradi.
       Xulosa o'rnida shuni aytishimiz mumkinki maktab, ilm dargohlari bu - bolalarning, yoshlarning ikkinchi beshiklaridir. Dastlabki beshik inson tanasi sog'lom va ravon o'sishini taminlab bersa, maktab esa, uning fikrining ravon va sog'lom ekanligini, ma'rifati yuksak bo'lishini ta'minlab beradi. Zero, aqli nosog'lom bo'lgan sog'lom tanadan, na insonning o'ziga va na jamiyatga hech qanday naf yo'qdir. Shuning uchun ham biz yoshlar mana shu yuksalishlik uchun eng avvalo puxta ilm egallamoqligimiz lozimdir. Bu so'zlarimiz xalqimiz rahnamolaridan biri bo'lgan ma'rifatparvar inson Munavvar qori Abdurashidxonovning quyidagi she'rida o'z ifodasini topgandir: 
Qo'zg'olingiz, ey o'rtoqlar! Keldi bizga ishlash chog'i,
Biz barchamiz yosh ishchimiz, ishxonamiz - maktab bog'i.
Turing, tezroq ish boshlaylik,
Yalqovlikni biz tashlaylik!
Ko'kdan bulut yomg'ir sochar, suvlar oqar, o'tlar o'sar
Qushlar uchar, oziq izlar, butun dunyo tinmay ishlar. 
Siz ham turig ey o'rtoqlar, 
Yurt obro'sin yoshlar saqlar.
Jannat kabi go‘zal yurting yig‘lab, sendan ish kutadir,
Senda ko‘rgach ishsizlikni, hasrat chekib, qon yutadir.
Tur o‘rningdan, och ko‘zingni,
Nodonlikka ayt so‘zingni.

 

Jumayev Nozimjon
Mir arab o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 4-bosqich talabasi