Qurbonlikning vaqti
Hayotda shunday ibodatlar borki, ularning vaqti taʼyin qilinmagan, xohlagan paytda bajarilsa oʼz oʼrniga tushadi, amalni bajargan kishiga savob yozilaveradi. Masalan, tahorat, tilovat, zikr, salavot, sabr, shukr, yaxshilik va hokazolar. Bu amallarni xohlagan paytda bajargan kishi ajr-mukofotga ega boʼlaveradi.
Yana shunday ibodatlar ham borki, u uchun vaqt taʼyin qilingan. Belgilangan vaqtidan oldin yoki keyin ado etilsa, oʼz oʼrniga tushmay qoladi. Masalan, namoz, roʼza, haj, iftorlik, saharlik va hokazolar. Bularning har biri uchun belgilangan oʼz vaqti bor. Vaqtidan oldin ado etilsa yoki ortga surilsa, koʼzlangan maqsad hosil boʼlmay qoladi.
Аna shunday ibodatlardan biri qurbonlikdir. Fuqaholarimiz qurbonlikning istilohiy maʼnosini taʼriflab, «Qurbonlik bu – maxsus hayvonni maxsus vaqtda soʼyishdir», deganlar.
Qurbonlik shariatga hijriy ikkinchi sanada kiritilgan. Hanafiy mazhabi boʼyicha hur, balogʼat yoshiga yetgan, oqil, muqim, yaʼni safarda boʼlmagan va zakot nisobiga ega boʼlgan musulmon shaxsga qurbonlik qilish vojib boʼladi. Qurbonlik qilishning vaqti hayit namozi ado etilgandan hayitning uchinchi kuni quyosh botgunga qadar davom etadi. Undan oldin soʼyilsa yoki keyinga qoldirilsa, u qurbonlik oʼrniga oʼtmaydi.
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ .رواه البخارى.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Darhaqiqat, bugungi kunda avval boshlaydigan ishimiz iydul azho (qurbon hayiti) namozini oʼqish, soʼngra (uylarimizga) qaytib qurbonlik qilishdir. Kim shunday qilsa, demak u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kim hayit namozidan oldin soʼysa, u qurbonlik emas, balki oʼz ahli uchun taqdim qilgan goʼshtdir», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Keyingi hadis ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizlarga soʼyish kuni, namozdan keyin xutba qilib: «Kim namozimizni oʼqisa, qiblamizga yuzlansa va qurbonligimizni qilsa, namoz oʼqilmasdan oldin soʼymasin!» dedilar» (Termiziy rivoyati).
Eʼtibor beradigan boʼlsak, har ikkala hadisda qurbonlik hayit namozi ado etilgandan keyin amalga oshirilishi aytib oʼtilmoqda. Kim agar shoshib, namozdan oldin soʼyib qoʼysa, u qurbonlik emas, balki oddiy goʼsht oʼrniga oʼtib qolar ekan. Bunday kishilarning zimmasidan qurbonlik soqit boʼlmaydi. Ular yana boshqatdan soʼyishlari kerak boʼladi.
Shuning uchun biz har qanday ibodatni oʼz oʼrniga tushirishga astoydil harakat qilmogʼimiz kerak. Аks holda ibodatimiz oddiy odatga aylanib qolishi hech gap emas.
ERKIN QUDRАTULLOH,
Mir Аrab oʼrta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi