30.11.2023

Uchinchi Renessans yoshlar nigohida

Aziz o’quvchi! Ushbu maqolada siz eng rivojlangan davlatlarning aksarini tarixida bo’lmagan, 2 buyuk renessansni boshidan o’tkazgan va 3-renessans ostonasida turgan  “Yangi O’zbekiston” ning yoshlar nigohidagi talqinidan boxabar bo’lasiz.
      O’zi renessans so’zi lug’atda uyg’onish, yuksalish degan ma’noga dalolat qilib, istelohda ma’lum bir davlatning taraqqiy etishini, har taraflama yetuk ekanligini bildiradi. Bu maqolada oldin o’tgan ikki renessansni sababchilari, omillari va natijalari haqida to’хtalib o’tishni iroda etmadik. Zero, bu haqida  qayerdan ma’lumot qidirmang misli yo’q darajada faktlar , dalillar va ma’lumotlarga duch kelishingiz ayni haqiqat.
      Endi bevosita uchinchi renessans tufayli sodir bo’layotgan o’zgarishlarga to’xtalsak.
Bugungi kunda 3-renessans har jabhada  o’z mevasini berishni boshladi. Qaysi sohani olmang albatta katta islohotlar  ketmoqda. Biz yoshlar uchun imkoniyatlar eshigi shunchalik ochiqki, buni e’tirof etmaslik – katta xatodir! Birgina “Besh Tashabbus” loyihasini namuna qilib oladigan bo’lsak,  qanchadan-qancha yoshlarni jamiyatning turli sohalarida – kitobxonlik, sport, san’at –  bir umum maqsad ortida birlashtirdi. O’zim shaxsan qatnashib guvohi bo’lgan “ 1 million uzbek coders” bepul innovatsion platformasini  Axborot Texnologiyalari (IT) sohasida O’zbekistonda bo’layotgan taraqqiyotga yorqin misol qilib olishimiz mumkin. 
      Yaqinda, mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahriga tashrif buyurdim, va qadamjolarni, xususan yangi barpo qilinayotgan Islom Svilizatsiyasi markazini,  ziyorat qilarkanman, o’yga cho’mdim, shunda atrofimni o’rab olgan muhtasham obidalarga bir muddat termulib qoldim. Qurilayotgan obidaning haybati, shonli tariximizni yodimga soldi. Savollar go’yoki esayotgan shamolga hamohang holda g’ir – g’ir kela boshladi. “Avvalgi davrlarda (birinchi va ikkinchi uyg’onish davri), qanday omillar bor ediki, Farobiylar, Buxoriylar, Xorazmiylar muqaddas tuproq ustida bisyor edilar? Va nima bo’ldiki hozir bunday butun olam uzra nomi ma’ruf bo’lgan qomusiy olimlar yo’q? Bilmadim”. Shu kabi savollar qandaydir, tez-tez hayolimga keladigan bo’ldi. Madrasa kirish imtihonida talab qilingan Ma’naviyat fanidan tayyorlanar ekanman, bir kun, “Taraqqiyot strategiyasini” sharhlayotgan ustozimizni “Uchinchi Renessans”, “Yangi O’zbekiston” kabi so’zlarni takror-takror ishlatayotganlarini payqadim. Keyinroq, Google platformasiga   “Uchinchi Renessans” qidiruvini berdim. Va men ko’p savollarimga javob olgan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so’zlariga duch keldim: “O‘tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz — „jadidchilik“, ya’ni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma’rifat va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani ma’rifatparvar bobolarimizga o‘z maqsad-muddaolarini to‘liq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”
        Xulosa qilib aytadigan   bo’lsak o’tgan asrlarda ham o’zbek diyoridan bir qancha taraqqiyot mash’alasini yelkasi uzra ko’tara biladigan  jadid bobolarimiz ajrab chiqishgan. Ammo zamon og’irligi tufayli , hurriyatimiz o’z qo’limizda emas balki chor Rossiyasi tarafida ekanligi bunga katta g’ov bo’lgan. Endi bugungi kunimizga nazar solsak, bizni kim taraqqiyotdan, yuksalishdan (renessansdan) judo qilyapti? Faqatgina o’zimiz.Ahir bizning qonimizda buyuk olimlar ulamolar qoni oqmoqda! Bizning maqsadimiz ilm yo’lida dunyo peshqadamlaridan bo’lish emasmi ? Vaqt keldi birodarim    belni mahkam bog’laylik zero yurt yuksalsin!

Boqijonov Ikromxon
Mir Arab o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 1025-guruh talabasi