01.11.2023

Alloh uchun do‘st bo‘lish

Bimillahir Rohmanir Rohiym

Bir biriga begona bo‘lgan insonlarni O‘zining Haq yo‘lida, jannatiga kirgizishlik maqsadida  qalblarini yaqin qilgan, birodar qilgan Alloh Taologa hamdu sanolar. Xulqda tengsiz, barchaga birday mehr-muhabbatli bo‘lgan  zot, suyukligimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovatu salomlar bo‘lsin.

 Inson yaralgan ekan butun hayoti davomida unga har jabxada yordam beradigan, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan chinakam do‘st, jannat yo‘liga, Robbisining roziligi yo‘liga boshlaydigan haqiqiy birodarga muxtoj bo‘lar ekan.

 Go‘zal dinimiz ham bizni aynan Alloh uchun do‘st bo‘lishga, U uchun yaxshi ko‘rishga buyuradi.

 Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululoh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon musulmonning inisidir. Unga xiyonat qilmaydi, uni aldamaydi, uni xorlamaydi. Har bir musulmonning obro‘si, moli, qoni musulmonga haromdir. (Qalbga ishora qilib) taqvo bu joydadir. Musulmon birodarini past sanash kishining yomonligiga kifoya qiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini quyidagi oyat ham quvvatlaydi: “Albatta, mo‘minlar og‘a-inidirlar” (Hujurot surasi, 10-oyat). Mo‘min-mo‘minning inisi ekan, u birodariga xiyonat qilmasligi, voqelikdagi ishning xilofini xabar

bermasligi, uni yolg‘onga chiqarmasdan aytgan gapini qabul qilishi, yordamsiz tashlab ketmay boshiga musibat tushgan vaqtda uning yonida bo‘lib, unga yordam berishi lozim.

Alloh taolo solih bandalarini vasflab: “Va gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, ularni o‘zlaridan ustun qo‘yarlar”, deydi (Hashr surasi, 9-oyat).

U Zot yana: “O‘zlari taomni yaxshi ko‘rib tursalar ham, uni miskin, yetim va asirlarga berarlar” (Inson surasi, 8-oyat).

Sahl roziyallohu anhu rivoyat qilishicha, bir ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamga cheti to‘qilgan burda keltirdi. – (Sahl): «Burda nimaligini bilasizlarmi?» (dedi, ular): «Shamla», deyishdi. (Sahl): «To‘g‘ri», dedi. – «Uni o‘z qo‘lim bilan to‘qidim, sizga kiydirib qo‘yaman, deb keltirdim», dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunga muhtoj bo‘lganlari uchun uni oldilar. Oldimizga chiqqanlarida uni izor qilib olgan ekanlar. Falonchi uni maqtab: «Uni menga kiydiring, muncha chiroyli ekan», dedi. Odamlar: «Yaxshi ish qilmading, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga muhtoj bo‘lganlari uchun kiygan edilar. Sen esa u zotning rad etmasliklarini bila turib so‘rading», deyishdi. U esa: «Allohga qasamki, men uni kiyish uchun emas, kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim, xolos», dedi. Sahl: «O‘sha uning kafani bo‘ldi», dedi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ash’ariylar g‘azotda oziq-ovqat tanqisligiga uchrashsa yoki Madinada oilalarining yeguligi ozayib qolsa, o‘zlaridagi bor narsalarini bir matoga to‘plab, keyin uni o‘rtalarida bir idishda bab-barobar taqsimlashadi. Bas, ular mendan va men ulardanman» (Ikkovi Imom Buxoriy “Sahih”idan).

Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Amakim bobosi Abdulloh ibn Mus’abdan rivoyat qilib aytdi: “Yarmukda Horis ibn Hishom, Ikrima ibn Abu Jahl, Suhayl ibn Amr shahid bo‘ldilar. Mazkurlar yengilib yotganlarida ularga suv keltirildi. Shunda bir-birlariga ilindilar, har gal bir kishiga tutilganda falonchiga ber, derdi. Toki ichmay vafot etdilar. Ikrima suv so‘raganida Suhaylning o‘ziga qarab turganini ko‘rib: “Unga ber”, dedi. Suhayl esa Horis qarab turganini ko‘rib: “Unga ber”, dedi. Suv unga yetib bormasdan hammalari vafot etdilar.

Yuqorida keltirilgan mazkur oyatu hadislar yuksak mehr-shafqatdan darakdir. Bugungi kunda tobora kamayib borayotgan bu tuyg‘u qanchalar nodir bo‘lib qolgani hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Hatto aka-uka, opa-singil biri boshqasidan moddiy jihatdan farq qiladi: opa yoki akani qarang – juda kambag‘al, singil yo uka esa o‘ta boy. Bunaqa holatlarni bugun juda ko‘p uchratish mumkin.

Saodat asrida esa hatto o‘lim onida turgan bo‘lishsa-da, do‘stlariga suv ilinishyapti, oziq-ovqatlarini o‘rtaga qo‘yishib, hammaga bab-barobar bo‘lishishyapti.

Dunyoning turli burchaklarida och-yalang‘och yurgan do‘stu birodarlarimizga e’tibor bering, ular har xil urush qurbonlari bo‘lishdi. Mayli, biz bu yerdan turib biror yegulik yoki boshqa ehtiyojlariga yarasha narsa jo‘natolmasmiz, lekin hech yo‘q duo qilib qo‘yaylik, Alloh taolo ularga ham tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, mo‘l rizqu nasiba ato etsin.

Kunda bir bora musulmon do‘stlarimizni eslab, ular uchun duoga qo‘l ochishimiz ham mehru shafqatdan emasmi, azizlar?!

 

Bahodir qori Rahmatov,

Mir Arab o‘rta maxsus islom

ta’lim muassasasi mudarrisi