28.10.2023

SALOMLASHISh ODOBI

Alloh taolo bashariyat otasi Odam alayhissalomni yaratgan vaqtda unga salom berishni ta’lim bergan. Salom so‘zi ana shu tarzda shariatga kirib kelgan va insonlar qalbida muhim o‘rin tutgan. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib aytadi:

 فَإِذَا دَخَلْتُمْ بُيُوتًا فَسَلِّمُوا عَلَى أَنْفُسِكُمْ تَحِيَّةً مِنْ عِنْدِ اللَّهِ مُبَارَكَةً طَيِّبَةً كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمُ الْآَيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ 

“...Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz (ya’ni “Assalomu alaykum” deng!) Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh o‘z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur”. (Nur surasi, 61-oyat) 

Boshqa bir oyatda Haq taolo Salom berish va salomga qaytariladigan alik chiroyli suratda bo‘lishi haqida marhamat qilib aytadi:

 وَإِذَا حُيِّيتُمْ بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّوا بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا 

“Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o‘sha (ibora)ni qaytaringiz...”. (Niso surasi, 86-oyat) Salomlashish borasida Payg‘ambar alayhissalomdan juda ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Biz shu o‘rinda ularning ayrimlarini keltirib o‘tish bilan cheklanamiz. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, mo‘min bo‘lmaguningizcha, jannatga kirmassiz. Bir-biringizni yaxshi ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘lmassiz. Sizni agar (amal) qilsangiz, bir-biringizni yaxshi ko‘rgizadigan ishga dalolat qilaymi? Orangizda salomni keng tarqating», dedilar». (Abu Dovud, Termiziy va Muslim rivoyat qilganlar).

 عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: لِيْ يَا بُنَيَّ إِذَا دَخَلْتَ عَلَى أَهْلِكَ فَسَلِّمْ يَكُنْ بَرَكَةً عَلَيْكَ وَ عَلَى أَهْلِ بَيْتِكَ. رَوَاهُ الْإمَامُ التِّرْمِذِي 

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ey o‘g‘lim, qachonki uyingga kirib borsang, ahli oilangga salom berib kirgin. Shunda senga ham ahli oilangga ham baraka bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati). 

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning Allohga eng yaqini ularga eng avval salom berganidir”, dedilar”. 

. عَنْ ثَابِتِ بْنِ عُبَيْدٍ قَالَ: اَتَيْتُ مَجْلِسًا فِيهِ عَبْدُاللَّهِ بْنُ عُمَرَ فَقَالَ: إِذَا سَلَّمْتَ فأَسْمِعْ، فَاِنَّهَا تَحِيَّةٌ مِنْ عِنْدِ اللَّهِ مُبَارَكَةُ طَيِّبَةُ. رَوَاهُ الْبُخَارِي 

Sobit ibn Ubayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Abdulloh ibn Umar o‘tirgan masjidga keldim. U kishi: «Qachon salom bersang, eshittirib ber, chunki salom Alloh taolo tomonidan kelgan muborak, pok takbirdir», dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati) Boshqa bir hadisda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi amal eng yaxshi amaldir?” deb so‘ralganda, U zot: “Tanigan va tanimagan odamingga taom ulashmog‘ing va salom bermog‘ing”, deb javob berganlar. Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: «Assalomu alaykum», deb salom berdi. U zot alik oldilar. (Haligi odam) o‘tirdi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘nta», dedilar. Keyin boshqa bir kishi kelib: «Assalomu alaykum va rohmatulloh», deb salom berdi. U zot alik oldilar. (Haligi odam) o‘tirdi. So‘ngra u zot: «Yigirmata», dedilar. Keyin boshqa bir kishi kelib: «Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh», deb salom berdi. U zot alik oldilar. (Haligi odam) o‘tirdi. So‘ngra u zot: «O‘ttizta», dedilar». Bundan salomni to‘liq aytgan va alikni to‘liq qaytargan kishilar savobni to‘liq olishlari kelib chiqadi. Kim salom-alikka to‘liq savob olishni istasa, «Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu» deb, to‘liq salom bersin. عَنْ أَبِيْ هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللّهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: يُسَلِّمُ الرَّاكِبُ عَلَى الْمَاشِيْ وَ الْمَاشِيْ عَلَى الْقَاعِدِ وَ الْقَلِيلُ عَلَى الْكَثِيْرِ. رَوَاهُ الْإمَامُ مُسْلِمُ 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ulovdagi kishi piyodaga, yurib ketayotgan kishi o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi», dedilar”. (Imom Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisi sharifda aytilishicha, Payg‘ambarimiz alayhissalom: 

يُسَلِّمُ الصَّغِيْرٌ ععَلَى الْكَبِيْر،ِ وَ الْمَارُّ عَلَى الْقَاعِدِ، وَ الْقَلِيْلُ عَلَى الْكَثِيْرِ. (رَوَاهُ الْإمَامُ مُسْلِمُ 

«Kichik kattaga, yurgan o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi», deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).

 عَنْ اَسْمَاءِ بِنْتِ يَزِيدٍ رَضِيَاللَّه عَنْهَا أَنَّ رَسُواللَّه صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّ فِي الْمَسْجِدِ يَوْمًا وَ عصْبةٌ مِنَ النِّسَاءِ قُعُودٌ فَأَلوى بِيَدِهِ بِالتَّسَلُّمِ رَوَاهُ الْإمَامُ التِّرْمِذِي 

Asmo binti Yazid roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam kunlarning birida masjidning yonidan o‘tayotganlarida bir necha ayol o‘tirgan edi. Ularga qo‘llari ila ishora qilib salom berdilar». (Imom Termiziy rivoyati) Kimki fitnadan omonda bo‘lishga ko‘zi yetsa, ayollarga salom berishi joiz. Agar salom berish fitnaga sabab bo‘lsa, u holda salom bermaslik bilan cheklanadi. Husayn Voiz Koshifiy bunday yozadilar: «Agar «Salomga javob berish odobi qaysi?» deb so‘rasalar, «Buning yettita sharti bor», deb ayt. Birinchidan, salomga xursand bo‘lib alik olish. Ikkinchidan, salom berganga «Rahmat», deyish. Uchinchidan, Islom millatiga mansub bo‘lmagan odam salom bersa ham alik olish. To‘rtinchidan, salomga alik oluvchining ham tahoratli, pok bo‘lishi. Beshinchidan, ko‘p kishi turgan bo‘lsa, oralaridan bir odam salomga javob qaytarsa kifoyaligi. Oltinchidan, salomga ishorat yoki imo bilan emas, ovoz chiqarib alik olish. Yettinchidan, salomga alik olganda salom bergan kishining eshitishi zarurligi». Salomni yanada to‘liq va ma’nodor qilish uchun «Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh», ya’ni «Sizga tinchlik-omonlik, Allohning rahmati va barakoti bo‘lsin», deyiladi. Alik olish ham salomga yarasha chiroyli va mukammal bo‘lishi kerak. Salom to‘liq, so‘zlarini buzmay, odob bilan beriladi, u «salom», «somalaykum», «assalom», «salom berdik», «privet», «xayrli kun» kabi buzuq shakllarda bo‘lmasligi lozim. Salom berish Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlari, unga alik olish esa Alloh taoloning buyrug‘i, ya’ni vojib amallardan hisoblanadi. Demak salomga alik olmagan kishi vojibni tark etgani uchun gunohkor bo‘ladi. So‘zimizni mashhur sahoba Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning quyidagi so‘zlaribilan yakunlamoqchimiz: «Har bir narsaning nihoyasi bor, salomning nihoyasi barakotdir». Demak, salom-alik qilib yurgan kishining ustidan Alloh taoloning barakasi yog‘iladi. Zero salom so‘zi Alloh taloning muborak ismlaridan biridir. 

Abdulbosit Rahimov, 
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi, 
Osiyo Xalqaro Universiteti magistranti