Islom – tinchlik va omonlik dini
“Albatta, mo’minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o’rtasini isloh qiling”, deya bandalarini tinchlik-totuvlikka chaqirgan olamlarning Robbisi Alloh taologa qudratiga, buyukligiga yarasha hamdlar bo’lsin, Mo’minlarni butun bir tana kabi hamohang bo’lishga va farovon hayot kechirishga chaqirgan olamlarga Rahmat bo’lgan Muhammad alyhissalomga Allohning salomi va rahmati bo’lsin.
Bizning ota-bobolarimiz, qadim-qadimdan tinchlikning asl mohiyatini, uning qadrini anglab, yoshlarni unga targ’ib qilib kelishgan, bu esa dasturxon atrofida , namozdan keying doimiy vird(vazifa)lariga aylangan “Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilgin” kabi iltijolarida o’z aksini topgan. Bizning go’zal dinimizda keng targ’ib qilingan, lekin hozirda uning mohiyati unutib borilayotgan “salomlashish”(tinchliklashish, omonlashish) kalimasi bo’lmish Assalomu alaykum (arabcha, sizga tinchlik bo’lsin)ning o’zi ham tinchlikning nechog’lik muhim ekanligiga dalolat qiladi. Har safar biror kishi bilan ko’rishganda, uni qarshi oladigan ilk so’zlar Salom – tinchlik, omonlik - kalimalaridir, nega aynan ushbu so’zlar ? Chunki insonlar o’rtasida tinchlik, omonlik, birodarlik ruhi hukm sursa, shundagina jamiyatning barcha jabhalari – ta’lim, moliya, tibbiyot … - taraqqiy etadi. Komil ma’rifat va buyuk xulq sohibi bo’lgan Nabiy alayhissalom ham tinchlikning ahamiyati, uni asrash, qadriga yetish haqida o’z ummatlariga saboq berib shunday deganlar: “Salom – Allohning ismlaridan biridir. O’rtalaringda salomni yoyingiz…”
Ta’assufki, bugungi kunda yer yuzining turli joylarida urush, adovat kabi illatlarning turli ko’rinishlari kuzatilyapti. Ayniqsa, Falastin diyorida bo’layotgan voqealar, minglab hali ona sutiga to’ymagan chaqaloqlarnig yerda yotgan bo’lak-bo’lak jasadlari, u bo’laklarni terayotgan otaning firoq ko’zyoshlari har qanday “Inson” deb chaqiriladigan mavjudotning yuragini tilka-pora qilmay iloji yo’q. Bunday davrda tinchlik va uning qadri haqida so’z yuritish esa, ancha alamli ammo dolzarb masaladir. Bolakay tabassumiga yashiringan tinchlik ne’mati qanchalik buyuk, ardoqli bo’lsa uni vayron qilganlar shu qadar razil va nafratlanilgandir. Alloh taolo Muqaddas Kalomida shunday marhamat qiladi: “ Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o’ldirsa, huddi hamma odamlarni o’ldirgan kabi bo’ladi. Kim uni tiriltirsa huddi hamma odamlarni tiriltirgan kabi bo’ladi”. (Moida, 32). Qanchadan-qancha yer ustidagi insonlarni yer ostiga g’arq qilayotgan o’sha kimsalar Robbilarining bu so’zidan g’ofilmilar? …
Tinchlik qopo‘ruvchilari deganda faqatgina to’pponcha ko’tarib olganlarni tushunmasligimiz kerak, Ikki birodar o’rtasiga dushmanchiik solayotgan, yoki bir oilaning barbod bo’lishiga sabab bo’layotganlar ham ana shunday kishilardandir. Bugungi yot g’oyalar oqib, sizib kirayotgan, Oila va uning muqaddas qadriyatlar poymol qiinayotgan davrda, Siz-u biz xushyor bo’lib, o’rtalarimizni isloh qilib, Robbimizdan yurtimizga, notinch xalqlarga tinchlik so’rab duo, iltijo qilishimiz lozimdir. Shunda qisman bo’lsada Ibrohim alayhissalomning quyidagi oyatdagi sunnatlariga ergashganlardan bo’lamiz;
“Ibrohimning: “Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarni mevalar ila rizqlantirgin”, deganini eslang”(Baqara, 126)
Diydor Askarov,
Mir Arab o‘rta maxsus islom
taʼlim muassasasi mudarrisi