O'ylab ko'raylik
«Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir»” (“Ibrohim” surasi, 7-oyat).
Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga beadad salovatu salomlar bo'lsin.
Alloh taolo O‘zing muborak Kalomida shunday deb marhamat qiladi:
“Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!” (“Zuho” surasi 11-oyat)
Imom Qurtubiy bu oyat tafsirida “Shukr va sano bilan Alloh taoloning ne’matlarini yoying, gapiring, shukr bilan uni e’tirof qiling”, deganlar. Abu Sa’id al-Xudriy: “Oyatdagi ne’matdan murod Alloh taolo ato etgan barcha ne’matlardir”, deganlar.
Imom Hasan ibn Ali (r.a.): “Ne’matlarni ko‘proq zikr qilinglar, chunki uni eslash shukrdir”degan.
Darhaqiqat bugun biz shundayin bir davrda yashayapmizki, Allohning ne‘matlari cheksiz va barcha ishga barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan davr. Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan ishlar, islohotlar alhamdulillah avvalgi yillardagidan tubdan farq qiladi. Ammo, afsuslar bo‘lsinki bazan ijtimoiy tarmoqlarda ayrim insonlarning fikr, mulohazalariga guvoh bo‘lib qolyapmiz. Misol qilib aytadigan bo'lsak, "nega bizning yurtimizda unday? Nega bunday emas?", "nega sizlar bunaqa odamsizlar?", "nimaga mana bunday qilishmayapti?....." Tanish jumlalara? Shunday emasmi? Nega biz bugun bularni gapiryapmiz? To‘g‘ri, bir qaraganda bular shunchaki bir insonning o‘z shaxsiy fikri bo'lishi mumkin. Ammo, boshqa tomondan olib qaraganda aynan mana shu radikallashishning yegil, boshlang'ich ko‘rinishlaridan biri hamdir.
Radikallashish o‘zi nima?
Radikallashish, bu – ma’lum narsaga ko‘p e’tibor qaratib yuborib, qolgan narsalarni unutib qo‘yish bilan bo‘ladi.
Radikallashish avvalida xavfli bo‘lmaydi – ko‘rinishlari anchayin beozor bo‘ladi: shunchaki keskinroq fikrlar, biron bir o‘ziga ma’qul bo‘lmagan gap aytilganda asabiylashish kuzatiladi. Bu hali ikkilanish bosqichi. Bu bosqichda kishi radikal harakatlarga qodir bo‘lmaydi, hamda fikrlarini o‘zgartirishi, mo‘’tadillikka qaytishi mumkin bo‘ladi.
Kuchayganda esa u... e’tiqodga aylanadi – neofashizm, neonatsizm, shovinizm, ultramillatchilik va hokazolar – shular qatorida. Radikal fikrlar e’tiqodga aylanganda kishi bemalol ma’naviy chegaralardan hatlab o‘tadi. Bir qarashda u yaxshi maqsadlar uchun kurashyapti, deylik, millat sha’nini tiklash haqida gapiryapti, adolatni tiklashni yoqlayapti, ammo harakatlari o‘sha millat manfaatlariga zid, adolat ilinjida qilinayotgan ishlari esa – adolatsizlikdir.
Demak ayon bo‘ladiki radikalizmning ostidagi omillar - mahalliy hukumat yoki muhitdan shaxsiy norozilik yoki xalqaro jarayonlarga nisbatan qarshilik, siyosiy nafrat ekan. Raikalizm bordiyu vaqtida to‘xtatilmasa, salbiy fikrlar ijobiyga o‘zgarmasa u bora - bora ekstrimizmga ham olib kelishi mumkin ekan. Ekstremizm esa, bu, radikalizmga haddan tashqari mukkasidan ketish va buni amalda ko'rsata boshlash, masalan, qonli xurujlar uyushtirish. O'zing qora fikrlariga zo'ravonlik bilan erishishga harakat qilishdir.
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, salbiy fikr eng kamida qalbimizda kimgadir nisbatan nafratning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Mo‘min kishi chuqur mulohazali bo'lmog'i, har bir masalaning bir nechta tomonini ko'ra oladigan bo'lishi kerak. Bilmaymizki biz unda zarar bor deb o'ylaganimiz aslida bizga manfaatli bo‘lishi mumkin. Yuqorida aytib o'tganimizdek eng avvalo har qanday holimizda ham Robbimizga ne'matlari uchun shukrli bo'lmog'imiz lozim. Zero Robbimiz Haq taolo shunday marhamat qilgan:
«Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir»” (“Ibrohim” surasi, 7-oyat).
Mir Arab o'rta maxsus Islom
ta'lim muassasi 4-bosqich talabasi
Jumayev Nozimjon Omonjon o'g'li