20.07.2023

Biz musulmonlar nima uchun rivojlanishdan ortda qolmoqdamiz

Bismillahir rohmanir rohiym. 
Alloh taologa hamdu sanolar, paygʻambarimiz Muhammad mustafoga, ahllariga va sahobalariga salovot va salomlar boʻlsin.
Alloh taolo oʻz kitobida marhamat qilib:
{وَمَا كَانَ ٱلْمُؤْمِنُونَ لِيَنفِرُواْ كَآفَّةً ۚ فَلَوْلَا نَفَرَ مِن كُلِّ فِرْقَةٍۢ مِّنْهُمْ طَآئِفَةٌ لِّيَتَفَقَّهُواْ فِى ٱلدِّينِ وَلِيُنذِرُواْ قَوْمَهُمْ إِذَا رَجَعُوٓاْ إِلَيْهِمْ لَعَلَّهُمْ يَحْذَرُونَ}
"Mo'minlarning hammalari (jangga) qo'zg'alishlari lozim emas. Har jamoadan bir nafar toifa bo'lsaydi. Ular dinni chuqur anglab, qaytib kеlgan vaqtlarida qavmlarini ogohlantirardilar. Shoyadki, ular hazir bo'lsalar". (Tavba surasi 122-oyat)
-Ushbu oyati karima ilm olish naqadar zarur ekanini ifoda etadi. Chunki oyatda jangga barcha insonlar chiqishi lozim emasligi, kifoya darajasida chiqish kerakligi aytildi.
-Qolgan insonlar esa ilm olishlari zarur ekani, xossatan dinni chuqur anglab, uni qolganlarga yetkazishlari aytildi.
-Ushbu oyat (janga borish) vatanni himoya qilish qanchalik muhim bo'lsa, ilm olish ham shu qadar muhim ekanini ta'kidladi. Dono xalqimiz aytganidek: "Bilagi zo'r birni, bilimi zo'r mingni yiqar".
اطلبوا العلم ولو بالصين، فإن طلب العلم فريضة على كل مسلم. إن الملائكة تضع أجنحتها لطالب العلم رضاً بما يطلب
"Ilmni agar xitoyda bo'lsa ham izlanglar. Chunki ilm talab qilish barcha musulmonga farzdir. Farishtalar qanotlarini ilm istagan kishiga yoyib turadi".
Dunyo tarixiga nazar tashlasak, Islom diyorlarida ilm-fan yuksak darajada rivojlangan. Musulmon olimlari dunyoga juda ko‘p kashfiyotlarni taqdim qilganlar. Islom diyorlarida ilm-fan rivojlangan paytlar musulmonlar dunyoning eng boy kishilari hisoblanishgan. Hozir-chi? Statistik ma'lumotlarga qaraganda: Xalqaro Islom Hamkorlik tashkilotiga 57 ta davlat a’zodir. Ushbu 57 davlat hududida umumiy 500 ta universitet bor. Har uch million musulmonga bitta universitet to‘g‘ri keladi. Birgina Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zida 5578 ta universitet bor, har 57 000 amerikalikka bitta universitet to‘g‘ri keladi.
BMT bergan ma’lumotlarga ko‘ra, xristian dunyosida savodxonlik darajasi 90 foizni tashkil etadi. Aholisining asosiy qismi xristianlardan iborat bo‘lgan 15 mamlakatda savodxonlik darajasi 100 foizni tashkil etadi.
Musulmon dunyosida savodxonlik o‘rtacha 40 foizni tashkil etadi. Aholisi 100 foiz savodli bo‘lgan bir dona ham musulmon davlati yo‘q.
Xristian dunyosida savodi chiqqanlarning 40 foizi Oliy ta’lim dargohida o‘qiydi, bizda bo‘lsa bor yo‘g‘i ikki foizi.
Nima uchun biz bunaqa ojiz bo‘lib qoldik?
Chunki biz bilim ishlab chiqara olmayapmiz, chunki biz musulmon ilm dunyosini yarata olmayapmiz. Aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan davlatlarda har bir million musulmonga 230 nafar olim to‘g‘ri keladi. AQShda har million kishiga 4000, Yaponiyada 5000 olim to‘g‘ri keladi. Butun arab dunyosida faoliyat yuritadigan olimlar soni 35 000 nafar, har bir million arabga 50 texnik-injener to‘g‘ri keladi. Xristian dunyosida har bir million aholiga 1000 injener to‘g‘ri keladi. Musulmon dunyosi yalpi ichki mahsulotning 0.2 foizini, G‘arb esa 5 foizini ilm-fanga sarflaydi.
Xulosa: Biz bilim ishlab chiqara olmayapmiz.
1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan matbuot soni va million aholiga nisbatan nechta yangi sarlavhali kitob chop etilishi aholi orasida bilim qanchalik yaxshi tarqalishini ko‘rsatib turadigan jihatdir. Pokistonda bir kunda har ming kishiga 23 ta gazeta, Singapurda 360 ta gazeta chop etiladi.
Buyuk Britaniyada yangi chop etiladigan kitoblar soni solishtirilsa, har million kishiga yilida 2000 ta yangi kitob yozilib, chop etiladi. Misrda har bir million aholiga 20 ta yangi kitob yozib chop etiladi.
Xulosa: Biz musulmonlar orasida bilimni tarqata olmayapmiz.
Zamonaviy dunyoda ma’lum bir mamlakatda ilm-fan qanchalik rivojlanganligini ushbu mamlakatdan eksport qilinadigan yuqori texnologiya vositalari sonidan bilib olsa bo‘ladi. Masalan, Pokiston davlatining bir yillik eksport tovarlarining faqatgina 1 foizi yuqori texnologiyalarga to‘g‘ri keladi. Saudiya Arabistoni, Marokash, Quvayt, Jazoirda vaziyat yanada achinarli. Ushbu mamlakatlar eksportining faqatgina 0.3 foizigina yuqori texnologiyalarga to‘g‘ri keladi. Singapurda ushbu ko‘rsatkich 58 foizga teng.
Xulosa: Biz ilm-fanni amalda qo‘llay olmayapmiz.Bilasizmi, kelajak bilimni chuqur egallagan jamiyatlarga tegishli bo‘ladi.
Butun dunyo umumiy mahsulot hajmiga nisbatan musulmon dunyosi juda kam mahsulot ishlab chiqarar ekan, boshqa sohalar ham shunga yaqin holda. Buni ostida esa ilm-fanning qoloqligi yotadi.
Biz, musulmonlar, agar kelajak bizga tegishli bo‘lsin desak avvalo bor e’tiborimizni, ilm-fanning, ta’limning rivojlanishiga qaratishimiz kerak. Faqat shu orqaligina yana biz dunyoning eng taraqqiy qilgan jamiyatiga aylanishimiz mumkin bo'ladi.
Alloh taolo yurtimizdan yana yetuk olimlar chiqmog'ini nasib qilsin.

 

Namoz Ismoilov,

Mir Arab o'rta maxsus islom 

ta'lim muassasasi mudarrisi