Dinimiz bag’rikenglikka asoslangan
Ma’lumki, Istiqlol yillarida vijdon erkinligi, din va dindorlarning haq va xuquqlari masalalariga katta e’tibor berildi. Yurtimizda fuqarolar totuvligi va tinchligini saqlashda har bir din va millat teng huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘lishi juda muhimdir. Shuni e’tiborga olgan holda, mamlakatimizning amaldagi qonunchiligi fuqarolar erkinliklarining barcha ko‘rinishlarini kafolatlaydi. Chunonchi, bosh Qonunimizda belgilab qo‘yilgan tamoyillar dinimiz ta’limoti asoslariga ham to‘la mos keladi. Qur’oni karimda: “Dinda zo‘rlash yo‘q...” (Baqara, 256) deya marhamat qilingan.
Islom dinida barcha xalqlar dini, irqi, millatidan qat’iy nazar, o‘zaro hamkor yashashga buyurilgan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodarrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir". (Hujurot,13).
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqa din vakillariga ozor berishdan qaytarib, ummatlariga bag‘rikenglikning yuksak namunalarini ko‘rsatganlar.
Abu Zarr roziyallohu anhu bir sahobani: “Ey qoraning o‘g‘li”, deganlarida, bu gapdan xabardor bo‘lgan Rasuli akram alayhissalom “Senda johiliyat odati bor ekan!”, dedilar. Bu bilan musulmon kishida irqchilik, millatchilik, mahalliychilik ko‘rinishida biror so‘z yoki harakat bo‘lmasligini ta’kidladilar.
Qur’oni karimning qator oyatlarida ham boshqa din vakillariga nisbatan yaxshi muomala va munosabatda bo‘lishga chaqiriladi. Jumladan, Mumtahana surasining 8 oyatida: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”, deyiladi. Ushbu oyat Islom naqadar insonparvar va bag‘rikeng din ekanini, o‘zga din vakillariga doimo yaxshi munosabatda bo‘lish lozimligini ko‘rsatadi.
Shunga ko‘ra, Payg‘ambar alayhissalom boshqa din vakillari bilan tinch-totuv, jamiyat uchun manfaatli hamkorliklar asosida yashashga harakat qilardilar. U zot: “Men ularni o‘zim hurmat izzat qilishni xush ko‘raman” deb Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarga shaxsan o‘zlari xizmat qilganlar. Najron nosrolari guruhini ham o‘z masjidlariga tushurib, u yerda ibodat qilishlariga ruxsat berganlar.
Hazrat Umar roziyallohu anhu Shomni fath etgach, nasroniylar bilan bitim tuzish uchun kelganda, namoz vaqti bo‘lib qoladi, nasroniylar hazrat Umarga namozni cherkovda o‘qishni taklif qilishadi. Umar ularga shunday javob beradilar: “Agar men cherkovda namoz o‘qisam, musulmonlar ham menga taqlid qilib cherkovda namoz o‘qishadi. Men ketgandan so‘ng musulmonlar cherkovni sizlardan tortib olishlari ham mumkin”. Demak, islomning insoniy jihatlaridan biri – boshqa din vakillariga ziyon yetkazmaslikdir.
Hadisi sharifda: “Alloh taolo bandalarini mol-dunyosiga, kiyadigan kiyimiga qarab emas, qalbini pokligi-yu, qiladigan yaxshi amaliga qaraydi” deyiladi. Ushbu hadisdan shuni anglash mumkinki, kishi oqko‘ngil bo‘lishga, boshqalarga yaxshi ko‘z bilan qarab, do‘stona aloqalarni bog‘lashga harakat qilishi lozim ekan.
Ubaydullayev Muhammadrauf
Mir Arab o’rta maxsus islom bilim yurti 2-bosqich talabasi