Giyohvandlik-asr vabosi
Inson hayotda yashar ekan, yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytib yashashga harakat qiladi, lekin “yaxshilik” va “yomonlik” tushunchalariga har kim har xil ta’rif beradi. Ba’zilar yaxshi deb hisoblagan ishlar boshqalar nazdida yomon, yoki aksincha bo‘ladi. Islom dini ta’limotida nimaki yaxshi deb buyurilgan bo‘lsa, u yaxshi, nimaki yomon deb qaytarilgan bo‘lsa o‘sha narsa yomondir. Dinimiz ahkomlari insonni dini, joni, aqli, nasli va salomatligiga, umuman aytganda, hayotiga zarar yetkazishga sabab bo‘luvchi barcha narsalarni yomon deb o‘sha narsalardan qaytargan, qaytaribgina qolmasdan, balki harom deb e’lon qilgan. Bulardan biri giyohvand moddalardir. Zero, giyohvandlik insoniyat kelajagining kushandasidir. Alloh taolo “A’rof” surasining 157-oyatida : “... U (Payg‘ambar) ularni (insonlarni) yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...”, deb marhamat qiladi.
Hadisi sharifda: “Har bir mast qiluvchi narsa harom”, deyiladi. Yana bir boshqa hadisda: “Har kim o‘zini-o‘zi zahar bilan o‘ldirsa, qiyomat kuni jahannam o‘ti bilan azoblanadi”, deyilgan.
Ba’zi insonlarning “oyat va hadislarda giyohvand moddalar nomi keltirilmagan-ku?”, degan savollariga aytamizki, bu ham bo‘lsa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning mo‘‘jizalaridan biri bo‘lib, u zot o‘zlaridan keyingi insonlarning moliga, joniga va hatto nasliga ham zarar keltiruvchi illatlarning umumiy xususiyatini bir so‘z bilan ifoda qilib: “Har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi narsalar harom”, deb marhamat qilganlar. Ma’lumki, giyohvand moddalar nima deb atalishidan qat’i nazar, ularda mast qilishlik va badanni bo‘shashtirishlik sifati topiladi.
Alloh taolo insonlarning o‘z joniga qasd qilmasliklariga, shuningdek, o‘zgalarning ham qonlarini nohaq to‘kmaslikka buyuradi. Giyohvand esa oxir-oqibatda o‘limga olib keladigan moddalarni iste’mol qilishlik bilan o‘z joniga qasd qilgan bo‘ladi. Hadisi sharifda “Har kim o‘zini biron narsa bilan o‘ldirsa, qiyomat kuni do‘zaxda unga o‘sha bilan azob beriladi”, deyiladi. Giyovandlikka sarf etiladigan xarajatlar shaxsga ham, jamiyatga ham iqtisodiy zarar keltirishi bilan birga, u isrofgarchilikka kiradi. Bu moddalarni iste’mol qilishlik mol-dunyo va boylikni isrof bo‘lishiga olib keladi.
Isrof esa Qur’oni karim va hadisi sharif hukmi bilan harom qilingan bo‘lib, u insonni xor-zorlikka eltadi.
Salomatlikka yetkazadigan zararlari haqida quyidagilarni aytish mumkin. Giyohvand moddalarni zararlarini zamonamizdagi ilmiy taraqqiyotlar ham isbotlamoqda. Bu moddalarni iste’mol qiluvchilar asta-sekin og‘ir kasalliklarga yo‘liqishlari va ichki a’zolarida tuzatib bo‘lmas og‘ir xastaliklar paydo bo‘lishi shular jumlasidandir. Giyohvand moddalar kishi me’dasi, jigar faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi, o‘pkasini ishdan chiqaradi. Shuningdek, u inson asabiga va shu orqali insonda ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-bemazani sezish xususiyatlari yo‘qolishiga olib keladi.
Jamiyatga yetkazadigan zararlari esa behad ko‘p bo‘lib, giyohvand kimsa avvalo o‘ziga, so‘ng oilasi, kasbi yoki o‘qishiga nisbatan qiziqish , ahamiyat va parvo hislari qolmaydi. Ayniqsa, ishlab chiqarishda taraqqiyotning asosiy kuchi bo‘lmish yoshlarning giyohvandlikning birinchi navbatdagi qurboni bo‘lishi juda ham ayanchli xoldir.
Giyohvandlik shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatni buzishga olib keladi. Darhaqiqat, buni bugungi hayotimizda ham tez-tez uchratib turamiz. Giyohvandlik kishilar qavmu qarindoshidan, gulday farzandlaridan, umr yo‘ldoshidan ajralib qolayotgani, ulardan aksar hollarda mayib-majruh farzandlar tug‘ilayotgani hayotda uchrab turgan haqiqatdir.
Giyohvand moddalar harom bo‘lgach, uni sotish ham, tijorati ham, olingan foydasi harom hisoblanadi.
Hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Parvardigor! Meni keksayib qolgan chog‘imda rizqu ro‘zimni kengroq qilgaysan”, deb duo qilganlar. Kishi yoshligidanoq qarilik g‘amini yeyishi, o‘zini ichkilik va giyohvandlikdan asrashligi, qariganda xor-zor bo‘lib qolishdan saqlanishi juda ham lozim ekanligi ushbu hadis mazmunidan anglash qiyin emas.
Giyohvandlik balosidan kelajak avlodni xalos etish, yurtimiz obodligi, shuningdek, xalqimizning moddiy va ma’naviy farovonligi yo‘lida qilayotgan xayrli ishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin.
Saidburxon Nasipxonov
Mir Arab o’rta maxsus islom bilim yurti 4-bosqich talabasi