05.03.2023

Insoniylik kushandasi

 Har narsaning kushandasi bor. Insoniylikning ham. Xamr, fol, qimor, zino... Ular Qur’on va hadisda ochiq lafz bilan harom qilingan. 
Ammo inson doimo taraqqiy etishda, izlanishda. U topgan bu qulayliklar, yangiliklar va kashfiyotlar orasida yomonrog‘i ham bor. Sigaret va nos insoniyat «ulg‘ayib» kashf etgan ana shu yomonliklardandir. 
Nabiy (s.a.v.) davrlarida ham, sahobalar va tobe’inlar davrida ham sigaret va nos yo‘q edi. Shuning uchun ham Kitob va sunnatda ular haqida hech narsa deyilmagan. Ammo Qur’on va hadis qiyomatgacha insoniyatga hodiy ekan, bunday bir salbiy moddalar haqida hech gap aytmagan deyish unchalik to‘g‘ri emas. Boshqa ko‘pgina xususlarda bo‘lgani kabi, tutun va nos to‘g‘risida ham har ikkala manbada ishora-lar bor.
Ummu Salama onamiz: «Janobi Rasululloh (s.a.v.) har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi, zaiflashtiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytarar edilar», deydilar.
Nos va tamaki sog‘lom odamni kasal qilishini, kuchlini zaiflashtirishini hamma, hatto ularni chekayotganlar ham bilishadi, tan olishadi. 
Imom Ahmad va Ibn Mojjalar rivoyat qilishgan boshqa bir hadisda: «Islomda o‘ziga ham, o‘zgaga ham zarar yetkazish yo‘q», deyilgan.
Kashandalikning esa bir qancha zararlari bor. Avvalo, yuqorida aytilganidek, chekuvchining o‘ziga zarar.
Tamaki tutunining tarkibida to‘rt mingga yaqin modda bo‘lib, hammasi inson salomatligini yemiruvchi ekani tibbiy tajribalarda sobit bo‘lgan. 
Inson tanasidagi qon tomirlari uzunligi bir yuz ellik ming kilometrni tashkil etadi. Alloh taolo shunday mukammal tarzda yaratgan san’atga sigaret xalal beradi: qon tarkibini va aylanishini buzadi, tomirlarni qotiradi. Nosning zarari ham tutunnikidan kam emas.
Shuningdek, kashanda sog‘ligi bilan birga vaqtini ham yo‘qotadi. Har kuni o‘rtacha bir quti tamaki chekish bir yarim soat umrni shamolga sovurdi degan gap. Bu hisob umumiylashtirilsa, bir yilda yigirma uch kunni, o‘n olti yilda esa, to‘liq bir sanani tashkil etadi.
Oila muhitiga zarar. Ayollar, bolalar, keksalar kashandadan ko‘ra ko‘proq aziyat topadi. Chunki tutunning chekuvchidam ko‘ra chekmaydigan odamga yomonroq ta’sir ko‘rsatishi ham ilmiy tajribalarda isbotini topgandir.
Kashanda ota bilan kunning ma’lum bir qismini o‘tkazgan bola bir yilda sakson-to‘qson quti sigaret chekkandek zaharlanadi.
Chekuvchi oilada o‘sgan bolaning tamakiga o‘rganishi chekmaydigan oilada o‘sgan bolaga nisbatan uch-to‘rt barobar ortiq bo‘ladi. 
Iqtisodiy zarar. O‘rtacha narhdagi sigaret chekuvchi kashanda bir yilda yuz ming so‘mdan oshiq pulini tutunga aylantiradi. (2000 yil)
Ijtimoiy zarar. Yonveridagi o‘rtoqlari, hamkasblari tutunidan yoki hididan aziyat chekadi. Yana qaysidir biri unga ergashishi mumkin.
Bir marta tutun uflash atrofni yetmish milligram kukun, yigirma besh milligram karbon-monoksit bilan zaharlaydi.
Shuningdek, chekuvchilar uchun qanchadan-qancha dalalar, odamlar, texnika, ulov va zavodlar band. (Tamaki maydonlariga qand lavlagi yoki hech bo‘lmaganda makkajo‘xori ekish mumkin.) Eng sifatli suvqog‘ozlar tamaki o‘rash uchun ishlatiladi. Agar bu qog‘ozlar kitob bosish uchun ishlatilsa bormi... Oddiy bir qiyos: bitta kashandaning umr bo‘yi chekkan tamakisining qog‘oziga besh ming nusxada «Hidoyat» jurnalini bosish mumkin. 
Mana shuncha zararlarini bilib turib ham sigaret va nos chekish uchun alohida «mardlik» kerak!
Ezgulik dini bo‘lgan Islom bundayin zararkunandalarga beparvo qarashi mumkin emas. Xullasi kalom shuki, nosning ham, sigaretning ham iste’moli ulamolarimiz ijmosiga ko‘ra, man’ qilingan.
Alloma Abdurahmon ibn Nosir Sa’diy «hukmu shurbid-duxon» («Tamaki chekishning hukmi») asarida «O‘zingizni halokatga tashlamang» (Baqara, 195); «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh, sizlarga rahmlidir» (Niso, 29); «Bugun sizlar uchun barcha pokiza narsalar halol qilindi» (Moida, 5) oyatlariga suyanib sigaret chekishni harom deganlar. Bunday hukmni boshqa fatvo kitoblaridan ham topish mumkin. (Ayrim fatvo kitoblarida makruh deyilgan.) «Fatovoi Tatarxoniya», «Fikhu Kaydoniy» asarlarida nos, «Ajoibul muhimmat» kitobida esa, sigaret ham tahoratni ketkazishi bayon qilingan.
Xullas, tamaki va nos har qanday millatda qoralangandir. Ularni iste’mol qilish hech kimga - dinsizga ham, majusiyga ham, yahudiygaham, masihiyga ham fazilat bo‘lgan emas. Demak, mo‘minlarga hech qachon!

                                                                                             Jumayev Nozimjon
                              Mir Arab o’rta maxsus islom bilim yurti 3- bosqich talabasi