Tinchlik va osoyishtalik-jamiyat barqarorligi asosidir.
Islom dinida tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga inʼom etilgan ulugʻ neʼmat sifatida qadrlanadi. Ulamolar Qurʼoni karimning 50 dan ziyod surasidagi oyatlar moʻminlik, tinchlik va bagʻrikenglik mavzulariga bagʻishlanganini eʼtirof etadi. Jumladan, Qurʼoni karimda bayon qilinadiki: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).
Tinchlikning ilohiy neʼmat ekani Muhammad alayhissalomning quyidagi hadislarida ham qayd etilgan: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni soʻranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq neʼmat berilgani yoʻq” (“Sunani Termiziy”, 3558-hadis).
Oʻzbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan oʻlka boʻlib kelgani tarixiy haqiqat. Ajdodlarimiz turli millat va din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda boʻlgani, el-yurt taraqqiyoti yoʻlida yelkadosh boʻlib mehnat qilgani tarixiy manbalarda koʻp qayd etilgan. Bugungi kunda Vatanimizda 130 dan ziyod millat, 16 konfessiyaga mansub fuqarolar yagona va ahil oila boʻlib, tinchlik-xotirjamlikda, yurtimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi yoʻlida hamjihat faoliyat olib bormoqda.
Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechayotir. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan oʻz taʼsir doiralarini kengaytirish maqsadida amalga oshirayotgan gʻoyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Qator davlatlar, xususan, musulmon yurtlari oʻtkir siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan oʻtkazmoqda. Mazkur mamlakatlarda odamlar ogʻir iqtisodiy muammolar girdobida, nochorlik, oziq-ovqat tanqisligi, ochiqdan-ochiq zoʻravonliklar va xavfli bir sharoitda kun kechirmoqda. Oqibatda bunday hududlardan qochqinlar soni ortib, keng miqyosda gumanitar tangliklar yuzaga kelmoqda.
Darhaqiqat, Paygʻambar alayhissalomning “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulugʻ neʼmatdurki, bundan koʻp odamlar mahrumdirlar” (Imom Buxoriy, 6412-hadis) degan hadislarini eslagan holda, bugungi kunda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot qator mamlakatlarning xalqlari uchun orzu boʻlib qolayotgani guvohi boʻlmoqdamiz.
Alohida qayd etish lozimki, tinchlikning shukronasi amaliy boʻlishi lozim. Yaʼni, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishi, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishi, kelib chiqishi mumkin boʻlgan notinchlikning oldini olishda ham faol ishtirok etishlari lozim.
Ayniqsa, axborot manbalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va Islom dini mohiyatini soxtalashtirishga, maʼnaviyat va maʼrifatdan yiroqlashtirishga qaratilgan gʻarazli urinishlarga qatʼiy qarshi turishimiz lozim. Mazkur yoʻnalishda jamiyatning ziyoli qatlamlari, olim va ulamolar oldingi safda boʻlishlari lozim.
Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik boʻlsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik boʻladi, yurt ravnaq topadi. Masalaning eʼtiborli jihatlaridan biri shuki, tinchlikni ulugʻ neʼmat deb eʼlon qilgan dinimizda bu yoʻlda nafaqat amal bilan, balki soʻz bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.
Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, qadriyatlarimiz, milliy-diniy anʼanalarimiz, mentalitetimizga zid tushuncha va gʻoyalar kirib kelishining oldini olish barcha fuqarolarimizning burchi hisoblanadi. Ayniqsa, har bir fuqaro yoshlarimiz ongiga, birinchi navbatda, ona Vatani va oilasi oldidagi masʼuliyatni singdirishga, ularni insonparvarlik, vatanparvarlik va mamlakatimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga ustuvor vazifa sifatida qarashi kerak.
Ismoilov G’ayrat,
Mir Arab o’rta maxsus islom bilim yurti talabasi