Yoshlarni tajovuzkor g’oyalardan asraylik
Islom ta’limotida yurti, xalqi va vataniga hamda ota-onasiga xiyonat qilish og‘ir gunoh sanaladi. Islom dini, nafaqat o‘z ota-onasi, balki begonalarga ham yaxshilik qilishga buyuradi. Lekin ayrim yoshlar orasida buzg‘unchi oqimlarning tuzog‘iga ilinib, go‘yo din yo‘lida hijrat qilaman, jihodga boraman, deb ota-onasini norozi qilib, oilasini tashlab, halokat yo‘liga yurgan, natijasi, maqsadi puch bo‘lgan buzg‘unchi g‘oyalarning tuzog‘iga ilinib qolayotganganlarni borligi achinarli hol.
Abdulloh Ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan xadisda shunday deyiladi: «Bir kishi Nabiy (sallollohu alayhi va sallam)ga yuzlanib: “Hijrat va jihod qilish uchun sizga bay’at beraman. Buning savobini esa Allohdan talab qilaman” deganida U zot: “Ota-onangdan birortalari hayotmi?” – deb so‘radilar. U kishi “Ha, ikkovilari ham hayot”, – dedi. Muhammad (sallollohu alayhi va sallam): “Savobni Allohdan talab qilasanmi”, – dedilar. U kishi “Ha, yo Rasululloh”, – dedi. Shunda Rasululloh (sallollohu alayhi va sallam) “Unda ota-onangni huzuriga borib, ularga chiroyli muomalada bo‘lgin, xizmatlarini qilgin”, – dedilar.
Bu hadisi sharifdan ayon bo‘ladiki, farzand o‘z gardanida bo‘lgan vazifani, ya’ni, ota-onasining xaqini birinchi ado etishi lozim. Islom ta’limotida jannat ota-ona rizosida, deyilgan. Har bir farzand buni ne’mat ekanini bilmog‘i lozimdir.
Bugungi kunda ko‘pchilik aksariyat hollarda “jihod” deganda faqat urush, jangu jadal, qon to‘kish degan ma’nolarni tushunib qolmoqda. Bu esa ilmning asl mohiyatini tushunmaslik oqibatida kelib chiqayotgan oqsoq fikrlash va buzuq g‘oyaning gavdalanishidir. Bu achinarli hol, albatta. Chunki islom tarixi va ta’limotini chuqur o‘rgangan, sog‘lom fikrlash qobiliyatiga ega kishi bunday xulosaga kelmaydi.
“Jihod” so‘zi aslida “jiddi jahd”, ya’ni “g‘ayrat qilish”, “bor kuchini ishga solish” ma’nolarini anglatadi. Dastlabki davrlarda jihod deganda Islomni himoya qilish va islomga qarshi tajovuz qiluvchilar bilan kurashish tushunilgan.
Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish, insonning o‘z havoi nafsini yengishi, ilm hamda hunar egallash uchun jon jahdi bilan harakat qilishi ham jihoddir. Bu esa insoning o‘z nafsi va shaytonga nisbatan ochiq bir urushidir.
“Jihod” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “urush” ma’nosini anglatmaydi, aksincha, arab tilidagi “qitol” so‘zi “urush” degan ma’noni ifodalaydi.
Darhaqiqat, go‘zal xulq, to‘g‘ri aqida asosida tarbiyalangan, sog‘lom fikrlay oladigan farzand hayotda aql-idrok bilan ish tuta oladi. Imon e’tiqodda sobit turadi, erkin va mustaqil fikrlay oladi, har xil aldovlarga uchmaydi hamda g‘arazli tashviqotlarga berilmaydi. Demak, farzand yoshligidan sog‘lom e’tiqodli, bilimli, odobli va shijoatli bo‘lib voyaga yetishi uchun foydali ilm va ko‘nikmalar bilan band bo‘lishlari muhim vazifadir.
Islom dinining jaholatdan ko‘ra kattaroq, qo‘rqinchliroq dushmani yo‘qdir (Donolar bisotidan). Shunday ekan, barchamizni, oilamiz va farzandlarimizni Allohning o‘zi to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin, deb duo qilib qolamiz. Omin...
Abdullo Avezov
Mir Arab o’rta maxsus islom bilim yurti 4-bosqich talabasi