10.10.2022

Mazhabimizda "omin"ni maxfiy aytish sunnat!

Alloh taologa hamdu sanolar janobimiz Rosuli akram sollallohu alayhi vasallamga salovatlar boʼlsin.
Hozirgi kunimizda yaxshigina fitnalariga sabab boʼlayotgan holatlardan, namozda fotiha surasidan soʼng "omin"ni maxfiy aytish kerakmi yoki jahriymi degan savollardir. 
Bu savollar qayerdan, kimlar tarafidan berilayotganini barchamizga maʼlumdir. Bu va bunga oʼxshash savollar yurtimizga bemazhablarni uchquni kirib kelgan vaqtdan beri bor. Bu fitnachilar "omin"ni jahriy aytasan demasalar ham, 1000 yillardan beri mazhabga ergashib kelgan qavmning ichiga kirib, jahriy aytib fitna chiqarmoqdalar. Mazhabdagi har bir aytilgan va yozilgan gaplar dalil asosida boʼlgan. Maxfiy aytish ham Qurʼon va sunnatga suyangandir. 
Alloh Oʼzining kalomi Aʼrof surasi 55-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Robbingizga tazarruʼ ila va maxfiy duo qiling."
Mazhabboshimiz Abu Hanifa rahimahulloh ushbu oyatni dalil qilib fotihadan soʼng "omin"ni maxfiy aytish kerak deb aytganlar.
Biz mazhabga ergashgan, mujtahidlarimizni peshvo deb bilgan aqilli insonlarmiz. Kimdir bu masalaga ters ish qilsa ham eʼtiqodimizga taʼsir qilmasligi zarur. U zotlar oʼzlaridan kelib chiqib bu masalalarni aytgan emaslar. Yuqoridagi dalil ham bunga yaqqol misoldir.
Hadisi shariflardan imomlarimizni keltirgan dalillariga kelsak. Аbu Muso Аshʼariy roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir qavmning oldidan oʼtib qoldilar. Ular ovozlarini koʼtarib duo qilishayotgan edi. Shunda Rasululloh ularga: “Sizlar kar yoki gʼoibdagi Zotga duo qilmayapsiz! Siz duo qilayotgan Zot sizlarga qon tomiringizdan ham yaqinroq Zotdir!”, dedilar. (Buxoriy rivoyati)
Imom Aʼmash rahimahulloh Abu Solihdan rivoyat qilgan hadisda esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar."Imom "gʼoyril magʼdubi aʼlayhim va lad-dooolliiyyn "degandan sizlar jim turinglar !.(Sunani Doraqutniy)
Bu hadisi shariflardan ulomolarimiz duo maxfiy boʼlishi va fotihadan soʼng "omin"ni ham maxfiy qilish kerak ekanligini aytib oʼtganlar va buni sunnat deganlar. Mazhabimizda boʼla turib, kimdir jahriy aytsa sunnatga xilof ish qilgan boʼladi.
Bemazhab boʼlib, mazhabdagilarni ichida jahriy aytsa fitnachi boʼladi. Alloh taolo barchalarimizga tavfiq bersin.
Diyor Ahmedov,
Mir Arab oʼrta maxsus islom
taʼlim muassasasi mudarrisi