Munozara odobi
قال تعالى {أَلَمْ تَرَ إِلَى الَّذِي حَاجَّ إِبْرَاهِيمَ فِي رَبِّهِ أَنْ آتَاهُ اللَّهُ الْمُلْكَ إِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّيَ الَّذِي يُحْيِي وَيُمِيتُ قَالَ أَنَا أُحْيِي وَأُمِيتُ ۖ قَالَ إِبْرَاهِيمُ فَإِنَّ اللَّهَ يَأْتِي بِالشَّمْسِ مِنَ الْمَشْرِقِ فَأْتِ بِهَا مِنَ الْمَغْرِبِ فَبُهِتَ الَّذِي كَفَرَ ۗ وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الظَّالِمِينَ} [البقرة: 258]
Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: “Alloh podshohlik berib qo’ygani sababidan Ibrohim bilan Robbisi haqida hujjat talashganni bilmadingmi? Ibrohim: “Mening Robbim tiriltiradi va o’diradi” deganida, u “Men o’ldiraman va tiriltiraman”, - dedi. Ibrohim: “Albatta, Alloh quyoshni Mashriqdan chiqarur, bas sen uni Mag’ribdan chiqargin-chi”,-dedi. Bas, kufr keltirgan lol qoldi. Va Alloh zolim qavmlarni hidoyatga solmas.”
Yuqorida keltirilgan oyatda ilohlikni da’vo qilgan Namrut bilan Ibrohim xalilulloh o’rtasida bo’lib o’tgan bahs zikr qilib o’tilgan. Bundan bilinadiki munozara ilmining paydo bo’lish nuqtasi uzoq moziyga borib taqaladi. Bu barcha bilishi zarur bo’lgan muhim ilmlardan biri sanaladi. Quyidagi maqolamizda uning ta’rifi, shartlari hamda ahamiyati bilan atroflicha tanishib chiqishingiz mumkin.
Munozara nima?
“Munozara” so’zi arab tilidan olingan bo’lib, “fikr almashish” degan ma’noni anglatadi. Istelohda esa, “Ikki yoki undan ziyod insonlarning ma’lum bir masala borasida dalillar asosida fikr almashishiga munozara deyiladi.” U diniy, ijtimoiy yoki siyosiy masalada bo’lishi mumkin. Bu ilm ham boshqa ilmlarda bo’lgani kabi ba’zi bir shartlarga asoslanadi.
Munozara ilmining shartlari:
- Aytiladigan fikrlar dalillarga asoslangan bo’lishi;
Chunki, dalillarga asoslanmagan gap quruq da’vodan boshqa narsa emas. Hujjat o’rnida qabul qilinmaydi.
- Shaxsiyatga tegmaslik;
Tepada aytib o’tganimizdek, munozara bu ilmiy bahs, janjal emas. dalillar va ma’lumotlar ko’rib chiqiladi, shaxsiyatga o’tilmaydi. Bahs qilinayotgan kishiga nisbatan adovat ruhida gapirish, bu ilm talabiga to’g’ri kelmaydi.
- Xatoligi aniq bo’lganidan keyin ham o’z fikrida qattiq turib olmaslik;
Munozaradan ko’zlangan asosiy maqsad haqiqatni yuzaga chiqarish. Demak, haq kelganda uni qabul qila olish lozim.
- Bahs qilinayotgan mavzudan chetlashmaslik.
Munozara aniq bir mavzuda bo’lib o’tadi. Mavzudan chetlashishlik bahs doirasini kengaytiradi. Bu esa, munozaradan kutilgan natijaga putur yetkazadi.
Munozara ilmining ahamiyati:
- O’ziga bo’lgan ishonchni oshiradi;
- O’rgangan bilimlarini markazlashtirishga yordam beradi;
- Ma’lumotlarni analiz qilish qobiliyatini hosil qiladi;
- Holatga mos dalillarni oz fursatta taqdim qilishni o’rgatadi;
- Masalaga har tomonlama qarashni o’rgatadi;
- Fikrlarini auditoriyaga to’g’ri yetkazish malakasini hosil qiladi.
Munozara insonning fikriy o’sishi uchun juda muhim ilmlardan biri. Lekin tepada zikr qilib o’tilgan shartlarga rioya qilmagan holda munozara bilan shug’ullanish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Mir Arab o’rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi
A.Raxmonov