14.05.2022

Hakim Termiziy

Hakim Termiziyning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashar Termiziy bo‘lib, u 820 yilda Termiz shahrida tavallud topgan.
Hakim Termiziy “Bad’u sha’ni Abu Abdulloh” va “Ar-Radd a’lo-l-muattila” asarlarida yozishicha, uning onasi va bobosi ham o‘z davrida hadis ilmining yetuk bilimdonlaridan bo‘lishgan. Uning otasi, Ali ibn Hasan o‘z davrida hadis ilmining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Bag‘dod shahrida o‘sha davrning mashhur olimu ulamolari bilan hadis ilmining turli masalalari bo‘yicha qizg‘in bahs va munozaralarda ishtirok etgan. 
Bu ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, Hakim Termiziy ilm-ma’rifat yuksak qadrlanadigan, ziyoli bir xonadonda dunyoga kelib, mana shu ilmiy-ma’naviy muhitda o‘sib ulg‘aygan. Oxir oqibatda, mazkur omillar ta’sirida uning ma’naviy dunyosi va ilmiy tafakkuri shakllanib kamolga yetgan. Ayni vaqtda shuni alohida ta’kidlash kerakki, Hakim Termiziynnng ilmiy kamolotida uning otasi Ali ibn Hasanning xizmatlari benihoya katta ahamiyatga moliqdir. Chunonchi, u o‘z farzandi uchun nafaqat mehribon va g‘amxo‘r ota, balki unga nisbatan talabchan murabbiy va ma’rifatli ustoz maqomida ham bo‘lgan.
Otasi vafotidan keyin Hakim Termiziy o‘z shahridagi yetuk olimlardan islomiy fanlardan, asosan, tafsir, hadis va fiqh ilmlaridan saboq oladi. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr Termiziy, Solih ibn Abdulloh Termiziydan hadis imini o‘rgangani haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilgan. Manbalarda uning oilaviy ahvoli, rafiqasi soliha, taqvodor, pokiza ayol bo‘lgani haqida, ularning oltita farzandni tarbiyalab voyaga yetkazganlari va shuningdek, Hakim Termiziyning o‘z farzandlari bilan munosabatlari haqida ham ba’zi ma’lumotlar keltirilgan.
Hakim Termiziyning qalamiga mansub asarlar haqida yozgan mualliflar, uning asarlarining soni haqida turli raqamlarni keltirishgan. Ba’zilarning fikrlariga ko‘ra, bu asarlar soni to‘rt yuztaga yaqin bo‘lsa, yana boshqalar Hakim Termiziy saksonta yoki qirqta asar yaratgani haqida yozganlar. Hakim Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlari uning ilmiy merosining muhim qismini tashkil qiladi. Mana shu asarlaridan, eng avvalo, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislariga bag‘ishlangan “Navodir al-usul fi ma’rifat axbor Rasul” (“Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) nomli asarini tilga olish kerak. Bu asar “Salvat al-orifin va bo‘ston al-muvahhadin” (“Oriflar ovunchog‘i va Allohning yagonaligiga ishonuvchilar bo‘stoni”) nomi bilan ham ataladi.
Hakim Termiziy asarlarining aksar qismi qo‘lyozma holda jahonning yirik shaharlaridagi kitob xazinalarida saqlanadi. Ularni bir qadar shartli ravishda besh guruhga (majmuaga) bo‘lish mumkin. Allomaning asarlari ko‘proq Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Istanbul va London kabi shaharlardagi qo‘lyozmalar jamg‘armalarida saqlanadi.
Allomaning ilmiy-ijodiy faoliyatini o‘rgangan qator tadqiqotchilar ta’kidlaganlaridek, Hakim Termiziy asarlar ta’lif va tasnif etishda o‘z davrida mavjud bo‘lgan yo‘ldan yurmadi, balki u o‘z diniy qarashlari va tasavvurlaridan kelib chiqib, o‘ziga xos bo‘lgan alohida yo‘lni tanladi.
Hakim Termiziy uzoq umr ko‘rib 932 yilda vafot etgan. Uning maqbarasi Termiz shahrining yaqinida – Amudaryo bo‘yida joylashgan.

Abdulbosit Rahimov,
Mir Arab o‘rta maxsus islom 
bilim yurti mudarrisi