07.05.2022

Tavassul haqida e’tiqodimiz

“Tavassul” tushunchasi lug‘atda yaqinlashish, “vasila” esa maqsadga olib borishga vosita bo‘ladigan har bir narsa, deb izohlanadi. Vasila, umuman olganda, shaxslarni va yaxshi amallarni vasila qilishni o‘z ichiga oladi.
Vasila qilish Qur’on, sunnat, sahobalarning amali va ma’qul yo‘llar bilan sobit bo‘lgan. Qur’oni karimda Moida surasining 35-oyatida bu haqda:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَابْتَغُوا إِلَيْهِ الْوَسِيلَةَ

"Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringiz", deyilgan.

Bu oyati karimadagi vasila xoh hayot bo‘lsin, xoh vafot etib ketgan bo‘lsin, barcha shaxslarni va amallarni vasila qilishni o‘z ichiga oladi. Shaxslarni vasila qilish borasida Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

عَنْ أَنَسٍ رضي الله عنه أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رضي الله عنه كَانَ إِذَا قَحَطُوا اسْتَسْقَى بِالْعَبَّاسِ بْنِ عَبْدِ الْمُطَّلِبِ فَقَالَ: اللَّهُمَّ إِنَّا كُنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّنَا فَتَسْقِينَا وَإِنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِعَمِّ نَبِيِّنَا فَاسْقِنَا قَالَ فَيُسْقَوْنَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qahatchilik bo‘lganida Abbos ibn Abdulmuttalib ila istisqo qilardi:
“Ey bor Xudoyo! Albatta, biz Senga Payg‘ambarimiz ila tavassul qilar edik. Sen bizni serob qilar eding. Endi biz Senga Payg‘ambarimizning amakisini vasila qilamiz. Bizni serob qilgin”, dedi. Yana: “Serob qilinur edilar”, dedi”.

Hazrati Umar Abbos roziyallohu anhuni vasila qilganidan keyin “Allohga qasam mana shu Allohga bo‘lgan vasiladir” deb aytganlar.

.عن مالك قال : أصاب الناس قحط في زمان عمر بن الخطاب ؛ فجاء رجل إلى قبر النبي صلى الله عليه وسلم فقال : يا رسول الله ، استسق الله لأمتك فإنهم قد هلكوا ؛ فأتاه رسول الله صلى الله عليه وسلم في المنام ؛ فقال ائت عمر فأقرئه السلام ، وأخبره أنكم مسقون . وقل له : عليك الكيس الكيس . فأتى الرجل عمر ، فأخبره ، فبكى عمر ثم قال : يا رب ما آلو إلا ما عجزت عنه

Molik rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: “Umar roziyallohu anhu zamonalarida insonlarga qahatchilik yetib, bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam ravzalari oldiga kelib: “Ey Allohning rasuli, Alloh taolodan ummatingizga suv so‘rasangiz. Chunki ular halokatga duchor bo‘lishdi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tushida uning huzuriga kelib: “Umarning huzuriga bor, men tomondan salomimni yetkaz, sizlarga suv berilar ekan, deb yana unga: “Puxta bo‘lgin, puxta bo‘lgin” deb aytgin”, dedilar. Kishi Umar roziyallohu anhuga xabarni yetkazdi. Shunda Umar roziyallohu anhu yig‘ladi, so‘ng: “Ey, Robbim! Ojiz qolgunimcha kuchimni ayamayman”, dedi”.

Bu hadis Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin u zotni vasila qilish joiz emas deguvchilarga qarshi oshkora dalildir.

Musulmonlar o‘zaro bir-birlari haqqiga duo qilishlari durustligi haqida hadisda shunday deyilgan:

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ عُمَرَ اسْتَأْذَنَ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم فِى الْعُمْرَةِ, فَأَذِنَ لَهُ, فَقَالَ: يَا أخي, لاَ تَنْسَنَا من دعائك. فقال عمر: هي أحب إلي من الدنيا

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan umraga izn so‘radilar. Bas, unga izn berib: “Ey, birodarim! Duoingda bizni esdan chiqarma”,  dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: “U dunyo(dagi narsalar)dan yaxshiroqdir”, dedi”. 

Shuningdek, sahobiy roziyallohu anhumlar va tobeinlar bir-birlari haqqiga duo qilishni iltimos qilganlar. 

Hattoki Nabiy sollallohu alayhi vasallamning kiyimlarigacha vasila qilish qadimda odat bo‘lgan. Bu haqda Imom Muslimdan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:

فَأَخْرَجَتْ إِلَيَّ جُبَّةَ طَيَالِسَةٍ كِسْرَوَانِيَّةٍ لَهَا لِبْنَةُ دِيبَاجٍ وَفَرْجَيْهَا مَكْفُوفَيْنِ بِالدِّيبَاجِ فَقَالَتْ هَذِهِ كَانَتْ عِنْدَ عَائِشَةَ حَتَّى قُبِضَتْ فَلَمَّا قُبِضَتْ قَبَضْتُهَا وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَلْبَسُهَا فَنَحْنُ نَغْسِلُهَا لِلْمَرْضَى يُسْتَشْفَى بِهَا

“Asmo bint Abu Bakr roziyallohu anho kisroviy tayolisiy yoqasi va ikki chekasiga ipak qoplangan bir jubbani chiqardi va: “Bu Oisha roziyallohu anho vafot topgunicha uning huzurida edi. Vafot topgach, uni oldim. Buni Nabiy sollallohu alayhi vasallam kiyar edilar. Biz uni shifo so‘ragan kasallarga yuvib (suvini) beramiz”, – dedi”.

Demak, vasilaga shariatimizda ruxsat berilgan bo‘lib, bilib-bilmay uni inkor etishga hech kimning haqqi yo‘q.

 

Abdulbosit Rahimov,

Mir Arab o‘rta maxsus islom 

bilim yurti mudarrisi