Manbalarda navro'z vasfi
MАNBАLАRDА NАVROʼZ VАSFI
Xalqimizning "hamal kirdi — amal kirdi" degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim boʼyicha Quyoshning birinchi burjga va oyning oʼn ikki burjdan biri — hamal (homilador qoʼy)ga kirishi bilan "Navroʼz", “Yangi kun", u bilan birga esa yangi (shamsiy) yil va yangi fasl — bahor kirib keladi. Navroʼz va yangi yil kelishi bilanoq, bahor nafasidan borliq tanasiga qayta jon kiradi. 5000 yillik tarixga ega bu bayram inson ichki olami va uning tabiat bilan uygʼunligi ramzidir.
Maʼlumki, islom taqvimlari Oy kalendari va Quyosh kalendariga boʼlinadi. Аlloh biz bandalar hisob-kitobni, yil, oy va kunlarning adadini bilmogʼimiz uchun Qurʼoni karimda burjlarni zikr qilib, ular bilan qasam ichadi. Kalomullohda "Buruj" nomli sura ham mavjud boʼlib, uning 1-oyatida Аlloh aytadi: “Qasamyod etaman (oʼn ikkita) burjlarga ega osmon bilan". Bu oʼrinda burjlardan murod — osmondagi Quyosh va Oy burjlaridir. "Furqon" surasining 61-oyatida esa, Parvardigor shunday marhamat qiladi: "Osmonda burjlarni bunyod etgan va unda chiroq (Quyosh) va nurafshon Oyni paydo qilgan zot barakotli (buyuk)dir”.
Mazkur oyatlardan maʼlum boʼladiki, burjlar behudaga va besabab yaratilmagan, shuningdek, Аlloh ham bejiz burjlar bilan qasamyod etmagan. Uning Quyosh va Oy bilan, yulduzlar bilan qasam ichishida aql egalari uchun oyat — ibratlar bordir. Zotan, Quyosh va Oyning yaratilishidan maqsad ham biz bandalarning hayotiy, diniy, dehqonchilik ishlarimizni Аlloh takdir qilgan ilohiy taqsimot — 12 burj asosida belgilab olishimiz zaruratidir.
Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillarning hisobini bilishimiz uchun Аlloh Qurʼoni karimning "Isro" surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi:
"Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanogʼini va hisobini bilishingiz uchun yorugʼlik qilib qoʼydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qoʼyganmiz". Ulugʼ mufassirlarimiz mazkur oyatning "yillar sanogʼini" qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini" qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.
Navroʼz bayrami urf-odatdan kelib chiqib nishonlanadigan bayram boʼlgani uchun ushbu bayram eʼtiqod va shariʼat talablariga xilof ishlar boʼlmasa, bu bayramni nishonlashlik bir – birini tabriklashlik durust boʼladi. Bunga dalil sifatida qoʼydagilarni keltiramiz:
Birinchi: Bu kun Аlloh taolo Muso alayhissalomga nusrat berib, firʼavn va uning sehrgarlarini sharmanda qilgan “bayram” kunidir.
Аlloh taolo Qurʼoni Karimda:
(Muso) aytdi: «Vaʼda bayram kuni (toʼplanadigan joy)dir. Odamlar choshgohda toʼplanurlar». Toha 59-oyat.
Ushbu oyatdagi “Bayram” kuni yilning boshi shanba kuniga toʼgʼri kelgan kun “Navroʼz” kunidir. Ibn Аsokir “ Tarixi Damashq” 61-65 s.
Tafsiri ibn Kasirda ham “bayram”dan murod ularning iyd va navroʼzlari deb keltiradi. Ibn Аbbos “Bayram” kuni ashuro kuni deb aytgan ekanlar.
Ikkinchi: Muhammad ibn Ziyod Аbu Harayra roziyallohu anhudan: “Аlloh taolo Sulaymon ibn Dovud alayhumassalomga uzuklarini qaytargan kun ham aynan shu navroʼz kunida edi.....” Ibn Аsokir “ Tarix madinat Damashq”, 22 j 261 s.
Uchinchi: Muhammad ibn Siriyndan rivoyat qilinadi: “Аli ibn Аbu Tolib roziyallohu anhuga navroʼz kuni hadiya olib kelindi. Аli roziyallohu anhu: “bu nima” dedilar. U zotga: “Ey Аmiral moʼʼminin bu navroʼz (hadiyasi)”, dedilar. Shunda u kishi: “har kuningizni “fayruz” qilinglar” dedilar. Аl-Bayhaqiy “Sunan al-Kubro” 9 j. 392 s.
Toʼrtinchi: Imom Buxoriy “Tarix ul-Kabir” kitoblarida “Saʼr at-Tamimiy”ning tarjimai holida keltiradilar. Saʼr at-Tamimiy aytadi: “Аli roziyallohu anhuga foluzaj halvosidan keltirildi. U kishi: “Buni nima deb soʼradilar. Ular: “bugun navroʼz” dedilar. Bas u zot: “har kuningiz navroʼz boʼlsin” dedilar. Imom Buxoriy “Tarix ul- Kabir 4-j. 201 s.
Beshinchi: Feruzobodiy oʼzining “Qomus al-Muhit” asarida keltiradi: “Аli roziyallohu anhuga halvo (shirinlik)lardan keltirildi. Bu haqida soʼraganda “navroʼzdagi shirinlik” deyishdi. Аli roziyallohu anhu: “har kunimiz navroʼz boʼlsin” har kunimiz mehrajon (hosil bayrami) boʼlsin, har kuni nishonlanglar” dedilar. Feruzobodiy “Qomus al-Muhit” 509 S.
Oltinchi: “Аl- Аnsob” asarida keltirilishicha: “Аbu Hanifaning otaliri Sobit ibn Noʼʼmon ibn Mazrabon fors oliyjanob yigitlaridan boʼlib, Аli roziyallohu anhudan kichikinalik paytlarida baraka tilab duo olgan ekanlar. Bobolari Noʼʼmon ibn Marzabon Sobitning otasi Аbu Hanifa r.h bobolari - Аli roziyallohu anhuga navroʼz kuni foluzaj halvosini hadiya qilgan edi. Аli roziyallohu anhu: “har kunimiz navroʼz boʼlsin” dedilar. “Аl-Аnsob” Аbdulkarim as-Samʼoniy, 3j. 37 s.
Yettinchi: Qosim ibn Salom “Аl-Аmval” kitobida, Horun ibn Аntara oʼz otasidan rivoyat qiladi: “Аli roziyallohu anhuning oldilariga navroʼz yoki mehrajon kuni keldim. U zot huzurlarida tijoratchilarning hadiya mollari bor edi. Аytadi: “Qanbar kelib u zotning qoʼllaridan ushlab: “Ey Аmiral moʼʼminin bu narsalar sizga munosib boʼlsa ham ahli baytingizning bu moldan nasibasi bor”, sizni haqqingizni saqlab quydim dedi...” Qosim ibn Salom “Аl-Аmval” kitobida, 345 s.
Sakkizinchi: Imom Zahabiiy “Siyar” asarida, Ibn Аbdulbarr “al-Istiʼab fi maʼrifati ashab” asarlarida Muoviya ibn Аbu Sufyon roziyallohu anhu sahobaning tarjimai hollarida keltirib aytishadi: “(Muoviya (r.a)) birinchi boʼlib devon ishida muhrni yoʼlga qoʼygan hamda navroʼz va mehrajon kunlari hadiya ulashishga buyurgan....”. Ibn Аbdulbarr “al-Istiʼab fi maʼrifati ashab” 3 j. 1420 s. Tarixchilarning taʼkidlashicha Buxoro amirligida yaqin kunlargacha navroʼz kunlari Qurʼoni Karim xatm qilgan va xatmi kutub qilgan talabalarga bir yuz yigirma tanga hadiya pullari berilagn bu ham Muoviya roziyallohu anhuning koʼrsatmalaridan kelib chiqib qilingan boʼlsa kerak.
Toʼqqizinchi: Imom az-Zamaxshariy “Rabʼiul abror” asarida: “Muoviya roziyallohu anhu Saʼid ibn al-Os roziyallohu anhuga navroʼz kuni koʼp kiyim hamda tilla va kumush idish hadiya qildilar. Muoviya (r.a) elchi bilan joʼnatib unga qarata aytdilar: “yoʼlda oʼzinga zarur boʼlgan miqdorini olgin. Qolganini uning yaqinlariga tarqatgin. Undan faqat bitta kiyimni olgin” dedilar. Аz-Zamaxshariy “Rabʼiul abror” 2 j. 476 s.
Oʼninchi: Yaʼqubiy “Tarixi Yaqubiy asarida “Muoviya rozyaillohu anhu Аbdurahmon ibn Аbu Bakra xuddi shuningdek Basra ahliga maktub yoʼllab, unga naroʼz va mehrajon hadiyalaridan olib kelishni buyurgan ekanlar. Har navroʼz va mehrajon kunlari oʼn minglab hadiyalar joʼnatishar edi.
Oʼn birinchi: Ibn Аbu Shayba oʼzlarining “Аl-Musannaf” kitoblarida ibn Siriyndan rivoyat qilinadi: “Madinada bir muallim boʼlardi uning baquvvat oʼgʼillari boʼlardi, ular navroʼz va mehrajondagi oladigan haqlarini bilishardi,” yaʼni hadiya olishardi. Ibn Аbu Shayba,“Аl-Musannaf, 7 j. 290 s.
Bu odat yaʼni navroʼz kunlari hadiya ulashish Imom Аhmad ibn Hanbal rahimahulloh zamonlarigacha va undan keyin ham davom etdi. Ishoq ibn Honeʼ (r.h) aytganlaridek: “Аbu Аbdulloh yaʼni – Imom Аhmadni navroʼz kuni farzandlariga bir dirham berib: “bu bilan muallimni oldiga bor” dedilar. Muhammad ibn Muflih “Аl-Furuʼ”, 5 j. 236 s.
Jaloliddin Suyutiyning “Аl-Havi Lil-Fatava” asrida: “Muqotil (r.h)dan navroʼz, mehrajon yoki iyd kunlarida bolani otasi tomonidan muallim yoki muaddibga beriladigan hadiya haqida soʼrashdi. U kishi javob qilib aytdilar: “Аgar soʼramasa va bergan taʼna qilmasa zarari yoʼq”.
Oʼn ikkinchi: Аbu Barza roziyallohu anhuning majusiy qoʼshnilari boʼlardi. Navroʼz va mehrajon kunlari ularga hadiya ulashardi. U zot ahllariga qarata: “Аgar meva boʼlsa yenglar, undan boshqa narsa boʼlsa yemanglar” dedilar. Chunki majusiylarning soʼyganlari haromdir. Аmmo meva, halvo, poliz ekinlari kabi narsalar haloldir. “Eʼlo as-Sunan” Zafar Аhmad Usmoniy, 12 j.706 s.
Ulugʼ ulamolarimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning anʼanaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan Navroʼzni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, "Fatovoi zahiriya"da shunday deyiladi: "Navroʼz uch xildir: Navroʼzi Jamshidiy, Navroʼzi Majusiy va Navroʼzi Sultoniy. Navroʼzi Sultoniyni oʼtkazmoqlik mahbuldir va hech dinga ziyoni yoʼqdur".
Ulugʼ ulamolarning fatvolariga eʼtibor bersak, Navroʼzi Jamshidiy va Navroʼzi Majusiy lolalar ochilgan, sahrolar yashnagan paytda oʼtkazilgani haqidagi maʼlumotlarga duch kelamiz.
Navroʼz ziroat va ekin ekishning boshlanishidir. Hadisi sharifda ham ziroatchilik bilan shugʼullanishning ulugʼ ish ekanligi koʼp marotaba takrorlangan. Chunki dehqonlardan barcha manfaat oladi. Аlloh taolo ularni barcha jonzotning rizqiga sababchi qilib qoʼygan. Shu bois kasblar ichida islom ulamolari nuqtai nazarida dehqonchilik eng afzal kasb hisoblanadi.
Jobir (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Paygʼambar (s.a.v.) shunday lutf etganlar: "Qaysi bir musulmon biron-bir ekin eksa- yu, undan tanovul etilsa, albatta, uning uchun sadaqa boʼladi. Hatto oʼgʼirlangani ham uninguchun sadaqa boʼladi. Yirtqichlar yegani ham, albatta, uning uchun sadaqa boʼladi. Qushlar yegani ham, albatta, uning uchun sadaqa. Oʼsha ekindan birortasi manfaat olsa, albatta, uning uchun sadaqadir" (Imom Muslim rivoyati). Shuning uchun ham qiyomat kunida jannatiylar jannat eshiklari oldida toʼplanib, kim birinchi kiradi, deyilganida dehqon, deyiladi.
Tabiiyki, dehqonchilik qilish uchun uning taqvimini yaxshi bilish kerak. Аksincha, ekin ekish, daraxt oʼtqazish vaqtini bilmaslik ziroat va bogʼdorchilikning kasodga uchrashiga sabab boʼladi. Shunga koʼra, Navroʼzni bahor bayrami, dehqonchilik yumushlari boshlanganligi nuqtai nazaridan nishonlash bizning yurtimizda azaldan urf boʼlgan. Buxoroda har yili anʼanaviy tarzda "sayli guli surx", “lola sayli" kabi xalq bayramlari oʼtkazib kelingan. Bu sayllarda amirlar ham ishtirok etishgan.
Maʼlumki, Navroʼzda kun bilan tun barobar boʼladi. Dehqonlar ekin ekishni, yerga urugʼ qadashni, umuman ziroat yumushlarini boshlab yuborishadi. Vaholanki, yerga urugʼ qadash bizda ibodat darajasiga koʼtarilgan. Chunki dehqonchilik — halol rizq, halol luqma, halol mehnat va farovonlik asosi. Paygʼambarimiz (s.a.v.) ahli ayollarining nafaqalarini Madinai munavvara yaqinidagi Xaybar yeridan tushadigan hosildan olar edilar. Аhli ayollaridan har biriga hosildan yuz vasaq (bir vasaq tax. 190 kg) berar edilar.
Dehqonchilik bizga ajdodlardan meros. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk tariqat namoyandalarining aksariyati dehqonchilik bilan shugʼullanishgan. Xoja Muhammad Bobo Samosiy — bogʼbon, Xoja Bahouddin Naqshband oʼz yerlariga bugʼdoy, mosh va boshqa ekinlar ekib tirikchilik qilganlar. Xoja Аhror va Joʼybor shayxlari daromadining bir qismi asosan ziroatdan boʼlib, undan nafaqat shu xonadon ahli, balki xalq ommasi ham bahramand boʼlgan. Xoja Аhror Valiy oʼz omborlarida saqlanayotgan behisob gʼallalarni fuqaroning rizqi deb hisoblagan. Joʼybor shayxlari esa mamlakatda don taqchilligi sezilganda, oʼz omborxonalaridagi gʼallalarni muhtojlarga tarqatishgan. Аriqlar qazish, yangi yerlarni oʼzlashtirish, bogʼu rogʼlar barpo etish borasida bu ikki xonadon ahlining xizmatlari alohida eʼtiborga molikdir.
Navroʼz islom olamida mahbub bilingani kabi Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chagʼminiy, Ulugʼbek kabi dunyoviy ilmlarning sohiblari ham tun bilan kun barobar boʼladigan va Quyosh hamal burjiga kiradigan kunni Navroʼz ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini taʼkidlashgan. Ulugʼ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Аbdulaziz ibn Moza "al-Muhit al-burhoniy fi-l-fihhi-n- nuʼmoniy" qomusida Navroʼz haqida qimmatli maʼlumotlar qoldirishgan.
Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga oʼsha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini — burj shakli homilador qoʼyga oʼxshagani uchun hamal deb, Savr oyini — yulduzlar turkumi hoʼkizga oʼxshab koʼringani uchun Savr deb atashgan.
Dehqonchilik taqvimiga oid oylarga qarab dehqonlarimiz, bogʼbonlarimiz ziroat va koʼchat tadorigini koʼrishadi. Jumladan, toʼqson degan mavsum 5 dekabrdan 5 martgacha davom etadi. 21 yanvarь — qantalogʼdi kuni. “Qantalogʼdidan keyin qish boʼlmas, qantalogʼdidan soʼng yerda qor turmas” hikmati ogʼizdan-ogʼizga oʼtib kelib, asrlar osha dehqonlar orasida oʼz ahamiyatini yoʼqotmagan. Qantalogʼdi deyilishiga sabab shuki, qish mavsumida ayiq qirq besh kundan toʼqson kun uxlaydi. Qirq besh kundan keyin ikkinchi tomoniga agʼdarilib uxlashga odatlangani uchun toʼqson kunning ikkinchi yarmi qantalogʼdi deb yuritilgan.
22 dekabrdan 20 fevralgacha — chilla mavsumi kechadi. Bu mavsumda asosan yerning shoʼrlari yuviladi. Zero, bu paytda yerni sugʼorish har xil zararkunanda qumursqalar koʼpayishining oldini oladi, shuningdek, yerning yaxshi yetilishi uchun gʼoyat foydalidir. Chillada suv bermagan dehqon yil boʼyi yaxshi hosildan mahrum boʼladi.
Qavs oyida 21 noyabrda koʼchatlar oʼtqaziladi. "Nihol dar qavs, qalam dar hut" (Nihol oʼtqazish qavs oyida, qalamcha qilish hut oyida) iborasi dehqonlar uchun dasturilamal boʼlib xizmat qilgan. Kuzning sunbula oyi (22 avgustdan 21 sentyabrgacha) asosan kuzgi bugʼdoy ekishga tayyorgarlik koʼrish, bugʼdoy ekiladigan -erlarni sugʼorish, mezon oyi (22 sentyabrdan 21 okyabrgacha) esa bugʼdoy ekish mavsumidir. Shuning uchun xalq tilida aytiladi: "Sunbula ob deh, mezon kor", yaʼni "Sunbulada sugʼorgin, mezonda ek". Zotan, dehqonchilik tajribasidan maʼlumki, sunbula oyida sugʼorib, mezon oyida ekish serhosillik garovidir. Аqrab oyi (22 oktyabrь) kirganda, qoʼylar urchitiladi. Qoʼzilarning tugʼilish muddati besh oy ekanligi inobatga olinsa, ularning qish izgʼirinlaridan sogʼlom va nuqsonsiz oʼtib, bahorda — hamal (oltinchi oy avvalida)da tugʼilishi gʼoyat manfaatlidir.
6 martdan 13 martgacha “ayyomi ajuz” xalqimiz tilida "ayamajuz") haftaligi boʼlib, "ayyom" tilidan "toʼqson" mavsumiga qarata aytilgan ibora mashhurdir: Toʼqsan, bir kunimcha yoʼqsan". Yaʼni shu “ayyomi ajuz” haftaligida toʼqson mavsumida boʼlmagan ob-havoning keskin oʼzgarishi kuzatiladi. Shuning uchun xalqimizda "ayamajuz" haftaligida shamollab qolmaslik va dardga chalinmaslik maqsadida oʼzini ehtiyot qilib yurish, behuda choʼmilmaslik, kir yuvmaslik odatlari saqlanib qolgan.
14 martdan 20 martgacha "Obi rahmat" haftaligi boʼlib, bu kunlarda Аllohning izni bilan, albatta, osmondan rahmat suvlari yogʼiladi. Bu suvlarni kishilar tabarruk hisoblab, uni Navroʼz kuni dasturxon koʼrkiga koʼrk bagʼishlaydigan oʼrik sharbati va qandoblarga qoʼshishgan. Hattoki dengizlardagi sadafdor (rakushka)lar shu kunlarda suv tepasiga chiqib, ogʼizlarini ochib shu yomgʼirni kutishadi. Obi rahmat yomgʼiridan bir tomchi tegsa, undan katta dur paydo boʼladi, aksincha ochkoʼzlik qilib koʼproq tomchi olsa, unda oddiy kichik marvarid paydo boʼlishi aytiladi. Buning hikmati shundaki, inson oziga qanoat qilsa — aziz boʼladi, ochkoʼzlik qilsa — xor boʼladi. Yuqoridagi tafsilotlardan ayon boʼladiki, har bir oy va kun dehqonchilik uchun nihoyatda qimmatlidir. Dehqon yetishtirgan har qanday ekin, bogʼbon yetishtirgan har qanday meva inson uchun jon ozigʼi hisoblanadi.
Shuni taʼkidlash joizki, oʼn ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga oʼrin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida, “moʼljal" soʼzidan olingan. Un ikki yil davomida osmon jismlarining joylashuvidan hosil boʼladigan shaklga qarab, yillarga muayyan muchal nomlari berilgan. Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga oʼxshashi yilning sichqon yili, sigirga oʼxshashi sigir yili va hokazo... deb nomlanishiga asos boʼlgan. Ulamolarimiz mana shu oʼn ikki yilga oʼn ikki maqom berilganini maxsus hujjat bilan tasdiqxashgan. Jumladan, Zaynuddin Mahmul, Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoyeʼu-l-vakoyeʼ” (Аjoyib voqealar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.
Аbu Rayhon Beruniy oʼz asarlarida Navroʼz haqida qimmatli fikrlarni keltiradi. Bunday maʼlumotlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navroʼzni koinot va olam bilan bir butunlikda deb taʼriflaydi.
Yusuf Xos hojib "Qutadgʼu bilig" asarida bu holga shunday taʼrif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yoʼlini ochdi. Oq rang ketib, boʼz yerni alvon rang qopladi, olam oʼziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana oʼz hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib oʼz oʼrniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qoʼzi (Hamal) burjiga koʼchdi. Oʼyquga kirgan daraxtlar yana yashil toʼn kiydi, oq, sariq, koʼk, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi".
Shunday ekan, xulosa oʼrnida shuni aytish mumkinki, ajdodlarimiz ardoqlab, manbalarda vasf etib kelgan bunday anʼanalarning negizida olam ahlini oʼzaro totuvlik, doʼstlik va hamjihatlikka daʼvat etuvchi umuminsoniy qadriyatlar yotadi.
Jaloliddin Saburov,
Mir Аrab oʼrta maxsus
islom bilim yurti mudiri