Kim fatvo berishga haqli
Qur’on va hadislar islomning asosiy manbalari bo‘lishi bilan birga, musulmonlar hayotini tashkil etish uchun muhim qo‘llanma ham hisoblanadi. Shunday ekan, Qur’on va sunnatga asoslangan holda, musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti va jamiyat farovonligi, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotni ko‘zlab fatvo chiqarish alohida bilim va malakani talab etadi. Mo‘tabar manbalarga ko‘ra, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan mujtahidlargina shunday hukum chiqarish huquqiga egadir. Biroq tarix va zamonaviy voqelik dindan yovuz maqsadda ham foydalanish mumkinligini ko‘rsatadi. Bunday haraktlar muqaddas islom dini qoidalaridan foydalangan holda amalga oshirilganini va oshirilayotganini ham afsus bilan qayd etish lozim.
Fatvo arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, so‘ragan kishiga shar’iy dalil asosida hukm chiqarishga nisbatan ishlatiladi. Yaa’ni fatvo – turli fiqhiy savollar bo‘yicha yirik musulmon huquqshunoslarining qat’iy fikrlarini ifodalaydi.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda.
Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Imom Molik rahmatullohi alayh aytadilar: “Men uchratgan chuqur bilim va tafakkurga ega bo‘lgan shaxslardan savol so‘ralganda halqumlariga jonlari tiqilgudek holatga tushishar edi. Bizning davrimizdagi fatvo beruvchilar esa fatvo berishga oshiqadi. Vaholanki, ularni qiyomat kuni nima kutib turganini bilmaydilar. Agar bilganlarida edi, bunday yog‘l tutmasdilar”. U zot yana: “Men chuqur bilimga ega bo‘lgan yetmishta shaxs fatvo berishga loyiqligim to‘g‘risida guvohlik bermagunlaricha fatvo bermaganman”, – degan ekanlar.
Fatvo berishning mas’uliyati juda ham og‘ir. Ko‘pchilik ilm ahllari fatvo berishdan qo‘rqqanlar.
Kimlar fatvo berishga haqli?
Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadi:
Ilm ahlining ommasi, agar fatvo beruvchi fatvo berishga salohiyatli bo‘lsa, joiz deyishgan. Avvalgi toifaning hujjati Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilingan ushbu hadisdir:
أجرؤكم على الفتيا أجرؤكم على النار
«Sizlarning do‘zaxga jur’atlilaringiz fatvoga jur’atlilaringizdir».
Salmon Forsiydan odamlar fatvo so‘ra shganida: «Bu sizlarga yaxshi, menga yomon», deganlar.
Abdurahmon ibn Abu Laylo aytadilar: «Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) as’hobidan yuz yigirmatasini ko‘rdim. Ularning muhaddisi ham, muftiyi ham o‘zidan ko‘ra, birodari hadis aytib, fatvo berishini istardi».
Abu Hanifa va u zotning ikki sohibi (Abu Yusuf va Muhammad) so‘zlarini, ular qaerdan gapirganini bilgan va insonlarning muomalalarini o‘rgangan kishigina fatvo bersa, durust bo‘ladi. Agar kishi ulamolarning so‘zlarini o‘rganganu, insonlarning muomalalari va mazhablarini o‘rganmagan bo‘lsa, bir masala haqida so‘ralganida, odamlarning mazhablarini o‘zlashtirgan ulamolar bu masalaga ittifoq qilganini bilsa, bu mumkin, bu mumkinmas, deb aytsa, uning so‘zi hikoya tariqasida bo‘lib, zarari yo‘q. Agar ulamolar ixtilof qilgan masala bo‘lsa, bu falonchining qavlida joiz, deb aytishida ham zarar yo‘q. U o‘zicha bir so‘zni ixtiyor qilishi mumkinmas. Ulamolarning hujjatlarini bilmasa ham, ularning fatvolari bilan javob beradi.
Isom ibn Yusuf aytadilar: «Men Mu’tam shahrida bo‘lganimda Abu Hanifaning ashobidan to‘rttasi – Zufar ibn Huzayl, Abu Yusuf, Aqiba ibn Yazid va Hasan ibn Ziyod to‘planishdi. Ular: «Biror kishi, modomiki biz qaerdan gapirganimizni bilmas ekan, bizning so‘zimiz bilan fatvo berishi halol emas», degan qarorga kelishdi».
Ibn Sirin aytadilar: «Huzayfa ibn Yamon: «Uchta kishi insonlarga fatvo beradi. Quronning nasx bo‘lgan oyatlarini biladigan kishi, yoki chorasiz qolgan amir, yoki fatvo so‘ralgan ahmoq», dedilar».
Ibn Sirindan biron narsa haqida so‘ralsa: «Men bu avvalgi ikkalasi ham emasman, uchinchi bo‘lishni ham yomon ko‘raman», deb qo‘yar edilar.
Ha. Fatvo chiqarish hammaga ham emas.Chiqarilgan fatvolarni ham to‘g‘ri anglash ham lozim. Bilib bilmay tushunmagan masalasini ana fatvo borku deb iddao qiladiganlarham talaygina.Alloh bunaqalardan bo‘lishni o‘zi asrasin.
Musa Saitov
Mir Arab o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi