17.02.2022

"Boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur"

".....U turli fazilatlar bilan bezangan va maqtovli xislatlarga ega boʻlgan bir podshoh edi. Ushbu barcha fazilatlardan shijoat va muruvvati ustun turardi.
Turkiy sheʼrni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas."
Mirzo Muhammad Haydar. "Tarixi Rashidiy"dan.
 Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yil 14-fevralda Andijonda Fargʻona hokimi boʻlgan Umarshayx Mirzoning xonadonida dunyoga keldi.
Harbiy taʼlim, fiqh, arab, fors tillarini oʻrgandi.Jasurligi sababli Bobur (sher) laqabini oldi.
Otasi Umarshayx Mirzo Yassaviyya tariqatining yetuk shayxlaridan Xoʻja Ahror Valiyning muridlaridan edi. Bobur ham yoshligidan tariqatda oʻsdi.
Otasining vafotidan keyin yosh Bobur taxtga chiqdi, lekin bu vaqtda Movarounnahrda vaziyat juda ogʻir edi. Barcha Temuriy shaxzodalar hokimiyatga kelishi bilan Amir Temur poytaxti boʻlgan Samarqandni egallashga haris boʻlar edilar. Bobur ham shunday qildi.
Bobur Samarqandni egalladi ammo, bu vaqtda Shayboniylar katta kuchga aylanib bevosita Samarqandga tahdid qila boshlagan edi. Bundan tashqari ichki nizolar, amirlarning beboshliklari, shahzodalar oʻrtasida taxt kurashlari natijasida Movarounnahr mutlaqo zaif holatga kelib qolgan edi. Bobur Movarounnahrni tark etishga majbur boʻldi.
Avval Kobulda hokimiyatini oʻrnatdi keyin esa Dehli sultonligiga barham berib, Hindistonni qoʻlga kiritdi.
Hokimiyatini kengaytirdi va Hindistonda mutlaq hokimiyatini oʻrnatdi hamda Boburiylar sulolasiga asos soldi. U va uning avlodlari Hindistonda katta islohotlarni amalga oshirdilar, obodonchilik ishlari olib bordilar.
Boburiylar Hindistonni uch-yarim asr idora qildilar. 
Ijodiy sohada 18-19 yoshlarida ruboiy va gʻazallar yoza boshlagan. Uning 119 gʻazali, bir mansu sheʼri, 209 ruboiysi, 10dan ortiq tuyuq va qitʼalari, 10 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari bor. Devonida 270 baytdan iborat 8 masnaviy bor.
Fiqh va aqidaga bagʻishlangan "Mubayyin" asari bor.
Buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqida va koʻplab tarixiy buyuk shaxslarimiz haqida koʻplab maqolalar chop qilingan, ommaga taqdim etilgan. U buyuk zotlarni naqadar ilm-fan rivojiga hissa qoʻshganlarini koʻpchilgimiz bilamiz, lekin ularning naqadar dindor boʻlganliklari, ilm-fan deganda avvalo dinni tushunganliklarini ham bilamizmi?!
Zahiriddin Muhammad Bobur tariqatkunanda bir Sulton boʻlganligini, vatanini iymoni qadar sevganligini, sheʼrlar yozar ekan ilohiy ishqla toʻlib toshganligini ham bilamizmi?!
Bizni mustamlaka qilgan hukumat bizning shonli tariximizni unuttirishga naqadar urungani! Bizni dinimizdan ayirshga, bu sababdan bizning tarixiy buyuk shaxslarimizni qora qilib koʻrsatish va unuttirishga, buyuk maʼrifat sohiblari boʻlgan bobokalonlarimizning Alloh ishqida yozgan sheʼru-gʻazallarini "bir ayolga nisbatan yozilgan" deb bizni ishontirganlarini ham bilamizmi?!
"Bir millatni boʻysundirishni xoxlasangiz unga tarixini unuttiring" degan shior ostida qilingan ishlar oʻz mevasini yetarlicha berdi.
Endi esa ziyoli qatlam xalqqa aslida biz kim ekanimizni yaxshi tushuntirishi lozimdir!
Shunday qilib Zahiriddin Muhammad Bobur 1530-yil 26-dekabrda Agrada vafot etdi.
Keyinchalik vasiyatiga koʻra 1539-yilda uning jasadi Kobulga keltirildi va Bogʻi Boburga dafn qilindi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan 1993-yil u zotning 510 yilligi keng miqyosda nishonlandi.
Bu buyuk zotning shonli nomi tarix zarvaraqlaridan oʻrin oldi.

Mir Arab oʻrta-maxsus islom bilim yurtining 1-bosqich talabasi Toʻlanov MuhammadQodir