09.02.2022

Yoshlarning ta’lim tarbiyasi hayotiy dolzarb vazifa


  Bir necha kun oldin bo‘lgan voqea asosida chop qilingan maqolaning mazmuni quyidagicha edi. Unda aytiladiki, namoz o‘qish istagida bo‘lgan 15-16 yosh atrofidagi bolakay masjidga keladi va u yerdagi bir kishiga o‘z istagini bildiradi. Unga biroz tushuncha berilgach "Namoz o‘qish qoidalari" kitobini unga uzatayotgan shaxs, bolakayning  jajji ko‘zlaridan oqayotgan ko‘z yoshlariga taajjublanib turganida, bola unga shunday deydi: "Akajon dadam chet davlatga ishlash uchun ketgandilar, og‘ir kasal bo‘libdilar. Iltimos, namozlaringizda dadamning haqqiga duo qilib qo‘ying" deb chiqib ketadi. 
 Bu voqeadan odamning tanasi larzaga keladi beixtiyor. Insoniylik xissi, mehr-muruvvat tuyg‘ulari bizlarga azaldan meros. Yosh bir farzandning otasi haqqiga bunchalik jon kuydirishi qaysi yevropa madaniyatida ko‘zga tashlanadi bir o‘ylab ko‘ringchi. Ularda bunday holni uchratish qiyin. Ota - onaga, ustozga, kattayu - kichikga, ayollarga va avvalambor insonning o‘ziga bo‘lgan mehri, muruvvati, hurmat - izzatiyu, xushmuomalasini o‘z ichiga olgan bunday go‘zal madaniyatni faqatgina bizga payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan meros bo‘lgan islomiy ta’lim - tarbiyadagina uchratish mumkin.
 Turli zamonaviy texnologiyalar rivojlanib, Yevropa hayoti va madaniyati turli xil kino-seriallar, kuy-qo‘shiqlr yoki teledasturlar orqali hayotimizga bemalol kirib kelib, avvalo yoshlarimizga salbiy tasir qilayotgan bunday bir davrda, biz ogoxligimizni zarracha bo‘lsada susaytirishga haqqimiz yo‘q. Afsuslar bo‘lsinki, hozir ko‘cha-ko‘yga chiqadigan bo‘lsak bir emas, bir necha bor yosh qiz va yigitlarning uyalmasdan ko‘chalarda qo‘l ushlashib yurganlariga guvoh bo‘lamiz. Bu biz musulmonlar uchun juda uyatli ahvol. Bunday xolatlarga bugun beparvo bo‘ladigan bo‘lsak, ertaga o‘sha qiz yoki yigitning o‘rnida bizning opa-singlimiz yoki aka-ukamiz bo‘lishi tayin. 
 Farzand yoki opa-singillarimiz hozirgi kunda nimalar bilan band bo‘lishyapti, tarbiyasi, ta’limi, yurish - turishi, kiyinish madaniyati qaysi tomonga o‘zgarib borayapti? Bu narsalarga befarq bo‘lib qolmasligimiz kerak. 
 Ertangi hayotimizni topshiradigan insonlarimizni, farzandlarimizni biz bugundan boshlab tarbiya qilishligimiz kerak. Ilm cho‘qqilarini biz egallashimiz kerak, shundagina butun insoniyatga manfaati tegadigan texnologiyalar ixtiro qilinadi. Har jabhada yutuqqa erishish uchun bugundan harakatni boshlashimiz lozim bo‘ladi. Ulardan ko‘ra bizning ishimiz manfaatli bo‘lishi aniq. Chunki biz musulmondar avvalo Robbimiz rizoligi uchun harakat qilamiz, moddiy manfaat uchun emas. Shunday ekan Allohga ishongan va iymon keltirgan, undan qo‘rqadigan, islomiy madaniyatda tarbiyalangan kuchli va bilimli, salohiyatli yoshlarni tarbiyalashni bugundan boshlashimiz kerak.
 

Bahodir Rahimov,
Mir Arab o‘rta maxsus 
islom bilim yurti mudarrisi