16.12.2021

Diniy ekstremizm va terrorizm – jamiyat taraqqiyotiga tahdid


O‘zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, Vatan taraqqiyoti yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan.
Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining soni 31 mln.dan oshgan bo‘lib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94% dan ziyodi islom diniga e’tiqod qiladi.
Ma’lumki, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to‘qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go‘yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik, insoniylikka zid vahshiyliklarga asoslangan amallarga qo‘l urayotgan turli guruh va jamoalar ko‘payib ketdi 
Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qatiy nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne’mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.
So‘nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini tasir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. 
Ayniqsa, internet tarmog‘ida  targ‘ibot olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etib da’vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga borib qo‘shilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda ham bor ekani hech kimga sir emas. Bunday yoshlar yuqorida qayd etilgan hududlarda insonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni go‘yoki xalifalik qurish uchun joiz amal hisoblab qattiq adashmoqdalar. Aslida, mutaassib oqim a’zolarining maqsadlari - “jihod”, “hijrat”, “shahidlik”, “kofir bo‘lish” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta’siridan chiqarish, o‘qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Afg‘oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo‘natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iborat. Shu nuqtai-nazardan, fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni avaylab-asrash yo‘lida davlatimizning mutasaddi idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan say-harakatlarni e’tiqodan qo‘llab-quvvatlashlari va qo‘lidan kelgancha ularga yordam berishlari lozim. Tahdidlarni oldini olishga qaratilgan aynan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, dindorlarimiz xotirjamlikda ibodatlarini ko‘ngildagidek ado etmoqdalar. Shu sababdan yurtimizga g‘alamislik qilishga harakat qiluvchi, go‘yoki dindorlarga tayziq qilinmoqda degan tuhmat tarqatayotgan kimsalarning tegirmoniga suv qo‘yib qo‘ymasligimiz ham lozim. 
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlaridek: “Haqiqiy musulmon bu – musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lishliklaridir”.
Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo‘shish – har birimizning, shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqarolarning, davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, eng asosiy vazifalaridan bo‘lib qolmog‘i lozim. Shu o‘rinda aziz ota onalarimizga murojat qilib aytmoqchi edimki. Aziz bolajonlarimizga ularni bilim olishlariga befarq bo‘maylik.Ularga alohida vaqt ajratib nima ishlar bilan va kimlar bilan do‘st bo‘lganliklarini so‘rab turaylik.ularni yosh nihol paytlarida avaylab asrasak kelajakda bu o‘z natijasini beradi albatta.Ulardan yana Buxoriylar, Navoiylar, Termiziylar chiqadi.   
Mir Arab o‘rta maxsus 
islom bilim yurti mudarrisi        
  Musa Saitov