IMON-E’TIQOD ERKINLIGINI TA’MINLASh — OLIY QADRIYАT
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa behisob shukrki, yangi O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarda insonning e’tiqod erkinligi, qadr-qimmatini hurmat qilish hamda uning huquq va erkinliklarini ta’minlash yaqqol o‘z ifodasini topmoqda.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida ushbu o‘ta muhim jihatga alohida e’tibor qaratib, bunday dedi: «Yangi O‘zbekiston g‘oyasi el-yurtimizning ulkan intilish va irodasi bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Barchamiz ana shu ulug‘ maqsad yo‘lida yanada jipslashib, g‘ayrat-shijoat va mas’uliyat bilan fidokorona mehnat qilsak, ko‘zlagan yuksak marralarimizga albatta yetamiz»
Ayni kunlarda yurtimizda Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana keng nishonlanmoqda. Bugun ro‘yobga chiqayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar zamirida Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyati mujassam desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Chunki unda «Inson va uning qadr-qimmati» degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari barcha islohotlarning asosiy maqsadini «Odamlarni hayotdan rozi qilish — asosiy mezon» degan yuksak tamoyilga qaratmoqda.
Mir Alisher Navoiyning «Odami ersang, demagil odami, Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami» degan baytida juda ham chuqur hayotiy hikmat bor. Hazrat aytganidek, inson qachonki millati, xalqi, dinining g‘ami bilan yashasa, shundagina komil inson, haqiqiy ma’noda odamiylikka erishadi. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkazadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki, banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi»,dedilar.
Darhaqiqat, odam borki, avvalo, kundalik hayotida u yoki bu narsadan manfaat ko‘rishni ko‘zlab oldinga intiladi, mehnat qiladi. Agar faoliyati halol-pok yo‘l bilan rizq topishga, savobli ishlarga qaratilgan bo‘lsa, nafaqat o‘ziga, balki el-yurtiga ham manfaat yetkazaveradi.
Inson manfaatlari ichida eng asosiysi yurt tinchligi va oila xotirjamligidir. Yurtimizdagi bunday osoyishta kunlarni qadrlash, eng avvalo, ahil-inoq bo‘lib yashash, bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish, har bir masalaga maslahatlashgan holda yondashib, o‘zaro izzat-hurmat tuyg‘usiga tayanib ish ko‘rish keng quloch yozmoqda.
Qur’oni karimda inson qadr qimmati doimo ulug‘langan. Kalomi sharifda: «Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga ot-ulov va kemalarga mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik» (Isro, 70), deb bayon qilinadi.
Yuqoridagi oyati karimadan ayon bo‘ladiki, inson Alloh taolo yaratgan barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram xilqat. Haq taolo odamni o‘z qudrati bilan yaratib, uni mukarram qildi. O‘z ruhidan jon puflab, ulug‘ladi. Shu bois, inson azizu mukarramdir. Shunday ekan, bugungi kunda «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir» shiori ostida kechayotgan xayrli islohotlar o‘zining yaxshi natijalarini berayotganini har qadamda ko‘rish mumkin. Bu borada davlatimiz rahbari bayram tabrigida: «Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz. Oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirish uchun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz», deya qayd etdi.
Bosh qonunimizning muhim bandlaridan biri — Alloh taolo bergan ulug‘ ne’mat — insonning hayoti va huquqlari. Unda fuqarolarning manfaatlari qonuniy ravishda mustahkamlangan va qat’iy kafolatlangan.
Islom shariatining ham asosiy maqsadlari odamlarning bu dunyo va oxiratdagi saodatini ta’minlash, mashaqqatlarini yengillatishdan iborat. Shariatning birlamchi maqsadlari din, hayot, nasl, aql va mulk kabilarni muhofaza qilish hisoblanadi. Bularni saqlash insoniyatning saodati va yashab qolishi uchun eng muhim omillardir. Inson hayotini himoya qilish Qur’on va Sunnatda ko‘p ta’kidlanadi, shariat kishi hayotini daxlsiz deb e’lon qilgan, xususan, suiqasd qilishni taqiqlaydi, begunoh insonni o‘ldirganlik uchun jazo joriy etadi. Hatto uning gunohi butun insoniyatni o‘ldirganlikka tenglashtiriladi.
Hayotning davom etishini ta’minlash, naslni saqlash uchun islom dini nikoh asosida oila qo‘rishni targ‘ib etadi, silai rahm va farzandlar tarbiyasini ham muhim hisoblaydi.
Aqlni saqlash maqsadi esa ilm olish orqali yaxshi va yomonni ajratish, jamiyat rivoji yo‘lida xizmat qilishni bildiradi. Zero, usiz saodat va adolatli jamiyat qurishning imkoni yo‘q. Buning uchun shariat aqlni ketkazuvchi harakat va narsalar iste’mol qilishni taqiqlaydi. Mulk va boyliklarni saqlash shariatning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lishi yaxshi yashash va adolatli jamiyat qurishda naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi. Halol yo‘l bilan mol-mulk topish, boy va kambag‘allar orasida katta tafovut paydo bo‘lishining oldini olishga katta e’tibor qaratiladi.
Ushbu besh jihatning barchasi Bosh qonunimizda o‘z ifodasini topgan. Jumladan, 13-moddada inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, 24-moddada yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani va 63-moddada esa nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asosida barpo etilishi kabilar alohida qayd etilgan.
Davlatimiz rahbarining bayram tabrigida siniq ko‘ngillarga mamnunlik ulashgan yana bir jihat shu bo‘ldiki, xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik va olijanoblik tamoyillariga amal qilgan holda, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 182 nafar shaxs bayram munosabati bilan muddatidan oldin ozod qilinib, erkin hayotga qaytarildi.
Ta’kidlash joizki, taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning vijdon va e’tiqod erkinligi huquqini ta’minlash xalqimizni ma’nan yuksaltirish va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillardagi musulmonlarga yaratilayotgan imkoniyatlar barcha mo‘minlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Bularning bari vijdon va e’tiqod erkinligi to‘la ta’minlanganiga yaqqol dalildir.
Shu yil 5 iyul kuni diniy — ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlarning mustahkam poydevori bo‘lmish «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada sayqal toptirdi.
Qonun bilan e’tiqod erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquqlari, imtiyozlari va majburiyatlari aniq belgilab berildi. E’tirof etish kerakki, yurtimizda mana shunday din va e’tiqod erkinligi borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqdaki, buning uchun Yaratgan Parvardigorga cheksiz shukronalar aytishimiz kerak bo‘ladi. Haq taolo ona Vatanimiz taraqqiyoti, qonun ustuvorligi va xalqimiz manfaati yo‘lida olib borilayotgan ulug‘vor ishlarda madadkor bo‘lib, ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin,
Omin yo Robbal alamiyn.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba «Yangi O‘zbekiston» gazetasi