Bola tarbiyasi uchun kim haqli?
عَنْ عَبْدِ اللّٰهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللّٰهُ عَنْهُمَا: أَنَّ امْرَأَةً قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللّٰهِ ،إِنَّ ابْنِي هٰذَا كَانَ بَطْنِي لَهُ وِعَاءً، وَثَدْيِي لَهُ سِقَاءً، وَحِجْرِي لَهُ حِوَاءً، وَإِنَّ أَبَاهُ طَلَّقَنِي، وَأَرَادَ أَنْ يَنْتَزِعَهُ مِنِّي، فَقَالَ لَهَا رَسُولُ اللّٰهِ صَلَّى اللّٰهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : «أَنْتِ أَحَقُّ بِهِ، مَا لَمْ تَنْكِحِي». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytiladi:
"Bir ayol: Ey Allohning Rasuli, mening qornim bu o‘g‘ilcham uchun joy, ko‘kragim suv idishi(ichimlik), bag‘rim esa himoya(qo‘rg‘on)bo‘ldi. Hozirda erim meni taloq qildi va mendan bolani tortib olishni xohlayabdi",- dedi(go‘yoki ayol bu gaplari bilan bunday qilishga erimning haqqi bormi, shariatimiz bunga qanday qaraydi?- deb so‘ramoqchi bo‘ldi).
Shunda Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: "Modomiki boshqaga turmushga chiqmas ekansan, bolaga otasidan ko‘ra sen haqliroqsan",- dedilar.
Imom Ahmad, Imom Hokim va Imom Abu Dovudlar rivoyat qilishgan.
Demak, shariatimizga ko‘ra, er-u xotin ajrashadigan bo‘lsa, bolaning tarbiyasi va g‘amxo‘rligiga ayol kishi haqliroq ekan, chunki ayol kishi bolasiga otaga qaraganda jonkuyar bo‘ladi. Mo‘tabar zot bo‘lmish ona hech qachon bolasining tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi.
Aslida, shariatda ham ushbu masalaga alohida etibor berilishidan asosiy maqsad: jamiyat kelajagining bir bo‘g‘ini bo‘lmish bolaning manaviy-tarbiyaviy, ruhiy jihatdan yolg‘iz qoldirilmasligidir. Uning tarbiyasi, qaramog‘i hech qachon birovlar qo‘lida qolmasligi hamda mehr-u shafqatga zoriqmasligi kerak. Hatto oila buzilgan taqdirda ham, g‘amxo‘rligi, mehri, jonkuyarligi ulug‘roq bo‘lgan kishiga, yani onaga haq qilib berilishi kerak. Bola ko‘chada qarovsiz, yetimxonada, yoki boshqa bir yomon holatda qolmasin. Ota-onani farzandiga nisbatan mehribon qilib qo‘ygan Robbimiz naqadar ulug‘, naqadar adolatli ekan-a?! Mushfiq onaga bolacining manfaatiga, birgina kulgisiga borini berganligi uchun haqqini joriy qilgan Islomimiz, shariatimiz naqadar ajoyib ekan-a?!
Ammo ayol kishi bunday hollarda bolani o‘z qaramog‘iga olishni rad etsa, ona bunga majburlanmaydi...
Davomi bor...
Ismoilov Namozbek,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilm yurti mudarrisi