07.12.2021

Konstitutsiya va Iqtisodiyot: Taraqqiyotning ”O‘zbek modeli”

Mustaqillik tufayli biz o‘zlimizni angladik,ozod xalq,mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini,ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilish imkoni tug‘ildi. Ozodlik bois bizni jahon tanidi,xalqimizning fidokorona mehnati, yoshlarimizning g‘ayorati,azmu shijoati ila Vatanimizning shon-shuhrati olam uzra yanada kengroq yoyilmoqda.Hurriyat bergan beqiyos imkoniyatlar negizida ertangi kunimiz– erkin va farovon kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etmoqdamiz.
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, dunyoda o‘zbek modeli sifatida tan olingan O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li, uning afzalliklari haqida jahondagi nufuzli siyosatchi va iqtisodchilar, ekspert va tahlilchilar tomonidan ko‘plab haqqoniy fikrlar, yuksak baholar bildirilgan. 
Asosiy negizini iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi, siyosatdan ustunligini nazarda tutadigan pragmatik iqtisodiy siyosat; davlatning bosh islohotchilik vazifasini o‘z zimmasiga olishi; qonun ustuvorligini ta’minlash; kuchli ijtimoiy siyosat olib borish; islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish kabi mashhur besh tamoyil tashkil etadigan ushbu taraqqiyot modeli ayniqsa 2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida o‘zining naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir bor isbotladi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, mamlakatimizning chetdan tiqishtirilgan, “shok terapeyasi” deb atalgan usullardan, “bozor iqtisodiyoti o‘zini o‘zi boshqaradi” qabilidagi soxta qarashlardan avvalboshdanoq voz kechib, boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan bozor munosabatlariga o‘tishda inqilobiy emas, balki tadrijiy rivojlanish yo‘lini tanlagani bugun o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. 
Asosiy Qonunimizda jamiyatimizning iqtisodiy asosi – ko‘p ukladli bozor iqtisodiyoti va fuqarolarning xususiy mulki qonun va davlat tomonidan himoya qilinishi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. 
Konstitutsiyamizning 53-moddasida: «bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va xuquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi» , deb belgilab qo‘yilgan.
Mustaqillik yillarida yurtimizda demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish hamda xalqaro maydonda o‘zimizga munosib o‘rin egallashda Asosiy Qonunimiz mustahkam zamin bo‘lib kelmoqda.Biz tanlagan va mashhur besh tamoyilga asoslangan taraqqiyot modelining naqadar haqqoniy va samarali ekani biz qurayotgan yangi demokratik tizimda, iqtisodiyotimiz rivojlanishining barqaror, barchani hayratda qoldirayotgan sur’atlarida, xalqimizning hayot darajasi va sifati ortib borayotganida o‘zining amaliy tasdig‘ini topmoqda.
Yurtboshimiz bildirgan fikrlarga ko‘ra,o‘tgan davrda biz duch kelgan og‘ir sinov va muammolarga qaramasdan, mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti qariyb 5 barobar, aholi daromadlari jon boshiga o‘rtacha 8,7 barobar o‘sganini, mamlakatimiz aholisi bu davrda 1,5 marta ko‘payib, 2015 yilning 1 yanvarida 31 million 500 ming kishini tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, bunday ulkan natijalarga erishganimizni, ochig‘ini aytganda, ba’zan tasavvur qilishning o‘zi ham qiyin. Bugungi kunda mamlakatimizning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 15 foizdan oshmasligi, ichki qarzimiz umuman yo‘qligi, eksport hajmi, oltin-valyuta zaxiralarimiz barqaror sur’atlar bilan oshib borayotganida ham erishgan ulkan natijalarimiz isbotini ko‘rish, kuzatish qiyin emas. 
Jahon miqyosidagi global iqtisodiy inqiroz hali-beri davom etayotganiga qaramasdan, dunyoning sanoqli davlatlari qatorida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’atlari so‘nggi 10 yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda. Yangi – 2016 yilda ham ana shunday o‘sish sur’atlari ko‘zda tutilmoqda.O‘zbekistonimizga mos tarixiy, milliy, an’anaviy va iqtisodiy vaziyat va xususiyatlarni inobatga olmasdan turib, “bozor iqtisodiyotining shiddatli girdobiga o‘zingni tashlasang, uning o‘zi ko‘zlangan manzilga olib chiqadi” degan xomxayollardan butunlay voz kechdik. Va bugungi kunda butun dunyoda tan olingan, “o‘zbek modeli” deb nom olgan jamiyatimizni tubdan isloh etish, erkinlashtirish, demokratik yangi davlat qurish, uni modernizatsiya qilish bo‘yicha puxta o‘ylangan taraqqiyot yo‘limizni tanlab oldik.
   Yurtboshimiz  Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz tanlagan   yo‘l – taraqqiyotning o‘zbek modeli, jamiyat hayotini yangilash va erkinlashtirish jarayonlarida amalda o‘zini oqlayotgan hayotbaxsh islohotlar yaqqol tasdiqlab turibdi. Bu ezgu ishlar ijobatida Asosiy Qonunimiz hamisha yo‘lchi yulduz bo‘lib yo‘limizni yoritib boraveradi.

Mir Arab Arab o'rta maxsus islom bilim yurti

 huquqshunoslik fani o'qituvchisi Lazizbek Hayitov