13.11.2021

Taloq


Hozirgi vaqtda oilalarda ajrimlarning ko‘payotgani jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtalaridan biridir. Sinovli dunyoda oilaviy kelishmovchiliklarni sabr va bag‘rikenglik bilan bartaraf etish mumkin bo‘lgani holda ko‘p yoshlarimiz shoshqaloqlik, g‘azab, sabrsizlik kabi illatlarga tez yengilishmoqda. Yigitlarimizning ayoliga “Uch taloqsan”, “Qum taloq”, “Ming taloqsan”, “Onangnikiga borsang, taloqsan!” deyishlari ko‘payib ketgan.
   Ayrim erkaklar bu so‘zning hukmini bilmasdan xotinini qo‘rqitish uchun “taloq” so‘zini qayta-qayta tilga olaveradi, jahl bilan aytilgan birgina so‘zdan oila tanazzulga yuz tutishini his qilishmaydi. “Bir marta janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi”, degan maqolning mohiyatini tushunmay janjallashaverishadi. Bunday tortishuvlarda er ham, ayol ham o‘z haq-huquqini talab qiladi. Farzandlarning ahvoli, atrofdagilarning fikri, hayoti ularni umuman qiziqtirmaydi. Ko‘pincha ayol erini qattiq rashk qilganidan yoki boshqalarga o‘xshab yaxshi yashashni talab etishi, erining qarindoshlari bilan munosabatlari turli kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladi.
   Abdulloh ibn Ja’far ibn Abu Tolib qiziga bunday nasihat qilgan ekanlar: “Zinhor rashkchi bo‘lmagin, u taloqning kalitidir. Zinhor ko‘p itob qiluvchi bo‘lmagin, u ko‘ngilsizlikni keltirib chiqaradi. Surma qo‘yib yurgin, lekin ziynatlarning eng afzali suvdir”.
  Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ular bilan totuv turmush kechiring. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso, 19).
   “Keyingi pushmon, o‘zingga dushman” deb, bekorga aytilmagan. O‘ylamay aytilgan so‘zning asorati oilalarning buzilishiga, begunoh go‘daklarning ko‘z yoshiga sabab bo‘lib qolmasin.
Taloq» so‘zi lug‘atda «moddiy va ma’naviy tugunni yechish» ma’nosini anglatadi.
Shar’iy istilohda esa, maxsus lafz ila nikohni ketkazish yoki halolligini nuqsonga uchratishga taloq deb aytiladi.
Maxsus lafzdan murod taloq yoki uning ma’nosini anglatuvchi lafzdir.
Nikohni ketkazish esa, nikoh aqdini yechib, oradagi ma’naviy bog‘lanishni yo‘qotish deganidir. Bu uch taloq ila yuzaga kelib, undan so‘ng taloq qilingan ayol o‘zini taloq qilgan kishiga halol bo‘lmay qoladi.
Halolligini nuqsonga uchratish, degani esa, bir taloq qo‘ysa, uch taloq haqidan bitta kamayib, xotinning unga halolligi nuqsonga uchragan bo‘ladi.
Qolaversa, taloqning soni uch taloq bilan chegaralab qo‘yilgan. Uch taloqdan keyin xotin boshqa erga tegishi lozim bo‘lib qoladi.
Islom dini taloq haqini erkak kishiga bergan. Chunki erkak kishi oila rahbari hisoblanadi. Oilaning obro‘si uning obro‘si bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun oilani buzishdan oldin erkak kishi ko‘p o‘ylaydi. Bolalar ham otaning nomida bo‘ladilar, bu masala ham erkakni iloji boricha oilani saqlab qolishga undaydi. Oila qurish uchun barcha harakatlarni va sarf-xarajatlarni ham erkak qiladi. Xotinga mahr beradi, uy-joy hozirlaydi, to‘y qiladi va hokazo. Agar u xotin qo‘yib yana yangidan uylanadigan bo‘lsa, bu savdolar ham yangidan boshlanadi.
Eng muhimi, musulmon er iloji boricha taloq qilmaslik ruhida tarbiya topgan bo‘ladi. Umuman, Islom jamiyatida taloqqa eng noxush narsa sifatida qaraladi.  Zero taloq hadisi sharifda ta’kidlanganidek, Alloh eng yomon ko‘rgan halol narsa hisoblanadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh mening ummatimdan o‘ziga o‘zi, ichida gapirganini, modomiki talaffuz qilib aytmasa yoki amalga oshirmasa, kechib yubordi», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharifga binoan, birov ichida xotinimni taloq qildim, desa, taloq tushmaydi. Ammo ovoz chiqarib aytsa, taloq bo‘ladi. Bir kishi o‘z xotiniga sen taloqsan, desa, taloq tushadi. Undan nimaga, nima niyatda bu gapni aytding, deb so‘rab o‘tirilmaydi.
Shuningdek, gapira olmaydigan odam ishora bilan taloq qilsa ham talog‘i tushadi.
Xat yozish yo‘li bilan taloq qilsa ham tushadi.
Birovni xabarchi qilib yuborib, o‘sha orqali taloq xabarini yetkazsa ham taloq tushadi.
Agar bir odamning esi o‘z ixtiyori ila qilgan tasarrufi tufayli ketgan bo‘lsa, misol uchun, mast qiluvchi ichimliklar ichgani, nasha, qora doriga o‘xshash narsalar iste’mol qilgani uchun esini yo‘qotgan bo‘lsa, talog‘i tushadi.
Shuning uchun bu narsada juda ham ehtiyot bo‘lish kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Uch narsaning jiddiysi ham jiddiy, hazili ham jiddiy: nikohning, taloqning va raj’atning», dedilar».
Abu Dovud, Termiziy va Hokim rivoyat qilishgan.
Oralarida nikoh to‘g‘ri bo‘ladigan kishilar hazillashib, aqdi nikoh qilsalar nikoh sobit bo‘ladi. Xuddi shuningdek, hazillashib qilingan taloq ham tushadi. Xotinini bir yoki ikki raj’iy taloq qilib yurgan odam idda ichida seni o‘zimga qaytarib oldim, desa, raj’at-qaytish ham sobit bo‘ladi.
Chunki bu hollarda o‘zi bilib turib, qasd qilib aytgan bo‘ladi. Islom hayotga, xususan, oilaviy hayotga jiddiyat bilan qaraydi. Er-xotin orasidagi nikoh aloqasini muqaddas aloqa sifatida ko‘radi. Muqaddas narsalarni hazil-huzulga aylantirish esa umuman mumkin emas. Ushbu ma’nolarni har bir musulmon ayol va erkak yaxshi tushunib olmog‘i va hayotga tatbiq qilmog‘i kerak. Ayollar erlariga itoatsizlik qilib, ularga qarshi bosh ko‘tarmasinlar, o‘z chegaralarida turib, erlarini favqulodda chora ko‘rishga majbur qilmasinlar. Erlar esa, xotinlariga yaxshi muomalada bo‘lsinlar, mabodo ayollardan ba’zi bir xatolar o‘tsa sabr qilib, kechirimli bo‘lsinlar. Ana o‘shanda musulmonlarning yaxshilaridan bo‘ladilar.
Sadullaev Sirojiddin,
Mir Arab o‘rta maxsus 
islom bilim yurt mudarrisi