08.11.2021

Dinda ixtiloflar va ularning yechimi

Bazida hayotda shunday bir ishlar sodir bo‘ladiki Allox panoh bersin butun hayotimiz izdan chiqib o‘zimiz o‘ylamagan va bilmagan darajada adashib ketishimizga sabab bo‘ladi. Islom dini go‘zal axloqlar, chiroyli tarbiya, istalgan insonga o‘rnak bo‘ladigan na’munali xulq, butun olamni yoritishga kuchi yetadigan nurafshon nur singari faqat va faqat yaxshilikka yetaklovchi mehr - oqibat dinidir. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollollohu alayhi vasallamning sunnatlari esa mana shu dinimizni mukammal anglashimiz va unga yanada go‘zal zeb - ziynat berish uchun xizmat qiladigan eng mukammal go‘zal axloqlar yig‘indisidir.
Lekin ming afsuslar bo‘lsinkim azal azaldan biz musulmonlarning birdamligimiz va go‘zal madaniyatimizni ko‘ra olmay shu e’tiqodimizni yo‘q qilishga urinib kelayotgan ko‘plab qarshi kuchlar mavjuddir. Ayniqsa, bugungi ommaviy axborot vositalari va ularga bo‘lgan talab ortgan bir davrda dinimiz dushmanlarining harakatlari ham ancha jadallashib qoldi. Ularning ommaviy axborot vositalarida qilayotgan chiqishlari, harakatlari ko‘plab birodalarimizning adashib ketishlariga sabab bo‘lmoqda. 
Xo‘sh, ular buni qanday amalga oshirishmoqda? 
Buning asosiy sabablari yurtimizning rus iste’lochilari tomonidan bosib olingan davrga borib taqaladi. Ayni o‘sha davrdayoq xalq orasida diniy soha vakillarining obro‘sizlantirilishi, yurtimizdagi dinimiz ustunlari bo‘lib xizmat qilib kelgan ilmli, olim insonlarning turli tuhmatlar bilan qo‘lga olinganligi, yetakchi ustozlarsiz qolgan yurtimiz musulmonlarining diniy ilmlarni egallashiga to‘siq o‘laroq dinimiz rivojiga salbiy tasir ko‘rsatgan. Shu voqealarning ta’siri sabab bugungi kunga kelib musulmonlar orasini buzish, e’tiqodimizni sindirishni niyat qilgan kimsalar musulmonlar orasida turli xil ixtilofli masalalarni yuzaga keltirish orqali ma’lum bir miqdorda bunga erisha olayaptilar desak xato bo‘lmaydi. Ular bu g‘arazli maqsadlarini bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali e’tiqodimizni buzuvchi ixtilofli masalalarni odamlarimiz ongiga singdirib, ular orasida fitna chiqarish orqali amalga oshirishmoqda. Odamlarimiz ahli sunna val jamoa e’tiqodinining shart-shamoillarini to‘liq bilmasliklari, xalq orasida mahalla imomlarining hurmatsizliklari sabab o‘zlarida yuzaga kelgan turli xil savollarga javobni shu soha vakillari bo‘lgan ustoz imomlarimizdan so‘ramasdan ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil ishonchsiz manbalardan izlashlari ularning yuqorida zikr qilingan shaxslarning domiga tushishlariga sabab bo‘lib kelmoqda.
Nima qilish kerak?
Yurtimiz musulmonlari orasida yuzaga kelayotgan va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ixtilofdarning asosiy qismi fiqhga borib taqaladi. Bizning fiqhdan uzoqlashganligimiz va zarur ilmlarni egallamaganligimiz ushbu muammolar rivojiga xizmat qilmoqda.
Bu muammolarning yechimi o‘laroq biz avvalambor xalqimizning ilmiy salohiyatini oshirmog‘imiz zarurdir. Diniy ilmlarni har tomonlama xalqimiz ongiga singdira olishimiz zarur bo‘ladi.
Yuqorida zikr qilingan omillarni e’tiborga olgan holda avvalambor fiqh ilmini o‘rganish o‘tgan buyuk faqihlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy merosdan unumli foydalanish va musulmonlar ommasiga bilimni zamon ruhiga mos ravishda yetkazishni ilmiy va to‘g‘ri ravishda yo‘lga qo‘yishimiz zarur bo‘ladi, ana shunda fiqhiy masaladagi ixtiloflar ham barham topishi uchun katta bir qadam qo‘yilgan bo‘ladi inshaalloh. Umuman olganda esa musulmonlar iloji boricha diniy savodlarni o‘stirish ustida ishlamoqlari kerak. Ahli ilmlar ilmni puxta egallash payida bo‘lishlari, kishilarni ixtilofga solish o‘rniga ularni ixtilofdan chiqarish haqida qayg‘urishlari lozimdir. Agar ba’zi bir masalada turli fikrda bo‘lib qolsalar uni darrov xalq ommasiga olib chiqmasdan avval o‘zlari ilmiy majlislarda hal qilib bir fikrga kelganlaridan keyingina ko‘pchilikka e’lon qilishlari kerak. Shu bilan birga fuqarolarimiz ham o‘zlarida yuzaga kelgan turli xil savolli masalalarni mas’ul din xodimlaridan, diniy olimlarimizdan va ishonchli manbaalardan so‘rab bilishlari zarur bo‘ladi. Qisqasini aytadigan bo‘lsak hammamiz bir tanu bir jon bo‘lib ixtilofga qarshi kurashmog‘imiz, unga olib boradigan har bir yo‘lni,so‘qmoqni yaxshilab to‘smog‘imiz zarur.


Rahmatov Bahodir,
Mir Arab o‘rta maxsus 
islom bilim yurti mudarrisi