18.10.2021

SAVOBI CHEGARASIZ AMALLAR

Pokiza shariat insonlarni har doim yaxshilik qilishga targ‘ib etadi. Negaki dunyo oxiratning ekinzoridir deb bejizga aytilmagan. 
Alloh taolo bu dunyoni imtihon uchun bunyod etgan. Insonlarni esa ushbu imtihon ishtirokchilari etib yaratgan. Bandalar tiriklik chog‘larida nima yaxshilik qilmasinlar, albatta, ajrga ega bo‘lishadi. Bu amallarning savobi insonning ajaliga qadar davom etadi. Vafot etdimi, amallarning savobi ham tugaydi, nomai a’moliga ajr yozilmaydi. 
Lekin hayotda yana shunday amallar ham borki, ularning savobi nafaqat shu dunyoning o‘zida balki kishining vafotidan keyin qiyomatga qadar davom etib turadi, eng zarur pallalarda unga asqotadi. Ushbu xislatlarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagi hadisi sharifda birma-bir bayon etganlar.

عَن أبي هرَيرَةَ رضِيَ اللهُ عنهُ قال: قالَ رَسولُ اللهِ صلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ: إنَّ مِمَّا يَلحَقُ المؤمِنَ مِن عَمَلِهِ وَحَسناتِهِ بَعدَ مَوتِهِ عِلمًا عَلَّمَه وَنَشَرَه وَوَلَدًا صالِحًا ترَكَهُ ومُصحَفًا وَرَّثَهُ أو مَسجِدًا بَناهُ أو بَيتًا لِابنِ السَّبيلِ بَناهُ أو نَهرًا أجراهُ أو صَدَقةً أخرَجَها مِن مالِهِ في صِحَّتِهِ وحَياتِهِ يَلحَقُهُ مِن بَعدِ موتِهِ. رواهُ ابنِ مَاجَه

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min kishiga vafotidan keyin ham amallari va yaxshiliklarining savobi yetib turadi. Ilm o‘rgatgan yoki uni tarqatgan bo‘lsa, solih farzand tarbiyalagan bo‘lsa, Mus’hafni meros qoldirgan bo‘lsa, masjid qurgan bo‘lsa, musofirxona bunyod etgan bo‘lsa, ariq oqizgan bo‘lsa, tirikligida va sog‘lomligida boyligidan ehson chiqargan bo‘lsa, olamdan o‘tganidan keyin ham (bu amallarining savobi) unga yetib turadi», dedilar» (Ibn Moja rivoyati).
Endi ularga alohida e’tibor qaratsak:
1. Ilm o‘rgatgan yoki uni tarqatgan bo‘lsa. Ilmni xoh gapirgan xoh yozgan bo‘lsin, xoh dars bergan xoh bunga imkoniyat yaratgan bo‘lsin, savobi yetib turadi;
2. Solih farzand tarbiyalagan bo‘lsa. U nima yaxshi amal qilsa ham ota-onasiga savob yozilaveradi;
3. Mus’hafni meros qoldirgan bo‘lsa. Birovga Qur’oni karimni o‘rgatgan bo‘lsa yoki uni birovga sovg‘a tariqasida bergan bo‘lsa, buning uchun ham savob yoziladi; 
4. Masjid qurgan bo‘lsa. Masjid Allohning uyi, unda ibodat qilinadi, musulmonlar qatnaydi. Bu bilan musulmonlarga imkoniyat yaratgan, ularning og‘irini yengil qilgan kishining ajrga ega bo‘lishi bilinmoqda. Masjidga olib boradigan yo‘lni tuzatgan, uning tahoratxonasiga yoxud sahnasiga, obodonchiligiga hissa qo‘shganlar ham ana shu hukmga daxldordir;
5. Musofirxona bino etgan bo‘lsa. Xoh qishloqda xoh shaharda musofirlarning yotib turishlari uchun bir boshpana qurgan kishiga ham tinimsiz savob yozilib turiladi; 
6. Ariq oqizgan bo‘lsa. Insonlar manfaatini ko‘zlab quduq yoki ariq qazgan, suv oqizgan, bog‘-rog‘ yaratgan, nihol qadagan kishilar ham ana shunday savobdan bahramanddirlar;
7. Boyligidan ehson chiqargan bo‘lsa. Yetim-yesir, beva-bechora, kambag‘al va miskinlarga yordam bergan, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zganlar, albatta, vafotidan keyin ham bu ezgu amalining natijasini ko‘radi. 
Nafaqat ushbu amallarni bajargan, balki bunga hissa qo‘shgan, sababchi bo‘lgan, undagan, qiziqtirgan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, yordam bergan, maslahatini ayamaganlar ham bu savobga sherikdirlar.
Bu ham Allohning fazli. Bularning barchasida jamiyatga manfaat bor. Nafaqat insonlarga balki hayvonot olami, hasharot olamiga ham manfaat bor. Ushbu hadisi sharifdan hammamiz hamisha faqat o‘zimizni o‘ylab emas, aksincha, boshqalar g‘ami bilan ham yashashimiz lozimligi kelib chiqadi.

Erkin QUDRATULLOH,
Mir Arab o‘rta maxsus 
islom bilim yurti mudarrisi