14.10.2021

Hanafiy mazhabida «Fotiha»dan keyin ominni aytish masalasi

Namozda Fotiha surasidan keyin omiynning aytilishiga barcha mazhab ulamolari birdek ittifoq qilishgan. Ular ushbu so‘zlariga quyidagi hadisi sharifni dalil qilib keltirishadi:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qachon imom (Fotiha surasini o‘qib bo‘lgandan keyin) «omin» desa, sizlar ham «omin» denglar. Chunki kimning omini farishtalarning ominiga muvofiq kelsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi», dedilar». (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyat qilgan).
Ammo mazhab ulamolari o‘rsasida omiynni jahriy aytish kerakmi yoki maxfiy atish kerakmi degan savol ko‘ndalang turibdi. 
Hanafiy mazhabida har qanday namozda maxfiy aytiladi. Shofe’iy va Hanbaliy mazhablarida qiroati maxfiy bo‘lgan namozlarda omin ham maxfiy aytiladi, qiroati oshkora namozlarda omin ham oshkora aytiladi, deyilgan.
Malumki, O‘rta Osiyo xalqlari ming yillardan beri hanafiy mazhabiga amal qilib keladi. Ahli sunna val-jamoa sanalgan to‘rt fiqhiy mazhab ichidan hanafiy mazhabiga amal qilish bizning diyorda vojib darajasiga yetgan. Shuni ko‘p ulamolar ta’kidlaydilar. Chunki bu mintaqada boshqa mazhab olimlari ham, kitoblari ham topilmaydi.
Hanafiy ulamolar namozda “Fotiha” surasidan keyin, “omin”ni maxfiy (ovoz chiqarmasdan) aytishga bir qancha dalillarni keltirib o‘tishgan:
Alloh taolo Qur’oni karimda duoni maxfiy qilishga buyurgan:

ادْعُوا رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ

“Rabbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A’rof surasi, 55-oyat).
“Omin” lafzi duo bo‘lib, “ijobat qil”, “duoni qabul qil”,degan ma’nolarni anglatadi. Demak, “omin”ni ichimizda aytsak, mazkur oyatga amal qilgan bo‘lamiz.
Yana bir dalil:

عَنْ عَلْقَمَةَ بْنِ وَائِلٍ رضي الله عنه عَنْ أَبِيْهِ: "أَنَّهُ صَلَّى مَعَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَلَمَّا بَلَغَ غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِيْنَ قَالَ: آمِيْنْ وَأَخْفَى بِهَا صَوْتَهُ")    رواه الإمامُ أحمدُ والإمامُ أبو داودَ الطيالسيُّ والإمامُ أبو يَعلى الموصلي والإمامُ الدارقطني والإمامُ الحاكمُ(

Alqama ibn Voil otalaridan rivoyat qiladilar, otalari Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qidilar. Payg‘ambarimiz “g‘oyril mag‘zubi ‘alayhim valazzollin”ga yetganlarida ominni ovoz chiqarmasdan aytdilar (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud, Imom Abu Ya’lo, Imom Doraqutniy, Imom Hokim rivoyatlari).
 
عَنْ أَبِيْ وَائِلٍ رضي الله عنه قَالَ: "كَانَ عَلِيٌّ وَابْنُ مَسْعُودٍ لاَ يَجْهَرَانِ بِبِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيْمِ وَلاَ بِالتَّعَوُّذِ وَلاَ بِآمِيْنَ")  رواه الإمامُ الطبراني(

Abu Voil raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ali va Abdulloh ibn Mas’udlar “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a’uzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda hazrati Umar raziyallohu anhu ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o‘qishlari ta’kidlanadi. Hanafiy ulamolar xuddi shu ma’nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning nomlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.

عَنْ إِبْرَاهِيْمَ النَّخَعِي قَالَ: "أَرْبَعٌ يُخْفِيْهِنَّ الْإِمَامُ اَلتَّعَوُّذُ وَبسم الله الرحمن الرحيم وَاَللَّهُمَّ رَبَّنَا لَكَ الْحَمْدُ وَآمِيْنْ)  "رواه الإمامُ عبدُ الرزاق في مُصَنَّفِهِ وإسنادُه صحيحٌ(

Ibrohim Naxaiydan rivoyat qilinadi: “To‘rt narsani imom ovozini chiqarmasdan aytadi: “A’uzu billahi minash shaytonir rojim”, “Bismillahir Rohmanir Rohim”, “Robbana lakal hamd” va “Omin”” (Imom Abdurrazzoq “Musannaf” nomli kitobida rivoyat qilgan. Isnodi sahih).
Ko‘rib o‘tganimizdek, hanafiy ulamolar har bir amallarini dalillar asosida qurishgan. Aytib o‘tilgan va bundan boshqa qator dalillar bunga yaqqol guvohdir. Shunday ekan, biz ota-bobomizning yo‘lidan yurib, oyat va hadislarga quloq tutib, yurtimizda an’anaga aylangan urf-odatlarga, hanafiy mazhabining qonun-qoidalariga rioya etgan holda ish tutishimiz har qanday holatda shart va lozimdir.

Abdulbosit Rahimov,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi