AQIDADA ADASHMAYLIK!
“Aqida” so‘zining o‘zagi lug‘atda “aqd” ya’ni “tugish”, “bog‘lash”, “mahkamlash” ma’nolarini anglatadi. “Aqida” so‘zining shar’iy atamasi esa “biror narsaga shak-shubhasiz darajada qat’iy ishonish”ga aytiladi. Demak, aqida qalbda sodir bo‘ladigan jarayon bo‘lib, u inson qalbidan ishongan, o‘zi uchun e’tiqod qilib olgan narsalarga aytiladi. Agar o‘sha qat’iy ishongan narsasi to‘g‘ri bo‘lsa, u to‘g‘ri aqida hisoblanadi. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, botil aqida sanaladi. Xuddi Ahli sunna val jamoa aqidasi – to‘g‘ri aqida va adashgan firqalar aqidasi esa – botil aqida deganga o‘xshab.
Aqida ilmi – oxiratda najot topishda ahamiyatli ekanligi sababli har bir kishi o‘rganishi vojib bo‘lgan ilmdir. Kimning aqidasi to‘g‘ri bo‘lsa, imoni to‘g‘ri bo‘ladi va oxiratda omonda bo‘ladi. Kimni aqidasi to‘g‘ri bo‘lmasa, buning aksi bo‘ladi.
"Aqoid" ilmining asosiy g‘oyasi va ko‘zlagan maqsadi bandalarning dinga bo‘lgan ishonchini, diniy e’tiqodlarini mustahkamlash hamda ular to‘g‘risidagi barcha shak-shubhalardan muhofaza qilish, eng muhimi, boshqa barcha shar’iy ilmlar kabi bandalarni ikki dunyo saodatiga musharraf qilishdir. Shy sababli sof islomiy aqiyda, bandaning bu dunyoda sog‘lom inson tabiatiga xos hayot kechirib, oxiratda ham saodatmand bo‘lishiga sabab bo‘ladigan asosiy omil sanaladi.
Bu xususda ulug‘ mutasavvif olim So‘fi Ollohyor:
Diyonat behidur (ildizidur) ilmi aqoid
Tomursiz shoxa suv bermak na foid
deya aqoid ilmi dinimizning asosiy ildizi ekanligi, bu ildiz asosida bajarilmagan amallar bandaga hech qanday naf keltirmasligini bayon qilganlar.
Imom Shofeiy rahimahulloh: “Fiqhdan oldin aqida ilmiga buyurildik”, – deganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh esa: “Aqidada bilimdon bo‘lish fiqhiy ahkomlarda bilimdon bo‘lishdan afzalroqdir”, – deganlar.
Eng avvalo, qalbda aqida asoslari o‘rnashmas ekan, shariat ahkomlarini bajarishdan foyda bo‘lmaydi. Zero, ulug‘ mashoyixlarimizdan So‘fi Olloyor aytganlaridek:
“Aqida bilmagan shaytona eldir,
Agar ming yil amal deb qilsa – yeldir”.
Bandalikning asosiy tayanchi aqiyda va iymonni to‘g‘ri bo‘lishidadir. Chunki, aqiydasiga putr yetgan, iymoniga buzuqlik oriz bo‘lgan kishining ibodati qabul bo‘lmaydi va qilgan amali to‘g‘ri bo‘lmaydi. Kimniki, aqiydasi to‘g‘ri bo‘lsa, iymoni mustaqiym bo‘lsa, oz amali ham ko‘p bo‘ladi. Ya’ni, Alloh taolo unga aqiydasi va iymoni barakotidan najot beradi. Shuning uchun ham har bir musulmon o‘z iymonini to‘g‘ri tutishi va aqiydasining sahih bo‘lishi uchun tinmay urinishi lozim. To‘g‘ri aqiydali bo‘lish uning g‘oyasi va birdan bir so‘rovi bo‘lishi zarur.
Inson erisha oladigan eng zo‘r madaniyat, bu - ishonch-e’tiqoddir, uni hech kim tortib ololmaydi. (Gyote)
Hozirgi ayrim yoshlarimizning aqidaviy bilimi o‘ta sayoz ekani ma’lum bo‘lib qolmoqda. Imon-e’tiqod, o‘tgan payg‘ambarlar va nozil qilingan ilohiy kitoblar haqidagi oddiy savollarga ko‘pchilik yoshlar javob bera olmayotgani juda achinarli holdir. Aslida bu bir paytlar ajdodlari butun dunyoga ahli sunna aqidasini ta’lim bergan xalqning bugungi kundagi avlodlariga yarashmaydi. Vaholanki, bularni bilishlik va haq deya e’tiqod qilishlik – har bir musulmonman degan kishining zimmasida farzi ayndir. Bu narsa barcha ota-onalarni tashvishga solishi kerak. Zero, farzandlarimizning imon-e’tiqodi borasida Oxiratda – Alloh taoloning huzurida mas’ulmiz!
Shunday ekan, o‘zimiz dinda bilishimiz va e’tiqod qilishimiz zarur bo‘lgan ilmlarni o‘rganib, farzandlarimiz va ahli oilamizga o‘rgatishimiz lozim! Farzandlarimiz qalbida Islom aqidasini mustahkam singdirishimiz darkor! Mana shunda ularga turli xurujlar ta’sir qilolmaydi. Kelajak avlodimiz uchun xatarga aylanayotgan – missionerlik, dahriylik, besunnatlik (hadisni inkor qiluvchilar) kabi toifa tarafdorlarining qarashlari va shubhalari ularni yo‘ldan ozdirolmaydi!
Mir Arab o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi
A.Najmiddinov