Oltinxon To‘ra hazratlarining ilmiy me’rosi
Oltinxon To‘ra hazratlari o‘z vatani Turkistonda egallagan ilmlari bilan o‘z vatanida yashab xalqi va millatiga xizmat qilishga imkon bo‘lmagani sababli Chet mamlakatlarida yurib ilmini boyitdi va Turkiy xalqlarga tarqatdi. Afg‘onistondan Hindistonga, undan so‘ng Saudiya Arab mamalakatiga ko‘chib o‘tganidan so‘ng o‘sha joyda muqim istiqomat qildi. Muhojirlik hayoti Oltinxon To‘ra hazratlarini ilmdan uzib qo‘ymadi. Aksincha, yanada ilmini boyitish va tajribasini oshirishga imkon berdi. Ilmlarini odamlarga, xususan turkiy millat vakillariga taqdim qildi.
Domla Taroziy islomga oid ilmiy va odob-axloqqa doir manbalarni arabcha savodi bo‘lmagan turkiy xalqlarga ulashib, diniy mavzudagi asarlar ularning sevimli kitoblari bo‘lib qolishi uchun harakat qilar edi.
Shu maqsadda musulmon olamida mashhur bo‘lgan va tarbiyaviy ahamiyatga molik ba’zi asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qiladi, ularni Vatanga yuborish yullarini qidiradi. Ayrim asarlari O‘zbekistongacha yetib keladi. Buning natijasida olim bizdagi daxriylik tuzumi oqibatida xalqlarimiz xayotida paydo bo‘lgan ma’naviy bo‘shliqni biroz bo‘lsa-da to‘lg‘azishga hissa qo‘shadi. Kitoblarni arabchadan tarjima qilar ekan, ularni muhim izohlar va zarur sharhlar bilan to‘ldiradi.
«Riyoz us-solihin» kitobi, garchi sharhlar bilan qilingan tarjima bo‘lsa ham Oltinxon To‘ra hazratlarining muhim asari hisoblanadi. U kishining Qur’oni karimning izohlar bilan qilgan tarjimasi esa o‘zbek tiliga qilingan birinchi tarjimadir. To‘ra Sohib Hindistonda ekanidayoq bu mashaqqatli ishni boshlab, o‘n yil mehnat qilgan. Ushbu tarjima avval Hindiston, so‘ngra Pokistonda, 1980 yili Saudiya Arabistonida uchinchi marta nashr qilindi. Olimning «Nur ul-basar» (Payg‘ambarimiz haqida) asari ham muhim tadqiqot bo‘lib, 1964 yili Karochida, 1982 yili Madinai munavvarada nashr etildi va o‘sha yillariyoq xufya tarzda bo‘lsa ham O‘rta Osiyo respublikalarida ham tarqaldi. Bulardan tashqari, Rasululloh hayoti, ba’zi islomiy qoidalar haqidagi asarlari ham mavjud. Hammasi bo‘lib, hozirda olimning 20 ga yaqin asari aniqlangan.
Hozir ayrim asarlarining nomlarini keltiramiz. Olimning ilmiy va tarjima ishlarining nomlari arabcha bo‘lsa ham barchasi o‘zbek tilida yozilgan.
Bizga hozircha uning quyidagi asarlari ma’lum:
1. «Qur’oni karimning tarjimasi va tafsiri.
Olimning hayoti davomida qilgan eng katta ishlaridan biridir.
2. Imom Abu Zakariyo an-Navaviyning «Riyoz us-solihin» («Solih kishilar bo‘stoni»). nomli to‘rt jildli asarining sharhlari, lug‘ati va tarjimasi. 1964 yili Pokistonda va 1982 yili Saudiya Arabistonida nashr qilingan.
3. «Fazoyi ul-vurud va alo sayyid ul-vujud» (Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning namoz o‘qishlari xakida).
4. «Aqoid ul-islom» («Islom dini aqidalari»). Muallifning vafoti arafasida bosmadan chiqqan (1991).
5. Mulla Ali al-Qoriyning «Xizb ul-a’zam» duolar to‘plamini turkiy tilga tarjima qilib, ularni hafta kunlariga bo‘lib chiqqan.
6. Abu Hanifa an-Nu’mon ibn Sobitning «al-Fiqh ul-Akbar» (Shariat qoidalari to‘plami) asarining sharhli tarjimasi. Bu risola Saudiya Arab mamalakatining Jidda shahrida, «Dorul-funun» nashriyotida melodiy 1983 yil, hijriy 1403 yil nashr qilingan.
Bu risola ham turkiy xalqlar uchun qulay va foydali qo‘llanma bo‘lib, xalqimiz qo‘lida qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilmoqda
7. Imom at-Tahoviyning «Aqidai Tahoviy» («Tahoviy aqidalari») asariga manzuma va sharh. Bu asar Pokiston, Hindiston va Saudiya Arabistonida nashr qilinib, keng tarqalgan.
8. .«Devoni qasoidi Mahmudiya» (Ilm va odob haqida o‘zlari yozgan qasida va nazmlar to‘plami). Turli shaharlarda qilingan va’zlar va ayrim safar taasurotlari ham ushbu to‘plamga kiritilgan.
9. Abu Iso at-Termiziyning «Shamoili Muhammadiya» asarining sharhlangan tarjimasi. Tarjimon so‘z boshida yozishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sifatlari haqida rivoyat qilingan sahobalarning nomlari aniqlangan.
10. «Kitob al-haj» — Muborak haj safari qoidalari haqida. Asar 1993 yili Toshkentda ham nashr qilingan.
11. «Yosin» surasining tarjimasi va sharhi (qo‘lyozma).
12. «A’mma» surasi tarjimasi, Karochi, 1951.
13. «Musaddasoti Mahmudiya», Karochi, 1953.
14. «Nuru ul-basar» kitobi.
Bu Payg‘ambar (sallallohu alayhi va sallam)ning hayotlariga bag‘ishlangan kitob bo‘lib 1383 hijriy sanada ta’lif qilingan. Bu kitobni ham arab alifbosiga asoslangan eski turkiy yozuvda yozgan. Muallif bu kitobda Payg‘ambar (sallallohu alayhi va sallam)ning tug‘ilgan davrlaridan to vafot etgungacha bo‘lgan hayoti muboraklarini qisqaroq shaklda yozgan.
Oltinxon To‘ra faqatgina diniy olim bo‘libgina qolmay, balki mohir shoir va adib bo‘lganini unga tegishli she’riy to‘plamlardan ham bilsak bo‘ladi. Shoir o‘z she’rlarida o‘zi tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lgan ona vatani haqida so‘z yuritadi. Vatanidan olisda yashaganligi uchun she’rlarida vatanga bo‘lgan sevgi va sog‘inch tuyg‘ulari bayon etiladi. Undan tashqari shoir o‘z vatani Turkistonning taqdiri haqida ko‘p qayg‘uradi. Uning ozodligini juda qattiq xohlagan va Alloh taolodan bu o‘lkani dushmanlar qo‘lidan ozod bo‘lishini ko‘p so‘ragan. Oltinxon To‘raning she’rlaridan joy olgan bu mavzular uning bir umr vatan ishqi va uning ozodligi istagida yashab o‘tganini bildiradi.
Mir Arab islom bilim yurti o‘qituvchisi
Tojiddinov Abdusamad Abdulbosid o‘g‘li