06.04.2021

Yoshlarning tarbiyasida ma'naviyatning o'rni

 

Yoshlarda maʼnaviyatni shakllantiradigan muhim omil bu taʼlim-tarbiya tizimidir. Ilmu-maʼrifatga, taʼlim-tarbiyaga inson kamoloti, millat ravnaqining asosiy sharti deb qarash lozim. Shu sababli maktab, yoshlarning taʼlim-tarbiya masalasi davlat nazoratida ekanligi Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan.

Yoshlar tarbiyasiga mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq eʼtiborni qaratib, jismonan sogʻlom va maʼnan yetuk barkamol avlodni tarbiyalash ustuvor vazifa etib belgilandi va u davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ona va bola, Yoshlar, Barkamol avlod, Oila, Obod turmush yili nomlari bilan atalgan Davlat dasturlari va ularning amalga oshirilishi, xalqimizning yorqin kelajagi toʻgʻrisidagi ezgu niyatlari ifodasidir. Dasturlar avvalo jismonan va maʼnan sogʻlom, mustaqil fikrlaydigan, ilmiy-zamonaviy dunyoqarashga, chuqur bilimga, vatanparvarlik, millatparvarlik hissiga egalik qiladigan barkamol avlodni shakllantirish vazifalarini belgiladi.

Maʼlumki, hozirgi davrda globallashuv jarayoni hayotimizga tez va chuqur kirib kelmoqda. Globallashuv-bu avvalo xayot surʼatlarining beqiyos darajada tezlashuvi jarayonida, davlatlar oʻrtasida turli xil integratsiya va hamkorlikning kuchayishi, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda ilm-fan yutuqlarining tezda tarqalishi, xalqlar oʻrtasidagi muloqotning yangicha sifat kasb etishi, oʻzaro yohamkorlik imkoniyatlarining yuzaga kelishi- bu globallashuvning ijobiy ahamiyati, ammo globallashuv jarayonining bugungi yana bir jihati shuki, u yoshlarga mafkuraviy taʼsir oʻtkazishning quroliga, har xil siyosiy, gʻoyaviy kuchlarning kurash sahnasiga ham aylanib bormoqda.

Shu sabab yoshlar tarbiyasi davlatimizning doimo diqqat markazida boʻlib, bu jarayon Mustaqillik yillarida uzluksiz davom etmoqda. Umuman mamlakatimizda qabul qilingan yoshlarga oid qonunlarning barchasida yoshlarimizning puxta bilim olishi bilan bir qatorda xalqaro maydondagi faolligi va ishtirokini taʼminlash, voyaga yetmagan, boquvchisini yoʻqotgan, koʻp bolali oilalarni ijtimoiy-iqtisodiy tomondan himoyalash, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar doimiy nazorat ostida boʻlmoqda.

Mamlakatimizda ota-ona mehridan, ularning tarbiyasidan mahrum boʻlgan va imkoniyati cheklangan bolalarga alohida eʼtibor, mehr, gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelinayotganligi eʼtiborga molik. Mehribonlik uylari, maktab internatlarining va maktabgacha tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash, oʻquv-tarbiyaviy jarayonini tubdan takomillashish masalalari belgilangan. Yangi jamiyat bunyodkorlari yoshlar tarbiyasida mahallaning va keng jamoatchilikning oʻrni buyuk.

Yosh yigit va qizlarimiz mustaqil hayotga kirib borishi, yosh oilalarning oʻz oʻrinlarini topa olishida, kishilar oʻrtasida mehr-oqibatning, birodarlikning tarkib topishida mahalla oqsoqollari va nuroniy otaxonlar, onaxonlarning tutgan oʻrinlari muhimligini taʼkidlash lozim. Yoshlar maʼnaviy tarbiyasida ota-ona masʼuliyati alohida oʻrin tutadi. Insonning eng sof va pokiza tuygʻulari, ilk bor hayot toʻgʻrisidagi tushunchalar, dunyoqarashlar, yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or-nomus, andisha kabi inson uchun zarur boʻlgan muqaddas tushunchalar dastlab oilada qaror topa boshlaydi va soʻngra jamoaga koʻchadi.

Yoshlarning maʼnaviy ehtiyojlarini toʻlaroq qondirish uchun taʼlim-tarbiyaga xizmat qiladigan muhim vositalarni yangi sifat bosqichiga koʻtarish zarur boʻladi. Shu bilan birga bu sohalardagi mavjud katta-kichik kamchiliklar va nuqsonlarga tezlikda barham berish va bunday salbiy holatlardan qutilish lozim boʻladi.

Mamlakatimizda yoshlar maʼnaviy tarbiyasida falsafiy, ijtimoiy, siyosiy va gumanitar fanlar ahamiyati beqiyos, shu sabab bu fanlar vakillari oʻzlarining oʻta masʼuliyatli vazifalarini bugungi kun talabi darajasida bajarishlari lozim boʻladi. Bu sohadagi darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, adabiyotlarning hamda mutaxassislarning ham saviyasi yuqori boʻlishi talab etiladi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, xalqimiz, eng avvalo yoshlarimiz maʼnaviy olamini kuchaytirish va daxlsizligini asrash uchun doimo sergak, ogoh va hushyor boʻlishimiz, tahdidlarga qarshi chuqur oʻylangan, ilmiy uslubga asoslangan va uzluksiz davom etadigan maʼnaviy tarbiyani olib borish lozim boʻladi.

Mir Arab oʻrta maxsus

islom bilim yurti mudarrisi

Maqsudjon Akramov