QURʼON VA HADISDAN HUKM OLISHGA KIMLAR HAQLI?
Oxirgi paytlarda din nomidan fatvo beradiganlar soni kundan kunga koʻpayib borayotgani nihoyatda achinarli hol. Bir tarafda diniy maʼlumotga ega boʻlmagan kishilarning dinga aralashishi, din haqida oʻz fikrlarini tap tortmay aytaverishi boʻlsa, yana bir tarafda dinni chala-chulpa oʻrganib olgan shaxslarning dinni notoʻgʻri talqin qilib olishganlaridir. Bir haqiqatni aytishimiz mumkinki, bular qosh qoʻyaman deb koʻz chiqargan kishilar kabi savob olaman deb, bilib-bilmay oyat va hadislardan oʻzlaricha hukm chiqarib, notoʻgʻri fatvolar berib, oʻzlari ham adashmoqdalar, oʻzgalarni ham adashtirmoqdalar.
Qurʼon karim va hadisi shariflardan hukm olish yoki fatvo berish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bu masʼuliyatli ishni ijtihod (oyat va hadislardan hukm chiqarish) darajasiga yetgan mujtahid zotlargina amalga oshirishlari mumkin.
Manbalarda aytib oʻtilganidek, “Ijtihod qilishning sharti – Qurʼoni karimni lugʻaviy va sharʼiy maʼnolarini puxta bilish, hadis va uning yetib kelish yoʻllarini hamda qiyosning turlarini chuqur anglab yetishdir”.
Arab tilini oʻzlashtirgan, Qurʼoni karimni oʻqishni bilgan, tarjimalarini oʻqib oʻrgangan, hadisi sharifning nima ekanini anglagan bilan ish bitmaydi.
Negaki, oyat va hadislarning zohiriy maʼnosi boʻlgani kabi botiniy maʼnolari ham bor. Ayrim kalimalar hamma joyda ham bir xil kelavermaydi. Bir oʻrinda qaysidir maʼnoni anglatsa, yana bir oʻrinda mutlaqo boshqa maʼnoni keltirib chiqaradi. Gohida bir-biriga zid maʼnolarni anglatishi ham mumkin. Buni faqat chuqur ilm ahligina tushunadi.
Buning uchun Qurʼonning maʼnolarini qisqacha tushunish emas, balki, Qurʼoni karimga doir barcha ilmlarni chuqur bilish va bu sohada mohir boʻlish kerak. Yaʼni, nosix (oʻzidan oldingi oyatning hukmini bekor qiluvchi) va mansux (hukmi toʻxtatilgan) oyatlar haqidagi ilm, mutlaq (umumiy maʼnoda kelgan) va muqayyad (maxsus bir maʼnoda kelgan) oyatlar haqidagi ilm, sababi nuzul – oyatlarning tushish sabablariga doir ilm, arab tili, usulul fiqh, balogʻat va fasohat fanlarida mohir boʻlishi va bunga doir zaruriy ilmlarni oʻzida hosil qilgan boʻlishi kerak.
Shuningdek, hadis ilmida “sahih”, “hasan” va “zaif”, “mavzuʼ” hadislarni tushunish, hadis roviylarining tarixini bilish, nosix (oʻzidan oldingi hadisning hukmini bekor qiluvchi) va mansux (hukmi toʻxtatilgan ) hadislarni anglay olish va bunga doir zaruriy ilmlarni oʻzida hosil qilgan boʻlishi zarur.
Qurʼon va hadisdan hukm olishga haqli kishi bundan boshqa yana koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishi darkor.
Ilmsiz fatvo berish shariatimiz koʻrsatmalariga koʻra, harom hisoblanadi. Chunki ilmsiz fatvo berish Alloh va Uning Rasuli nomidan yolgʻon gapirishdir. Ilmsiz fatvo berish boshqalarni adashtirishdir. Insonlarni adashtirish, zalolatga boshlash esa katta gunohdir. Gunoh amalni bila turib beparvo boʻlish, undan saqlanmaslik esa ayni qabohat. Biror narsaning asl mohiyatini toʻliq anglamay, dindan yetarlicha xabardor boʻlmay, vaziyatni toʻliq baholamay, diniy savollarga javob berishga jurʼat qilish, fatvo berish, hukm chiqarish juda katta xatar sanaladi.
عن عبد الله بن أبي جعفر رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللّهِ صلى الله عليه وسلم أَجْرَؤُكُمْ عَلَى الْفُتْيَا أَجْرَؤُكُمْ عَلَى النَّارِ. رواه الامام الدارمي
Abdulloh ibn Abu Jaʼfar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Fatvoga jurʼatli boʻlganlaringiz doʻzaxga jurʼatli boʻlganingizdir”, dedilar» (Imom Dorimiy rivoyati).
Shunday ekan, Qurʼon va hadisdan hukm olishda, fatvo berishda oʻta diqqatli boʻlmoq kerak. Uni biladiganlarga havola qilinsa, masalaning yechimi xamirdan qil sugʻurgandek barham topadi. Aks holda turli ziddiyat, ixtilof, kelishmovchilik sodir boʻlib, insonlar jaholat va zalolat girdobiga tobora botib boraveradilar.
Erkin QUDRATULLOH