19.10.2024

Uch kishining hikoyasi

عَنْ أَبِي وَاقِدٍ اللَّيْثِيِّ  أَنَّ رَسُولَ اللهِ  بَيْنَمَا هُوَ جَالِسٌ فِي الْمَسْجِدِ وَالنَّاسُ مَعَهُ إِذْ أَقْبَلَ ثَلاَثَةُ نَفَرٍ فَأَقْبَلَ اثْنَانِ إِلَى رَسُولِ اللهِ وَذَهَبَ وَاحِدٌ قَالَ فَوَقَفَا عَلَى رَسُولِ اللهِ  فَأَمَّا أَحَدُهُمَا فَرَأَى فُرْجَةً فِي الْحَلْقَةِ فَجَلَسَ فِيهَا وَأَمَّا اْلآخَرُ فَجَلَسَ خَلْفَهُمْ وَأَمَّا الثَّالِثُ فَأَدْبَرَ ذَاهِبًا فَلَمَّا فَرَغَ رَسُولُاللهِ  قَالَ: أَلاَ أُخْبِرُكُمْ عَنِ النَّفَرِ الثَّلاَثَةِ أَمَّا أَحَدُهُمْ فَأَوَى إِلَى اللهِ فَآوَاهُ اللهُ وَأَمَّا اْلآخَرُ فَاسْتَحْيَا فَاسْتَحْيَا اللهُ مِنْهُ وَأَمَّا اْلآخَرُ فَأَعْرَضَ فَأَعْرَضَ اللهُ عَنْهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ أَبَا دَاوُدَ.
 

Abu Voqid al-Laysiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda odamlar bilan oʻltirgan edilar. Birdan uch kishi kirib keldi. Ulardan ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Bittasi qaytdi. Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib toʻxtadilar. Ulardan biri halqadan boʻsh joy topib, oʻsha yerga oʻtirdi. Ikkinchisi orqaga oʻtirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forigʻ boʻlganlaridan keyin:
“Sizlarga haligi uch nafarning xabarini beraymi? Ulardan biri, Allohdan boshpana soʻradi. Alloh unga boshpana berdi. Boshqasi esa hayo qildi. Bas, Alloh ham undan hayo qildi. Yana boshqa biri yuz oʻgirdi. Alloh ham undan yuz oʻgirdi”, dedilar».
Beshovlaridan faqat Abu Dovudgina rivoyat qilmagan.


Sharh:  Hadisning roviysi musulmonlar hayotida boʻlib oʻtgan bir hodisani oʻzi qandoq koʻrib, eshitgan boʻlsa, shunday qilib naql qilmoqda:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda odamlar bilan oʻltirgan edilar”. 
Bu yerda ilmiy suhbat qurib, degan qoʻshimchani zikr qilishning hojati yoʻq. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda odamlar bilan oʻltirgan boʻlsalar, albatta, ilmiy suhbat boʻlishi turgan gap. 
“Birdan uch kishi kirib keldi”. 
Yaʼni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan ilmiy suhbat qurib oʻltirgan masjidga uch kishi kirib keldi.
“Ulardan ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Bittasi qaytdi”. 
Oʻsha uch kishidan ikkitasining ilmga ragʻbati bor ekan, ilmiy suhbatdan foydalanmoqchi boʻlib, ilm manbasi boʻlmish zot Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Uchinchi kishining ilmga ragʻbati yoʻq ekan, ilmiy suhbat boʻlayotganini koʻrib, ortga qaytdi.
“Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib toʻxtadilar. Ulardan biri halqadan boʻsh joy topib, oʻsha yerga oʻtirdi. Ikkinchisi orqaga oʻtirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi”. 
Yaʼni, haligi uch kishidan ilmga qiziqqan ikkitasi borib, Rasulullohning tepalariga toʻxtadi. Ilmiy suhbatga quloq osishga joy axtardi. 
Ulardan biri ilmiy suhbat uchun halqa qurib oʻtirgan sahobalar orasidan boʻsh joyni topib oʻtirdi.
Ikkinchisi unchalik ilmga oʻch emas ekan, halqadagilarning orqasiga kelib joylashdi. 
Uchinchi ilmga umuman qiziqmaydigan odam esa, burilib masjiddan chiqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ilmiy suhbatni davom ettiraverdilar. 
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forigʻ boʻlganlaridan keyin”. 
Yaʼni, ilmiy suhbatni tugatganlaridan soʻng:
“Sizlarga haligi uch nafarning xabarini beraymi?” dedilar. 
Yaʼni, ilmiy suhbat boʻlib turganda masjidga kirib, oʻzlarini uch xil tutgan kishilarning xabarini beraymi, dedilar. Va ular haqida xabar berishni boshladilar.
“Ulardan biri Allohdan boshpana soʻradi. Alloh unga boshpana berdi”. 
Bu halqadan boʻsh joy topib oʻtirgan odam. Odatda zulmga, tazyiqqa uchragan, xavf-xatarda qolgan odam boshpana soʻraydi. Ushbu hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ilm halqasiga kelib oʻtirgan odamni Allohdan boshpana soʻradi, deb aytishlari ulkan maʼno kasb etmoqda. Ilm halqasiga oʻltirgan odam jaholat, ongsizlik zulmidan, tazyiqidan va ulardan keladigan xavf-xatardan Allohning panohiga qochganini anglatmoqda. Bunday balo-ofatdan qutulib qolishning birdan-bir yoʻli ilm yoʻli ekani, ilm orqaligina Alloh taoloning boshpanasiga sazovor boʻlish mumkinligi maʼlum boʻlmoqda. Ilm talab qilishga bunchalik targʻib hech qayerda yoʻq.
“Boshqasi esa hayo qildi. Bas, Alloh ham undan hayo qildi”.
Bu halqaning orqasiga borib oʻtirgan odam. U oʻzini odamlar orasiga urishdan hayo qildi. Shuning uchun Alloh taolo ham uni savobsiz qoldirishdan hayo qildi. Unga oʻziga yarasha muomala qildi. 
“Yana boshqa biri yuz oʻgirdi. Alloh ham undan yuz oʻgirdi”. 
Bu ilmiy majlisdan yuz oʻgirib chiqib ketgan odam. Hadisda uning ilmdan yuz oʻgirishi Allohdan yuz oʻgirishga tenglashtirilmoqda. Shuning uchun ham undan Alloh yuz oʻgirgani bayon qilinmoqda.

Hadis va hayot kitobidan