19.10.2024

Dinda faqih qilib qoʻyadi

عَنْ مُعَاوِيَةَ  عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: مَنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ وَإِنَّمَا أَنَا قَاسِمٌ وَاللهُ يُعْطِي وَلَنْ تَزَالَ هَذِهِ الأُمَّةُ قَائِمَةً عَلَى أَمْرِ اللهِ لاَ يَضُرُّهُمْ مَنْ خَالَفَهُمْ حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللهِ. رَوَاهُ اْلأَرْبَعَةُ.

Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: 
“Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim boʻladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi”, dedilar».
Toʻrtovlari rivoyat qilishgan.
Sharh: 
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: 
“Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi”, demoqdalar. 
Demak, din taʼlimotlarini yaxshi tushunadigan boʻlish banda uchun katta baxt-saodatdir. Unga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilganining alomatidir. Demak, diniy ilmni bandaga Alloh taoloning Oʻzi beradi. Shuning uchun ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam gaplarining davomida: 
“Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi”, demoqdalar. Yaʼni, men Alloh bergan ilmni yetkazaman, xolos, haqiqiy beruvchi Allohning Oʻzi, deganlari tushuniladi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi sharifning davomida siz bilan biz ummatlariga ulkan bashorat qilmoqdalar. U zot sollallohu alayhi vasallam musulmon ummatining kelajagi haqida soʻz yuritib: 
“Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim boʻladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi”, dedilar.
Bu darhaqiqat ulkan bashoratdir. Musulmon ummati qiyomat qoim boʻlguncha Allohning amrini tutib turishi haqidagi taʼkidli xabardir. Ehtimol hamma musulmonlar Allohning amrini birdek tutmaslar. Baʼzilari va baʼzan koʻplari Allohning amrini tutmaslar. Ammo Islom ummati ichida Allohning amrini doimo tutuvchilar qiyomatgacha boʻlishi aniq. Shu bilan birga, Islom ummatiga xilof qiluvchilar boʻlishi ham aniq. Eng muhimi, xilof qiluvchilar Islom ummatiga zarar yetkaza olmaydilar.

Hadis va Hayot kitobidan